Dunyoda eng katta boylik – insonning o‘zi

2020-04-01T13:00:28+05:001 April, 2020|Hafta maqolasi|

Inson borliqning eng oliy mavjudoti sifatida yaratilgan ekan, u katta bir oila – bashariyat bo‘lib zamon va makon oralig‘ida yashab kelayapti. Inson yaralibdiki, u borliqning boshqa ishtirokchilari, ayniqsa, hayvonot va o‘simlik dunyosi bilan yonma-yon yashab kelmoqda.

Borliqning gultoji sifatida Hazrati insonga tabiatning barcha boyliklari – nozu-ne’matlar, suv va havo tortiq qilingan. Zamonlar osha insoniyat tafakkuri ham rivojlandi, uning tabiat va jamiyatga nisbatan qarashlari ham o‘zgarib bordi.

Bashariyat rivojida davlatlar paydo bo‘ldi, turli qarashlarga asoslangan jamiyatlar shakllandi, shunga ko‘ra insonning tabiat resurslariga egalik qilish hissi ham osha bordi. Boylik, tabiiy resurslarga egalik qilish, dunyoni bo‘lib olishga qaratilgan zavq va yangi g‘oyalar paydo bo‘ldi. Katta resurslarga ega bo‘lgan davlatlarda dunyoga hukmronlik qilish, kuchsiz davlatlarni o‘ziga bo‘ysundirish, qolaversa tabiat boyliklariga mutlaq ega bo‘lish kayfiyati oqibatda turli urushlarni keltirib chiqardi. Urushlar tufayli insoniyatning yana tafakkuri o‘zgardi.

Insoniyat bugunga qadar necha marta urush qilgani, unda qancha odam halok bo‘lgani haqida aniq raqamlar mavjud bo‘lmasa-da, lekin uning oqibatlari ham jamiyatga, ham tabiatga katta salbiy ta’sir o‘tkazdi. Urushlar tufayli bir tomondan vayronagarchilik, qashshoqlik, kasalliklar kelib chiqqan, tabiat muvozanati izdan chiqqan bo‘lsa, ikkinchi tomondan insoniyat yangi urushlarni boshlash uchun qurollanish payiga o‘tib oldi.

Insoniyatning tabiat va atrof-muhitga nisbatan beshafqat munosabatda bo‘lishi, qolaversa ona-zamin qiyofasining majburan o‘zgartirilishi qachondir o‘zining aks-sadosini berishi turgan gap edi. Mana o‘sha aks-sadoning bitta ko‘rinmas shakli “koronavirus” epidemiyasi!

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotning 2020 yil 31 mart holatidagi axborotida dunyo bo‘yicha 693,8 ming kishi ushbu virus bilan kasallangani, shundan 160 ming shaxs tuzalgani e’lon qilindi. Jon Xopkins universitetining ma’lumotlariga ko‘ra AQShda 159,9 ming, Italiyada 101,7 ming, Ispaniyada 85,1 ming, Xitoyda 82,1 ming, Germaniyada 63,9 ming, Fransiyada 45,1 ming, Eronda 41495, Buyuk Britaniyada 22141, Shveysariyada 15 922, Belgiyada 11 899, Niderlandiyada 11750 shaxs ushbu virus bilan kasallangan. Bugunga qadar esa dunyoda 36946 shaxs kasallik tufayli olamdan o‘tgan.

Bugun odamzod ko‘rinmas dushman – epidemiya bilan ro‘baru keldi. Biz bu dushmanni ko‘rmaymiz, uning ovozini eshitmaymiz, u bilan yuzma-yuz to‘qnashmaymiz. U qanday kuchki, nega biz uning oldida shoshib qoldik? Chunki, u ko‘rinmas, uning joylashgan manzili noma’lum, ilm-fanda bugungacha o‘rganilmagan. U bizning tafakkurimizdan tashqarida, u bizning Borliq va Tabiatga nisbatan shakllangan qarashlarimiz doirasiga kirmagan.

Balki, uning ham borliqda yashash huquqi bordir. Uning huquqi biz o‘ylab topgan qonunlarda belgilanmagan. U Yaratganning insoniyatga sinovi sifatida yuborilgan yoki tabiatning odam zotiga yuborgan qahridir. Nima bo‘lsa ham odamzod Yaratgan va tabiat oldida ojiz ekanligini bilib qoldi.

To‘g‘ri, insoniyat urushlar bilan birga turli kataklizmlar, tabiat hodisalari, epidemiyalar, kasalliklarga mardonavor turgan, ularga qarshi kurashgan, uning ta’sirini kamaytirgan, oqibatlarini bartaraf etgan. Shu orqali inson nasli davom etib kelmoqda. Lekin, yuksak ilm-fan yutuqlari, texnika va texnologiyalarga ega bo‘lgan mana-man degan katta va boy davlatlar ham bu koronavirus balosi oldida shoshib qoldi. Nima qilish kerak?

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir”, deb qat’iy belgilangan. Bu degani, xalq bor bor ekan, davlat ham bo‘ladi. Shunday ekan, “inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi” (Konstitutsiyaning 13-moddasi), “yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir” (Konstitutsiyaning 24-moddasi). Ana shu qoidalarga ko‘ra davlat o‘zi fuqarolarini himoya qila olsagina, davlat sifatida namoyon bo‘ladi. Hech bir inson bunday balolarni bir o‘zi yoki o‘zi xohlaganday bartaraf eta olmaydi. Davlat hokimiyatining kuchi ham shunda!

