O‘zbek telekanallari yangi #birgakurashamiz chellenjini ishga tushirdi

2020-04-01T13:18:26+05:001 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) COVID-19 koronavirusining tarqalishiga qarshi kurashda mamlakatimiz fuqarolarining ruhiy bardamligini ko‘tarish maqsadida keng qamrovli #birgakurashamiz (#vmestepobedim) xeshtegi ostidagi yangi umumxalq chellenjni ishga tushirmoqda.

Chellenj doirasida yurtdoshlarimiz telekanallarning elektron va ijtimoiy tarmoqdagi manzillariga karantin davrida bo‘sh vaqtni qanday o‘tkazayotgani, bolalariga qay yo‘sinda ta’lim-tarbiya berayotgani haqidagi videolavhalarni yuborishlari kerak bo‘ladi. Bu chellenjda barcha ishtirok etishi mumkin.

– Biz butun xalqimizni har qanday vaziyatda hamjihat bo‘lishga, bir-birini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz. Yurtdoshlarimiz ulashayotgan videolavhalar birdamlik muhitini mustahkamlashga yordam beradi, – dedi O‘zEOAVMA boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.

Bundan tashqari, barcha telekanallarda koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarining, huquq-tartibot idoralari vakillarining fidokorona xizmatlari aks ettirilgan lavhalar namoyish qilinadi.

Qayd etish o‘rinliki, mavjud vaziyat talablaridan kelib chiqib, milliy telekanallarimiz o‘z dasturlariga muayyan o‘zgartirishlar kiritishgan.

– UzreportTV telekanali aholini epidemiologik vaziyat va COVID-19 ga qarshi kurashish jarayonlaridan muntazam xabardor qilib turish maqsadida maxsus teleko‘rsatuvlar dasturini joriy qilgan, – dedi mazkur telekanal rahbari Ravshan Jo‘rayev.

– MY5 telekanali karantin davrida maktab va litseylar o‘quvchilari uchun televizion darslar va o‘quv ko‘rsatuvlarini uzatishni yo‘lga qo‘ydi. Ular bolalarga o‘quv jarayonidan uzilib qolmasliklari uchun katta yordam beradi. Shu bilan birga, odamlar uyda, masofadan turib qanday ishlayotganini ko‘rsatuvchi maxsus dasturlar ham tayyorlayapmiz, – dedi telekanal direktori Qobiljon Ahmedov.

ZO’R TV telekanali direktori Muzaffar Mirzahmedovning aytishicha, «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» xayriya fondiga qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish maqsadida roliklar namoyish etilmoqda, shuningdek, taniqli tadbirkorlar, madaniyat va san’at arboblari ishtirokida karantinni qay tartibda o‘tkazish haqida tavsiyalarni o‘z ichiga olgan ko‘rsatuv va roliklar ham berib borilmoqda. Kechki soatlarda Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa idoralar xodimlari ishtirokida «Daxldorlik tuyg‘usi» ko‘rsatuvi namoyish etilayapti.

Sevimli telekanali direktori Jalollidin Safoyevning aytishicha, butun dunyo koronavirusga qarshi qanday kurashayotgani haqida xabarlar tasmasi ishga tushirilgan. Shuningdek, o‘zbek va jahon yulduzlari, taniqli insonlarning aholini karantin davrida uyda o‘tirishga da’vat etuvchi roliklar ham namoyish etilmoqda.

Rustam JABBOROV, O‘zA