Uyda qoling, televizor ko‘ring!

2020-04-01T12:56:25+05:001 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

«Dunyoda chang bo‘lmasa, inson mingga kirardi» degan hikmatli so‘z xalq orasida mashhur. Aslida, bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino “chang” deganda ko‘zga ko‘rinmas virus va bakteriyalarni nazarda tutganini, koronavirus pandemiyasi davrida endi to‘g‘ri anglagandek bo‘lyapmiz.

Dunyo faylasuflari “Olamning asosida nima yotadi?” degan savolga tinmay javob izlab turli xulosalarga kelishgan. Ayrimlar olamning asosida raqamlar yotishini aytadi. Haqiqatan ham, har qanday jismning og‘irligi, hajmi va hokazo parametrlarini raqamlarda ifodalash mumkin. Ba’zilar esa, olamning mutlaq hokimi ko‘zga ko‘rinmas mayda zarralar, ya’ni virus va bakteriyalar ekanligini ta’kidlaydi. Bu nazariya tarafdorlari qanchalik haqligini bugun ko‘zimiz bilan ko‘rib, guvoh bo‘lib turibmiz. Chunki “Sovid-19” deb nom olgan tojdorvirus qisqa muddat ichida XXI asrda yashayotgan, texnika-texnologiya yuksak taraqqiy topgan insoniyat jamiyatini shoshirib qo‘ydi.

Aslida, bu pandemiyani yengish juda oson. Uydan chiqmay, o‘zimizni-o‘zimiz boshqa insonlardan izolyatsiya qilsak bo‘lgani. Lekin bugungi kunga kelib, insoniyat shu qadar ijtimoiylashdiki, biz jamiyatsiz hayotni tasavvur eta olmay qoldik. Uyda o‘tirib, go‘yoki Robinzon Kruzodan ham battar his qilyapmiz, o‘zimizni. Chunki har qanday inson jamiyat bilan ma’nan tirik.

Yaxshi hamki, karantin paytida bir-birimizdan xabar olib turish uchun turli aloqa vositalari mavjud. Dunyo bilan bog‘lanishga esa internet, ommaviy axborot vositalari bor.

Ikkinchi jahon urushi davrida radio eng asosiy axborot tarqatuvchi vositaga aylanganini hammamiz bilamiz. Keyinchalik, XX asrning 50-yillari ikkinchi yarmida televideniye paydo bo‘ldi. O‘sha davrlarda endi matbuotning ham, radioning ham kuni bitdi, deb hisoblaganlar yo‘q emasdi. Biroq televideniye har qancha yetakchilik qilmasin, vaqtli matbuot ham, radio ham butunlay yo‘qolib ketmadi, balki o‘z ulushini saqlab qoldi. Internet tizimi ommaviy axborot vositasi sifatida ham faoliyat olib borishni boshlaganidan keyin qaysidir ma’noda televideniyening ham jamiyatdagi o‘rni pasaydi. 20 yil shu sohada ishlagan telejurnalist sifatida bu muammo, ayniqsa, keyingi yillarda meni ko‘p o‘ylantirdi. Xohlaymizmi, yo‘qmi insonlar televizor ko‘rishdan ko‘ra, internetdan foydalanishni afzal bila boshlashdi. Bu tabiiy jarayon. Bora-bora matbuot, radio va televideniye internet tarkibiga birlashib ketishini hammamiz oldindan sezib turibmiz. Ammo hozir gap bu haqda emas.

Karantin davrida mahalliy televideniyemiz eng asosiy ommaviy axborot vositasiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibiga kiruvchi hamda nodavlat telekanallarning 16:9, HD formatda efirga uzatilayotganligi, xorijiy filmlarning o‘zbekcha tarjimalari bilan berilayotganligi, aksariyat telekanallarning 24 soat efirga chiqayotganligi, aslida, milliy yutug‘imiz. Chunki hamma davlatda ham mahalliy televideniye bizdagi kabi rivojlanavermagan.

Pandemiya televideniye sohasi vakillarining yanada jadal ishlashlariga, tashabbusni o‘z qo‘llariga olishlariga sabab bo‘lyapti. Avvalo, dolzarb yangiliklar, virusdan himoyalanish, karantin paytida xotirjamlikni yo‘qotib tushkunlikka tushmaslik va hokazo yuzlab masalalar bo‘yicha tomoshabinlar aynan televideniyedan ma’lumot olishmoqda. Masofaviy ta’lim ham telekanallar orqali olib borilyapti. “O‘zbekiston 24” telekanalining qator teleko‘rsatuvlari, “Davr”, “Zamon”, “Markaziy studiya” va boshqa informatsion dasturlar ochiqlik va tezkorlik prinsipi asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlar amalga oshirishmoqda. Taniqli jurnalistlar Quddus A’zamov, Sherzodxon Qudratxo‘jayev, Gulnoza Husanova, Dilshod Nazirovlarning tahliliy teleko‘rsatuvlari butun dunyoda yuzaga kelgan favqulodda vaziyatdan eson-omon qutulib chiqib ketishda ma’naviy va amaliy ko‘mak bo‘layotgani aniq.

Televideniye faqatgina jurnalistikadan iborat emas, balki u san’at ham. Musiqa, teatr, kino, sirk kabi o‘nlab san’atlarni birlashtirgan bir soha. Bu kasb egalari tomoshabinlarning zerikmasligi, uydan chiqmay kunni xush kayfiyatda o‘tkazishlari, stressga tushmasliklari uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlari kerak. Ayni kunlarda shunday bo‘lyapti ham.

Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida oyinai jahonni tasvirlagan. Oradan besh yuz yil o‘tib, shu fantaziya amalga oshdi. Insonlar oyina orqali butun dunyoni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Niyatimiz, shu oyinai jahon orqali insoniyatning virusni yengib, yana odatiy hayotga moslashish lahzalarini, bemorlarning butunlay sog‘ayib, uy-uylariga qaytayotgan lavhalarini ko‘rish tezroq nasib qilsin.

Hozircha esa uyda qoling, televizor ko‘ring!

O‘zA