El boshiga ish tushganda

2020-04-06T09:40:21+05:006 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

AYBSIZLIK PREZUMPSIYaSI MUHIMMI YoKI XAVFSIZLIK?!

Shu kunlarda internetga kirsangiz, faqat vahimali xabarlarni o‘qiysiz. Falon davlatda kasallanganlar soni bunchaga yetibdi, falon mamlakatda buncha odam vafot etibdi… Rosti, bunday axborotlardan yurak bezillab qolgan kunlarda O‘zAning yaxshi bir tashabbus bilan chiqqanidan xursand bo‘ldim. Chunki, mana, bir haftadirki, uza.uz saytida “El boshiga ish tushganda” degan rukn ochilib, odamlarni mulohazaga chorlaydigan, ezgulikka boshlaydigan materiallar berib borilyapti. Men ham ana shu yangi rukn bois ayrim mulohazalarimni keskinroq bo‘lsa-da qog‘ozga tushirdim.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi aniqlangan birinchi bemor ro‘yxatga olingan kun – 15 martdan buyon hammamizning ko‘nglimizda bir xavotir. Ilohim, yurtga tarqalib ketmasin! Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, ayrim yurtdoshlarimizning bilib-bilmay qilgan xatti-harakatlari, e’tiborsizligu loqaydligi sabab koronavirus degan balo yurtimizga ham kirib keldi. Hukumatning karantin e’lon qilishi, sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarining jonfidoliklariga qaramasdan tarqaldi…

Ikki haftadan oshayaptiki, hammamizning nigohimiz teleekranlarga, diqqatimiz, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga qaratilgan. Hukumat kundan-kunga karantin choralarini qat’iylashtirmoqda. Shifokorlar televizorda, ijtimoiy tarmoqlarda tinimsiz koronavirus tarqalishining oldini olish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishmoqda.

Prezidentimiz aynan yurtimizda koronavirus tarqalishining oldini olish borasida uch marta yig‘ilish o‘tkazdi. Uch marta xalqqa, ya’ni sizu bizga murojaat qildi. Bu murojaatlarda ham asosiy e’tibor kasallikning xalq orasida keng tarqalib ketmasligini qaratildi. Davlat rahbari aholini uyda o‘tirishga, imkon darajasida ko‘chaga chiqmaslikka, qo‘l berib ko‘rishmaslikka chaqirdi.

Xo‘sh, natija qanday bo‘layapti? Biz hukumat talabiga, shifokorlar tavsiyasiga to‘liq amal qilayapmizmi?

Afsuski, bu savollarga baralla “Ha”, deb javob bera olmaymiz.

To‘g‘ri, kasallik aniqlangan yurtdoshlarimizdan 30 nafari to‘liq sog‘aydi. Minglab yurtdoshlarimiz karantin zonalaridan uylariga qaytmoqda. Bu nafaqat fidoyi shifokorlarimiz, balki hammamizning yutug‘imiz, ta’bir joiz bo‘lsa aytish mumkinki, ilk g‘alabamizdir. Lekin hali bu yutuq, bu g‘alaba bilan maqtanishga erta.

Chunki yurtimizga bostirib kirgan ko‘rinmas yov hali ortga chekinayotgani yo‘q. Bir kun besh, ikkinchi kun o‘n, uchinchi kun o‘n olti, to‘rtinchi kuni yigirma nafardan oshiq yurtdoshlarimizda koronavirus balosi aniqlanmoqda.

Nega? Nima uchun?

Chunki karantin talablariga bo‘ysunmayapmiz. Shifokorlar tavsiyasiga rioya qilmayapmiz.

Namangandagi hoji to‘y…

Andijondagi kursdoshlar uchrashuvi…

Toshkentdagi kuyov navkar…

Va nihoyat kuni kecha Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida harbiydan qaytganini 24 nafar sinfdoshi bilan “nishonlagan” askar…

Ular kimlar o‘zi? Elning, yurtning dushmanlarimi? Yoki bosar-tusarini bilmay qolgan boyvachcha – “yangi o‘zbek”larmi? Ularga qonunning, karantin talablarining, shifokorlar ogohlantirishining sariq chaqachalik ahamiyati yo‘qmi? Agar bor bo‘lsa, nega bilganlaridan qolishmayapti? Nega o‘zlarining, oila a’zolarining, qo‘ni-qo‘shni, mahalla, oxir-oqibat butun bir xalqning ertasini o‘ylashmayapti?

