“Yosh yuraklar sadosi” turkumidagi navbatdagi kitob chop etiladi

2020-04-04T19:03:43+05:004 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Aziz yosh jurnalistlar, blogerlar, navqiron hamkasblar!

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Yosh yuraklar sadosi” turkumidagi yangi kitobni nashr etishga hozirlik ko‘rmoqda.

Kitobni bugungi kunda dunyo miqyosida o‘ta dolzarb mavzu – koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida mamlakatimizda Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu jarayonda mehr-oqibat, sabr-toqat, birdamlik, hamjihatlik, saxovatpeshalik kabi xalqimizga xos bo‘lgan qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati, global dunyoda hayot mohiyati, umr mazmuni, inson qadr-qimmati, jismoniy va ma’naviy salomatlik qadrini anglash, bugungi kunning qahramonlari – shifokorlar va xalqimiz manfaatlari yo‘lida murakkab karantin sharoitida ham o‘z faoliyatini to‘xtatmayotgan fidoyi insonlar haqidagi maqolalar, ko‘rsatuv va eshittirishlar asosida tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.

To‘plamni 2020 yilning to‘rtinchi choragida chop etish rejalashtirilmoqda. Uning elektron versiyasi ham yaratilib, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi saytiga joylashtiriladi.

Barchangizdan gazeta va jurnallarda, internet sahifalarida, o‘z kanallaringizda chop etilgan eng yaxshi maqolalar, televideniyeda namoyish etilgan eng yaxshi ko‘rsatuvlar, radioda berilgan eng yaxshi eshittirishlaringiz matnlari va yozuvlarini, shuningdek o‘zingiz haqingizdagi rasmiy ma’lumotnoma-ob’ektivkani 2020 yilning 1 sentyabriga qadar O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga (97-711-16-33 telegram manziliga) elektron shaklda taqdim etishingizni so‘raymiz.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi