Sog‘liqni saqlash vaziri: O‘zbekiston koronavirusga qarshi keskin va samarali kurashayotgan mamlakatlardan biri

2020-04-06T09:34:15+05:006 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat haqida fikrlarini aytdi:

– Prezidentimiz topshirig‘iga asosan bemorlarning barchasiga alohida shifokor-hamshiralar ajratilgan, pnevmoniya alomatlari kuzatilayotgan bemorlar xorijlik malakali mutaxassislar maslahatlari bilan teletibbiyot yordamida davolanmoqda.

JSSTning e’tiroficha, O‘zbekiston koronavirusga qarshi keskin va samarali kurashayotgan mamlakatlardan biri, deya tan olindi.

Mamlakatimizda cheklov choralari ko‘rilmoqda. Uyda bo‘lish tavsiya etilmoqda. Ammo uyda o‘tirib karantin qoidalariga amal qilishning ham o‘z qoidalari bor. Ba’zi fuqarolar hamon karantin qoidalariga amal qilmasdan ko‘chada sayr etib yuribdi. Hatto virusga chalinganlar orasida o‘z kasalini atrofidagilarga tarqatishga uringanlar ham uchramoqda. Biz ikki haftagina sabr qilsak, karantin qoidalariga amal qilsak, o‘zimizni, oila a’zolarimizni kasallik ofatidan saqlagan bo‘lamiz.

Bahor sayr qilish uchun ajoyib fasl. Ayniqsa, bunday salqin ob-havoda odamning uyda o‘tirgisi kelmaydi. Lekin vaziyat shuni taqozo etmoqda. Uyda qoling, o‘zingizni hamda yaqinlaringizni ehtiyot qiling! Kasallik alomatlarini sezsangiz darhol shifokorlarga uchrashing. Biz shundagina sizga zarur bo‘lgan yordamni ko‘rsata olamiz.

Cheklovlarni to‘g‘ri tushunib, qat’iy amal qilayotgan fuqarolarimizga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

O‘zA