Jurnalistikaga oid yangi ijtimoiy roliklar taqdim etildi

2020-04-01T13:10:25+05:001 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan qirolligining O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida yangi ijtimoiy roliklarni taqdim etdi. Koronavirus sababli ularning taqdimotlari virtual tarzda amalga oshirilmoqda. Ushbu roliklarda «So‘z erkinligi – demokratiyaning asosiy prinsiplaridan biri!» va «Jurnalist xavfsizligi – so‘z erkinligi garovi!» ekanligi eslatib o‘tilgan.

Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi rahbari Gulnora Bobojonovaning qayd etishicha, roliklarning birida asosiy e’tibor O‘zbekistonda demokratiya tamoyillarini o‘rnatishga qaratilgan islohotlar davrida jurnalistika ham o‘zgarib borayotgani aks etgan bo‘lsa, ikkinchisida davlat rahbari darajasida jurnalistlar himoyasiga e’tibor qaratilayotgani va bunda turli mansabdorlar ham tanqidga murosali bo‘lishlari kerakligiga ishora qilingan

«So‘z erkinligi –demokratiya asosi» – o‘z fikrini erkin ifoda etishga bag‘ishlangan rolik

O‘zbekistonda jamiyatning barcha jabhalarida islohotlar olib borilmoqda. Oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun esa fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining faol qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘ladi. Shu sababli inson erkinligi, shu jumladan so‘z erkinligini ta’minlash mamlakat rahbariyatining alohida e’tibor qaratayotgan vazifalaridan sanaladi. So‘z erkinligi insonning asosiy huquqlaridan biri va demokratik dunyo aynan uning asosida mavjuddir. Usiz esa demokratiya haqida gapirishning o‘zi befoyda. Aynan so‘z erkinligi jamiyatni taraqqiyotga yetaklar ekan, bu bilan insonning boshqa huquqlariga rioya etilishining kafolati bo‘ladi. OAV orqali o‘z fikrini ifoda etish imkoniyati jamiyatdagi ijobiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirib, uni barqarorligini ham ta’minlab turadi.

«Jurnalist xavfsizligi – so‘z erkinligi garovi!» – mamlakatda demokratik prinsiplar va islohotlar sari undovchi rolik

Jurnalistika, jamoatchilik nazoratining instrumenti sifatida jamiyat asosini yemiruvchi illatlar, jumladan korrupsiyani fosh etishni, inson huquqlari buzilishining har qanday ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurashni o‘z oldiga muhim maqsad deb qo‘yishi lozim. O‘zbekiston jahon hamjamiyatining to‘laqonli a’zosi sifatida xalqaro tashkilotlarning, jumladan YuNESKO, YeXHTning jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash va ularga qarshi qaratilgan jinoyatlarni jazosiz qolishining oldini olishga oid hujjatlarga qo‘shilgan. Jurnalist xavfsizligi kafolati – bu mamlakatda demokratik prinsiplar va islohotlar garovidir. O‘zbekistonda bu qonunan kafolatlangan!

O‘zA