Birgalikda yengamiz

2020-04-03T13:01:42+05:003 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Dunyoning deyarli barcha hududlarini qamragan koronavirus pandemiyasi sharoitida mehr-oqibat, hamjihatlik, fidoyilik kabi qadriyatlar ko‘ngillarda yanada ko‘proq kuch olmoqda. Ayni shu qadriyatlar bizni bu sinov kunlaridan yorug‘ yuz, omonlik bilan o‘tishimizning katta omillaridan biri. Zotan bugun hech birimiz chetda turishimiz, yon atrofimiz, mamlakatimiz, dunyoda yuz berayotgan voqealarga loqayd va beparvo bo‘lishimiz mumkin emas.

Xususan, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan turli davlat va nodavlat tashkilotlari, tadbirkorlar, umuman sahovatli insonlar yurtdoshlarimizga imkon qadar ma’naviy va moddiy yordam berayotganlari, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlayotganlarini alohida e’tirof etish joiz.

Koronavirusga qarshi kurash doirasida tashkil etilgan “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga to‘xtovsiz kelib tushayotgan beminnat mablag‘lar misolida ham xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik, saxovatpeshalik va birdamlik fazilatlarini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ham bu sa’y-harakatlardan chetda emas. Kuni kecha Ijodiy uyushma va uning hududiy bo‘limlari, shuningdek, uyushma muassisligidagi “Hurriyat” gazetasi va O‘zbekiston Milliy matbuot markazi xodimlari o‘zlarining bir kunlik ish haqlarini ushbu fondga o‘tkazdilar.

Ayni paytda uyushma xodimlari ham boshqa qator tuzilmalar kabi masofadan turib ishlash tartibida faoliyat olib bormoqdalar. Jumladan, uyushma veb-saytida milliy jurnalistikaning rivojlanish tarixi haqida antologiya, maqolalar, tarixiy foto va videohujjatlar joylashtiriladigan bo‘lim yaratish ustida ish olib borilmoqda. Bu ishda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika hamda O‘zbekiston jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetlari, shuningdek, yurtimizning yetakchi OAV hamda boshqa aloqador qator tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlar, olimlar, tajribali o‘qituvchilar, ustoz jurnalistlar ishtirok etmoqda.

Shu bilan birga “Yosh yuraklar sadosi” turkumidagi yangi kitobni nashr etishga hozirlik ko‘rilmoqda. Bu kitobni biz bugungi kunlar mavzusi – pandemiyaga qarshi kurash, unda mehr-oqibat, sabr-toqat, birdamlik, hamjihatlik kabi xalqimizga xos bo‘lgan qadriyatlarning namoyon bo‘lishi, ularning ahamiyati, bugungi kunlarning qahramonlari – shifokorlar va xalqimiz manfaatlari yo‘lida og‘ir sharoitlarda o‘z faoliyatini to‘xtatmayotgan fidoyi insonlar haqidagi asarlarga bag‘ishlashni rejalashtiryapmiz. Negaki, hozir, butun dunyoda avj olgan pandemiya kunlarida har birimiz, shuningdek, ijod ahli ham sinovdan o‘tmoqda. Bu sinovda ommaviy axborot vositalarining turli yo‘nalishlarida, gazeta yoki jurnalmi, televideniye yoki radio, yohud chek-chegarasiz internet tarmog‘idami, faoliyat olib borayotgan yoshlarning ham o‘z o‘rni bor.

Bunday paytlar yurak qo‘ridan chiqib, qalamdan to‘kilayotgan satrlarning qimmati ham baland. Ular tarix, bu ulug‘ sinovdan mardonavor o‘tayotgan zamondoshlarimiz hayotining muhim sahifalari.

Shu o‘rinda uyushmaning hududiy bo‘limlari xodimlari ham el boshiga ish tutgan bu kunlarda barcha kabi harakatda ekanliklarini ham ta’kidlash lozim. Jumladan, uyushmaning Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan 20 nafarga yaqin jurnalistlar ishtirokida Navoiy shahri hududida aholiga 500 dona tibbiy niqob hamda 100 dona qo‘lqop tarqatilgani buning misolidir. Boshqa hududiy bo‘limlarda ham bu kabi hayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Zero, hamjihatlik, birdamlikda hikmat ko‘p. Ayni birdamlik, mehr-oqibat bizni yana o‘z turmush tarzimiz, yorug‘ kunlarimizga hayotimizga yordam beradi.

Mavjuda Yo‘ldosheva,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

raisi o‘rinbosari v.b.