Dunyoda koronavirus pandemiyasi yuzaga kelgani e’lon qilingan kundan boshlab, mamlakatimiz rahbari va hukumatimiz qat’iy choralar ko‘rishga kirishdi. Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 19 mart kuni “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Farmonda xalqimizni saqlash va epidemiya ta’sirini kamaytirish bilan bog‘liq qator choralar belgilandi. Mazkur farmon bilan Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tarkibi ham tasdiqlandi. Komissiya bugun tunu-kun ishlamoqda.

2020 yil 23 mart kuni esa Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qarori ham qabul qilindi. Ayni kunlarda barcha kuch va vositalar, mablag‘ va resurslar koronavirus epidemiyasining keng tarqalishini oldini olish, virus bilan kasallanganlarni talofatsiz sog‘aytirish, butun mamlakatning sanitariya-epidemiologiya holatini barqarorlashtirishga yo‘naltirilgan.

Davlatimizning bunday keskin va qat’iy choralar ko‘rishi, avvalo Konstitutsiyamizning 22-moddasida belgilangan “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi”, degan qoidadan kelib chiqadi. Bu “inson – eng katta boylik” ekanini anglatadi. Shunga ko‘ra maxsus komissiya qarori bilan so‘nggi o‘n kun ichida qator charter aviareyslar tashkil etilib, xorijiy mamlakatlarda turli sabablar bilan bo‘lib turgan fuqarolarimiz davlat hisobidan olib kelindi, karantin holatida ularning salomatligi nazoratga olindi.

“Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi” degan tamoyil (Konstitutsiyaning 4-moddasi)ga rioya etib va yuqori insonparvarlik g‘oyalarini namoyon etib, davlatimiz barcha qiyinchiliklarni o‘z zimmasiga oldi. Prezidentimiz farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida 10 trln. so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi.

Birgina misol, farmon bilan tadbirkorlik sub’ektlariga katta moliyaviy-iqtisodiy imtiyozlar berildi, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga jarimalar qo‘llash to‘xtatildi, koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanishi, koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek, 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (uning o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) bo‘lgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlandi, korxona va tashkilotlar xodimlari haq to‘lanadigan vaqtinchalik mehnat ta’tiliga chiqarildi.

Yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirish katta mablag‘lar talab etadi. Inson qadr-qimmati ulug‘langan, inson va uning hayotini bebaho boylik deb e’tirof etgan, davlat organlari va mansabdor shaxslarning fuqarolarga xizmat qilishiga amal qilingan, davlat hokimiyati va boshqaruvi insonparvarlik g‘oyalariga yo‘naltirilgan mamlakat amalga oshirilishi mumkinligini ko‘rib turibmiz.

Bugun mamlakatimizda karantin e’lon qilindi. Karantin kasallik tarqalishi oldini olishning eng qat’iy chorasi, jamiyatning o‘rnatilgan tartib-qoidalarga rioya etgan holda, fuqarolarning harakatlarini mumkin qadar kamaytirish, jamoa bo‘lib turishning oldini olish, davlat va jamiyatning muvozanatda bo‘lishini anglatadi. Karantin qoidalariga rioya etmaslik qanday xunuk oqibatlar keltirib chiqayotganini virus eng ko‘p tarqalgan davlatlar misolida ko‘rib turibmiz.

Karantin-bu chillada o‘tirish degani. Qadimda ham ajdodlarimiz keng tarqalgan yuqumli kasalliklardan himoyalanish uchun chilla saqlagan, uylar darvozalari va devorlariga belgilar qo‘yilgan. Belgilarni ko‘rganlar kasallari bor xonadonlardan uzoq yurishgan, xonadon a’zolari bilan muloqotga kirishmay turgan.

Tashvishli kunlarda bizning davlatimizga ko‘rsatadigan shaxsiy yordamimiz – bu oila a’zolarimiz bilan uyda qolish, kunning ma’lum kunlarida oila a’zolaridan faqat bir kishining oziq-ovqat va ro‘zg‘or uchun boshqa zarur mahsulotlar olish uchun ko‘chaga chiqishini ta’minlash, uyga qaytgandan so‘ng esa sanitariya qoidalari asosida kiyim-kechaklarni iloji boricha tashqi ta’sirdan zararsizlantirish talab etiladi.

Bugun davrning o‘zi bizdan sabr-toqat qilish, bozor qonuniyatlari asosida shakllangan zamonaviy qarashlar va tafakkurimizni isloh qilish, muruvvatli va mehrli bo‘lish, o‘zimiz shakllantirgan davlat hokimiyati va saylab qo‘ygan rahbarlarimiz talablariga bo‘ysunish, jipslashish, bir-birimizga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirish, insoniyatning kelgusi taqdiri haqida qayg‘urish, eng asosiysi, o‘z jonimizni asrashimizni talab etmoqda. Bu dunyoda eng katta boylik insonning o‘zi ekanligini chuqur anglasak, bu tashvishli kunlarni albatta yengib o‘tamiz.

Boboqul TOSHEV,

Yuristlar malakasini oshirish

markazi kafedra mudiri,

yuridik fanlari doktori

O‘zA