Nima, biz shu darajada omi xalqmizmi? Shu darajada savodsizmi? Yoki shu darajada bo‘ynimiz yo‘g‘onlashib, manmansirab ketganmizmi? Agar shunday bo‘lmasa, nega ko‘ra-bila turib o‘zimizni olovga otayapmiz?..

Mamlakatimizda ilk koronavirus aniqlangan bemordan kasallik yuqtirganlar soni bir necha o‘n nafarni tashkil etayapti… Noqonuniy yo‘llar bilan Turkiya orqali Umra safariga borgan ayol tufayli bugun uning qavmu qarindoshlari, tanish-bilishlari, hammahallalari aziyat chekishayapti…

Onasini so‘nggi yo‘lga kuzata olmagan farzandlarning ahvolini tasavvur qilayapsizmi?..

Agar tasavvur qilayotgan bo‘lsangiz nega to‘xtamayapsiz?! Axir o‘sha farzandlarning o‘rnida siz ham bo‘lishingiz mumkinku?..

Hamon bozorlar gavjum, hamon do‘konlar to‘lib-toshgan!

Nega? Nima uchun?

Axir hukumat karantin e’lon qilingan birinchi kundan boshlab takror-takror aytayapti: O‘zbekistonda oziq-ovqat taqchilligi bo‘lmaydi! Zaxiralarimiz yetarli! Narx-navo oshib ketmaydi. Hammasi nazoratga olingan.

Lekin shunga qaramasdan o‘zingizni bozorga urasiz. Kerak-nokerak oziq-ovqat zaxiralarini uyingizga tashmalaysiz. Qo‘ni-qo‘shni, oshna-og‘ayni bilan fisq-fujur o‘chog‘iga olov qalaysiz: “Kecha sakkiz qop un olib keldim. O‘n qop kartoshka, besh qop piyoz xarid qildim…”

Teleeshittirishlardan birida aytilganidek, xudo ko‘rsatmasin, bozorma-bozor, do‘konma-do‘kon yurib kasallik yuqtirib olsangizchi? Yiqqan-terganingiz, yugurib-yelib, boshqalarning rizqini qiyib to‘plagan zaxirangiz sabil qolib ketmaydimi? Nega bu yog‘ini o‘ylamaysiz?

Qimmatbaho mashina minadigan boyvachcha vatandoshlar! Siz ham koronavirusdan himoyalanmagansiz. Agar sizning bir-ikki million dollarlik boyligingiz bo‘lsa, bugun xorijda milliard-milliard dollar mablag‘i bor, kerak bo‘lsa osmondagi oydan “dacha” uchun joy olib qo‘ygan milliarderlarga sichqonning ini ming tanga bo‘lib qolayapti. Nahotki shularni eshitmayotgan, o‘qimayotgan, ko‘rmayotgan bo‘lsangiz?

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda hokimiyat tomonidan yordam sifatida berilgan oziq-ovqat mahsulotlarini yerga otib, o‘zini kamsitilgan hisoblab, “kun qahramoni”ga aylangan ayol tasvirlangan vediolavha ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirdi. Kimdir ayolni yoqladi, yana birov uning qilmishini qoraladi. Meni esa boshqa narsa o‘ylantirib qo‘ydi. Nega biz davlatga, hokimiyatga bu darajada iyak osib oldik?

O‘quvchi mendan xafa bo‘lmasin. Men shu ayol timsolida keyingi paytda oramizda urchib borayotgan NOShUKURlikning yuzini ko‘rdim. Ayolni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan yurtdoshimizning timsolida soxta obro‘ orttirib, mashhurlikka erishish ilinjida yurgan MANQURT kimsa yuz ko‘rsatdi. Nahotki shu ayolning qarindosh-urug‘i, qo‘ni-qo‘shnisi, mahalladoshlari orasida “Hoy baraka topkur, seni kambag‘alligingda hokimiyatning nima aybi bor? Agar berilgan yordamni nazaring ilmagan ekan, nega olding?” deydigan mard topilmagan bo‘lsa?..

