“Jahon adabiyoti” jurnali tanlovi: Pandemiyani ilm va intizom bilan yengamiz

2020-04-07T17:47:14+05:007 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Koronavirus xuruji bois insoniyat Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng og‘ir kulfatga duchor bo‘lib turibdi. Ko‘rilgan va ko‘rilayotgan qat’iy choralarga qaramay, dunyoning yetakchi mamlakatlarida kasallikka chalinayotganlarning soni oshib bormoqda.

Olimlar, mutaxassislar, ayniqsa, shifokorlar odamlar hayotini saqlab qolish uchun ko‘rinmas yov bilan tengsiz jangga kirishgan. Bu kurashda g‘olib chiqishimiz har birimizning yuzaga kelgan bugungi murakkab vaziyatni to‘g‘ri his etib, davlatimiz rahbarining murojaatlarida aytilgan talablarga so‘zsiz rioya qilishimiz, belgilangan vaqtinchalik qoidalarni buzmasligimiz, o‘zimizni, oila a’zolarimizni, nuroniy otaxon-onaxonlarni, aziz farzandlarimizni virus xurujidan saqlab qolishimiz zarur. Buning uchun, shubhasiz, uyda qolishimiz, maqsadsiz ko‘chaga chiqmasligimiz, ayni chog‘da, uyda o‘tadigan vaqtimizni behuda o‘tkazmasligimiz kerak.

Uyda qolish ertadan kechgacha yostiqqa yonboshlab yotish, degani emas. Oila a’zolari bilan muloqot qilish, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish, nabiralarga ertak kitoblar o‘qib berish, jahon va o‘zbek adabiyotining sara asarlarini mutolaa qilish, ijodkorlik bilan shug‘ullanish, yangi asarlar yaratish, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlarni kuzatib borish ham ijtimoiy faollikka kiradi.

Shu munosabat bilan “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyati uyda qolayotgan kitobxonlar – oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari, yosh pedagog va murabbiylar o‘rtasida “Pandemiyani ilm va intizom bilan yengamiz” shiori ostida maxsus tanlov e’lon qiladi.

Tanlovda qatnashmoqchi bo‘lganlar quyidagi yettita savolga aniq misollar bilan fikr-mulohazali javob yozib, jurnal tahririyatiga yuborishi zarur:

1. Jurnalimizda 2018-2019 yillari e’lon qilingan qaysi asarlarni o‘qidingiz va ulardan qanday taassurot oldingiz?

2. Jurnal bilan ijodiy hamkorlik qilish istagingiz bormi?

3. Jurnalga 2020 yil uchun obuna bo‘lganmisiz? Obuna qayerda rasmiylashtirilgan?

4. Shaxsiy kutubxonangizda qanday asarlar bor? Ulardan do‘stlaringiz ham foydalanadimi?

5. Shu kunlarda qaysi kitobni mutolaa qildingiz yoki o‘qimoqdasiz?

6. Kitob o‘qish uchun qaysi kutubxonaga a’zo bo‘lgansiz?

7. “Jahon adabiyoti” jurnalida mashhur adiblarning qaysi asarlari tarjimasini o‘qishni xohlaysiz?

Javoblar 2020 yilning 1 iyunigacha qabul qilinadi.

Eng yaxshi javob mualliflari moddiy rag‘batlantiriladi:

1 ta birinchi o‘rin – 1 000 000 so‘m.

2 ta ikkinchi o‘rin – 500 000 so‘mdan.

3 ta uchinchi o‘rin – 300 000 so‘mdan.

5 ta rag‘batlantiruvchi mukofot – “Jahon adabiyoti” jurnaliga yillik obuna.

Javoblar jurnalning quyidagi elektron manzilida qabul qilinadi: E-mail:jahonadabiyoti@list.ru

“Jahon adabiyoti” jurnali tahririyati.

O‘zA