Kuchlimiz, deganga kuch kelar…

2020-04-04T19:00:08+05:004 April, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Vaziyat taqazosi bilan bugun uydamiz. Kimdir gulini parvarish qilyapti, kimdir daraxtini. Kimimiz o‘t-o‘choq yonidamiz, boshqamiz kichkintoylar orasida… Bir qaraganda shifokorlar, ichki ishlar, mudofa xodimlari, yana bugunni taqazo bilan ishda o‘tkazayotganlardan tashqari barcha uyda, o‘z-o‘zicha yashayotgandek… Aslida unday emas. Aslida bugun oila bilan jamiyat har qachongidan ham ko‘ra yaqinlashgan. Hatto, umrida “Axborot”ga qiziqmaydigan, uni siyosatning bir bo‘lagi deb hisoblaydigan, “biz kichkina odammiz, siyosatning o‘z kishilari bor”, deydiganlarning ham ko‘zi televizor, telefonda.

– Ishqilib, bugun bemorlar ko‘paymabdimi?

– Yana sog‘ayishibdimi? Xudoga shukur-yey, biz balodan xalos bo‘layotganimiz rost bo‘lsin!

– Yangi dori ishlanayotgan ekanmi? Koshki, tojdor virusga zarba beradigan dori bizda topilsa! Ajab emas, Ibn Sino yurti axir!

Har bir narsada bir hikmat bor, deganlaridek, yuqoridagi so‘zlardan ko‘rinib turibdiki, odamlarimiz maishiy hayotdan bir qadam balandga ko‘tarilmoqda. Aksariyat paytlarda kiyim, husn tashvishi bilan yashaydigan ayollar jamiyat havosi bilan nafas olmoqda. Ya’ni odamlarimizda jamiyatga daxldorlik tuyg‘usi kuchaydi. Bu jamiyat taraqqiyotida juda katta rol o‘ynaydigan omildir. Bu tuyg‘u insonning ko‘ksida mavjud xudbinlikni o‘ldiradi. “Biz”ga, “Biz”likka e’tiborni kuchaytiradi. Yana ham aniqroq ifoda etsak “Shu yurt, shu el bizniki, uning dardi, uning tashvishiga barchamiz birdek daxldormiz” degan tuyg‘u, millatni millat, xalqni xalq qiladigan hissiyot ko‘pchilikda uyg‘ondi.

Odamlar endi bu hissiyotni yo‘qotib qo‘ymasligi, buni hammamiz shu sinovli kunlarning tuhfasi sifatida qabul qilishimiz shart, deb o‘ylayman. Ha, bu kunlarning bizga boshqa tavsiyalari ham bo‘lyaptiki, biz har birining qadriga yetmog‘imiz zarur. O‘rni kelganida aytay: Xorazmda bir yaxshi odat bor: mehmon kelsa, dasturxonga o‘tirishidan oldin uy egalari (erkak bo‘lsa o‘g‘il bola, ayol bo‘lsa qiz yoki kelin) obdasta bilan qumg‘on ko‘tarib kirib, qo‘lini yuvdiradi. Men Toshkentga kelgan dastlabki kunlarimda ko‘chadan keliboq (charlar, to‘ylarda) to‘g‘ridan-to‘g‘ri dasturxonga o‘tirishga ko‘nika olmay yurganman. Xuddi yuviqsiz taom yeya boshlagandek o‘zimni noqulay his qilardim. Yaxshiyam, ho‘l salfetkalar chiqib, bu noqulaylikdan xalos bo‘lganman. Nima demoqchiman? Bugun mana shu odat – uyga ko‘chadan kiriboq qo‘l yuvish, taomdan so‘ng, hatto pul ushlagandan so‘ng buni takrorlash odati qaytdi. Xalqimiz ma’naviyati, xalqning shaxsiyati bilan bo‘lgan har qaytish yaxshilikkadir. Biz ish-uy orasida yuguraverib (ayniqsa ayollar) bolalarimiz, hatto, turmush o‘rtog‘imiz ko‘nglidan uzoqlashgan edik. Onalik, ayollik vazifamizni – ularni yeb-ichirish, kiyintirish doirasida his qiladigan bo‘lib qolgan edik. Uyda o‘tirib, arzandlarimiz bilan suhbatlashayapmiz. Ularning dunyolarini kashf qilyapmiz.

Telefonga yopishgani yopishgan, deya shikoyat qiladigan farzandlarimizga telefonni emas, o‘zimizni sevdirish muhimligini anglayapmiz. Bir singlim kecha qo‘ng‘iroq qilib:

– Opa, o‘g‘lim tilshunoslikka qiziqar ekan, shu paytgacha payqamagan ekanman. “Oyi bu nima degani, bu nima degani” deb so‘zlarning ma’nosini so‘rayotgan edi, maxsus daftar tutdik. Shevada bor yoki unutilgan so‘zlar ma’nosini yozib, gap tuza boshladik. Shu qadar qiziq bo‘lyaptiki mashg‘ulotimiz, siz ham o‘z lahjangizdagi so‘zlarni yozib yuboring, – dedi.

Telefonlardagi ma’nisiz so‘zlashuvlar o‘rnini mana shu tarzdagi bilim beruvchi suhbatlar olgani qanday yaxshi!

Bu kunlar bizga faqat ma’naviy, ma’rifiy emas, tibbiy bilimlar ham baxsh etayotgani, shubhasiz. Biz ommaviy axborot vositalaridagi shifokorlar tavsiyalari orqali tibbiy bilimlarimizni ham mustahkamlayapmiz. Eng muhimi, hayotimizda bo‘shliq paydo bo‘lmayapti. Prezidentimizning tojdor virus tarqalishining oldini olish, bu yo‘lda fidoyilik qilayotganlarni rag‘batlantirish, aholining ijtimoiy muhofazasini mustahkamlash borasidagi farmon, qarorlari, murojaatlari yuqorida sanaganimiz – ma’naviy, ma’rifiy, tibbiy bilimlarimizni mustahkamlash, shaxs sifatida yuksalish, millat sifatida jipslashish uchun katta turtki bermoqda, imkoniyat yaratmoqda.

So‘zning ilohiy kuchi bor. Shuning uchun donishmandlarimiz yaxshi niyat qil, yaxshi so‘z ayt, deyishadi. Kelinglar, hammamiz har kuni, har soniya “Biz bu kasallikka yon bermaymiz, undan kuchlimiz” deya takrorlaylik. Va shu barobarida kuchli bo‘lgan davrlarimizni, kuch bergan ulug‘ ajdodlarimizni, kuchli bo‘lishga imkon beruvchi omillarimizni eslaylik. Shunda chindan ham tomirlarimiz, xotiralarimiz va yuragimizdan kuch keladi.

Qutlibeka Rahimboyeva,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,

shoira.