Hokimiyat bergan yordamni yerga otib “mashhur” bo‘lgan hamyurtim, uni gapirtirib, tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib, tilga tushgan singlim, hech o‘ylab ko‘rdingizmi, koronavirus yuqtirib olgan bir nafar bemor uchun qancha-qancha yurtdoshlarimiz karantinga olinayapti? Yuz nafarmi? Ikki yuz yoki uch yuz nafarmi? To‘g‘risi, men ham anig‘ini bilmayman. Bilganim shuki, 14 kunlik karantinga olingan va olinayotgan yurtdoshlarimiz uchun davlatning, davlat byudjetining, ya’ni siz bilan men daromadimizdan to‘lagan (Agar haqiqatda ham soliq to‘lagan bo‘lsangiz!) milliard-milliard so‘mlari sarflanmoqda. Ana shu mablag‘ni siz obro‘sizlantirmoqchi bo‘lgan hokimiyat, yanayam aniqrog‘i, davlat sarflamoqda!

Shu o‘rinda yana bir shaxsiy taklifim ham bor edi-ki, quyida bayon etaman. Balki taklifim kimgadir ma’qul kelar, balki ma’qul kelmas…

Ma’lumki, mamlakatimizda aniqlangan birinchi bemordan kasallik yuqtirganlar soni oshkor etildi. Bu yaxshi. Keyinchalik bemorning ism-sharifini oshkor qilganlarni qonun buzganlikda ayblashdi. Bu ham to‘g‘ri. Lekin bugun mamlakatda rasman favqulodda holat e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, biz favqulodda holatda yashayapmiz. Nazarimda, OITS kabi kasalliklarda shaxsning ism-sharifini sir tutish to‘g‘ri bo‘lar, lekin bugungidek ko‘rinmas dushman bilan kurashayotgan davrimizda bemorning kimligini, qaysi manzilda yashashini, kasb-korini yashirish, zararimizga ishlayotgandek. Agar har kuni ommaviy axborot vositalarida quruq raqamlarda e’lon qilinayotgan bemorlarning kimligi, kasbi kori, yashash manzili ochiq-oshkor aytilsa, kutilgan va kutilmagan vaziyatlarning oldini olgan bo‘larmidik.

Yana qaytarib aytaman, bu mening shaxsiy fikrim.

Ijtimoiy tarmoqlarda har qanday shaxsiy fikrni toshbo‘ron qilib, “mashhur”lik pillapoyasini zabt etishga tayyor turgan “huquqbon”larga ham aytar so‘zim bor: bugun bizga bayroq qilib ko‘tarayotganimiz aybsizlik prezumpsiyasidan ko‘ra xalqimizning xafvsizligini ta’minlash muhimroq. Zero, har qanday qonun xalq uchun yaratiladi va u xalq manfaatiga xizmat qilishi shart va zarur.

O‘zAdagi qadrdon va fidoyi hamkasblarga esa bugungidek el boshiga ish tushgan, og‘ir va tashvishli kunlarda o‘nlab elektron ommaviy vositalari orasida o‘ta vaziminlik bilan, halol va haqqoniy axborot berib borayotganlari uchun alohida rahmat aytaman. Zero, O‘zA sahifalarida yozilayotganidek, bugun hayot faqat koronavirusdan iborat emas, O‘zbekiston atalmish yurtimizda hayot davom etmoqda, dehqon dalasiga baraka urug‘i qadab, chorvador molu qo‘yini yaylovga haydab, quruvchilar ko‘prigu yo‘llar, muhtasham binolar, zaruriy inshoatlarni qurib, ertangi yaxshi va yorug‘ kunlarimizga zamin yaratishyapti.

Islom Hamroyev,

“Adolat” gazetasi bosh muharriri.