Yurtingga, o‘z uyingga ofat tahdid solganda betaraf turib bo‘lmaydi

2020-04-01T13:07:01+05:001 April, 2020|Hafta maqolasi|

Koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiyotini inqiroz yoqasiga olib kelib qo‘ydi. Bu ofatdan xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, biror-bir mamlakat chetda qolmayapti. Birovlar bu inqirozdan o‘tgan asrning 20-30-yillarida yuz bergan buyuk depressiyaga, boshqalar esa 2008 yilda boshlangan global moliyaviy iqtisodiy inqirozga qiyoslamoqdalar.

Ammo mening nazarimda, koronavirus tufayli kelib chiqqan inqirozni o‘tgan har ikki ulkan inqiroz bilan ham tenglashtirib bo‘lmaydi. Bugungi inqiroz oldingilardan mudhishroqdir. Chunki buyuk depressiyada ham, global moliyaviy inqirozda ham korxonalar bor quvvat bilan bo‘lmasa-da, har holda naridan beri ishlab, mahsulot berib turgan edi. Hozirgi inqirozda barcha mamlakatlarda korxona va muassasalar ommaviy yopilmoqda, mehnat ahli o‘z uylariga qamalib qolmoqda.

 

Qolaversa, bugungi inqirozning miqyosi ham ancha katta. AQSh senati o‘z iqtisodiyotini 2 trln. dollar ekvivalentda qo‘llab-quvvatlash chora tadbirlari to‘g‘risida qonun loyihasini ma’qulladi. “Katta yigirmalik” davlatlari rahbarlari jahon iqdisodiyoti barqarorligini saqlab qolish uchun 5 trln. dollar ajratishga kelishib oldilar. Vaholanki, global moliyaviy iqtisodiy inqiroz oqibatlarini yumshatish uchun davlat g‘aznasidan ajratilgan mablag‘lar hajmi AQShda ham, Xitoyda ham 1 trln. dollarga yetmagan edi.

Koronavirus tufayli yo‘qotilayotgan insonlar umrini baholab bo‘lmaydi, albatta. Ammo eng katta yo‘qotish iqtisodiyot sohasiga to‘g‘ri kelayotgani aniq. Pandemiyadan eng ko‘p aziyat chekayotganlar hozircha Xitoy, AQSh va YeI bo‘lib turibdi. Ularda iqtisodiy o‘sish 1-2 foizga pasayadigan bo‘lsa, bu jahon iqtisodiyotining sezilarli sekinlashuviga olib keladi, chunki ular birgalikda dunyo YaIMning 45 foizga yaqinini beradi. Bu globalizm sharoitida milliy iqtisodiyotlarga ta’sir qilmasdan qolmaydi.

O‘zbekiston hukumati rahbariyati inqiroz zarbalarini yumshatish, ishlab chiqarish quvvatlarini, moliya-kredit tizimi barqarorligini ta’minlash, aholi salomatligini himoya qilish uchun barcha chora-tadbirlarni qo‘llamoqda. Yuridik va jismoniy shaxslar manfaatini ko‘zlab investitsiya hamda soliq ta’tillarini joriy qilmoqda va hokazo. Inqirozga baribir Xudo xohlasa, barham beriladi, bunga ishonchimiz komil. Shu bilan birga, davlat inqirozdan keyingi rivojlanish haqida ham qayg‘urmoqda. Bunday sharoitda hamma yukni davlatning yelkasiga ildirib qo‘yish ham insofdan bo‘lmaydi. Kichik va xususiy biznes, mulkdorlar koronavirus tufayli yuzaga kelayotgan moddiy, moliyaviy zararni qoplash ishida davlatga ko‘makchi bo‘lishi lozim.

 

Bugun haqiqiy vatanparvarlar, el-yurt uchun qayg‘uradiganlar, eng avvalo ziyolilar maydonga chiqadigan kun. Buyuk sinovlar davrida hamisha shunday bo‘lgan. Mening nazarimda, mamlakatimizning ziyolilar qatlami ham bo‘layotgan voqea-hodisalarning kuzatuvchisi bo‘lib turmaydi. Mamlakatimizdagi tibbiyot xodimlari koronavirus ofatiga qarshi mardonavor kurashayotgan bir pallada har kim o‘z imkoniyati darajasida xalqni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlaydi. Men bunga aminman. Bu millatimizga xos odat. O‘zbeklarda hamisha shunday bo‘lgan. Yurtingga, o‘z uyingga ofat tahdid solganda betaraf turib bo‘lmaydi. Xalqimizda “Ko‘pning duosi ko‘l” degan naql bor.

Shu o‘rinda mamlakatimiz banklarida hisob raqamlari ochilishi kerak va biz ziyolilar hamda ona Vatanining buguni va ertasi uchun qayg‘uradigan yurtdoshlarim bu savobli ishdan chetda turmaydilar. Zero Vatanni faqat bayramlarda emas, uning boshiga tashvishli kunlar tushganda ham birdek seva bilish kerak.

Nurislom Tuxliyev, Iqtisod fanlari doktori, professor

O‘zA