Balo ko‘zga ko‘rinmas, xato qo‘lga ilinmas

2020-03-28T10:24:04+05:0028 March, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Hayotimizda bugun shunday vaziyat yuzaga keldiki, har bir insonga alohida mas’uliyat yuklandi. Har birimizga o‘zimizni asrash, yaqinlarimizni himoyalashdek sharafli burch yuklandi.

Ilgari bunday burch asosan osoyishtalik posbonlariga yuklangan, ular bizning himoyamiz uchun kurashar, bu yo‘lda jonini qurbon qilishdan qaytmasdi.

Hozirgi “jang maydoni”da esa hammamiz jangchimiz. Kimki uyida qolsa, burchini a’lo darajada uddalagan bo‘ladi, hushxabarli tarafi shundaki, u g‘olib bo‘ladi!

Nafaqat o‘rta, balki yoshi ulug‘ kishilar ham bunday og‘ir sinov bo‘lganini eslay olmasligini aytmoqda. Urush ko‘rgan, ocharchilik ko‘rgan, yetishmovchilik bo‘lganda ham bir-biriga suyanib, kurashib yengib chiqqan xalq buyum bozorlari, oshxona-yu choyxonalar yopilganini, jamoat transporti, to‘ylar to‘xtatilganini hali ko‘rmagan edi.

Quchoq ochib ko‘rishib bo‘lmasligini, qo‘l berib so‘rashish mumkin emasligini mehr-oqibatli odamlarimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, tushida ham ko‘rmagan edi.

O‘zaro muloqotlarda “keling uyga”, “ko‘rishguncha” so‘zlarini biz kabi ko‘p ishlatadigan xalq bo‘lmasa kerak.

Hozir esa hammasi o‘zgarib ketdi. Biz hazm qila olmaydigan odatlarga bo‘ysunishga majburmiz. Axir ko‘zga ko‘rinmas dushman – koronavirus bilan shunday kurashmasa bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda “Tvin Piks” seriali esimga tushdi. Aynan shu filmda ko‘zga ko‘rinmas dushman — odamxo‘r bor. Filmni talabaligimizda ko‘pchilik bo‘lib ko‘rar ekanmiz, qo‘rqinchi sahnalarida bir-birimizning orqamizga bekinishga urinardik. Biroq, bu kinodagi dushman qanchalik ko‘rinmas bo‘lmasin, oyna orqali ko‘rinish berib turardi.

Biz kurashayotgan “dushman” esa mutlaqo ko‘rinmaydi. Ko‘rinmas dushman bilan kurashish esa oson emas. Dono xalqimizda “Balo ko‘zga ko‘rinmas, xato qo‘lga ilinmas”, degan maqol bor. Haqiqatan, virus bir balo bo‘lsa, uning yuqish ehtimoli yuqori ekan, biz faqat xato qilmaslik yo‘lini tanlashimiz, ya’ni uyda qolib, boshqalardan masofa saqlashimiz shart.

Bu haqda har lahza bong urilmoqda: Uyda qoling! Uyda qoling!Uyda qoling!…

Ammo zarurat yuzasidan ko‘chaga chiqsangiz, ko‘chalarda tumonat odam, bozorlarda uzundan-uzoq navbatlarga hamon ko‘zingiz tushadi. Eng yomoni, bola yetaklaganlar hammasidan ko‘p…

Davlatimiz rahbari xalqimizga qayta-qayta murojaat qilib, yakdil bo‘lish, ogohlantirishlarni to‘g‘ri qabul qilishni so‘ramoqda.

Prezidentimizning kuni kecha jon kuydirib aytgan quyidagi gaplariga yana bir bor e’tibor qarating:

“Koronavirus menga yuqmaydi deb befarq yurganlar nafaqat o‘zining, balki ota-onasi, farzandlari, atrofidagilar, qolaversa, butun xalqimizning sog‘lig‘i va hayotini katta xavfga qo‘yishini chuqur anglab yetishi kerak”;

“Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Bizda aniqlangan kasallar soni kam-ku, 100 taga ham yetmaydi, xavotirga o‘rin yo‘q, deb xotirjam bo‘lish xiyonat hisoblanadi”.

Bugungi sinovli kunlarda qo‘yilayotgan talablarga, tartibga rioya qilishimiz shart.Har birimizning zimmamizda katta mas’uliyat borligini unutmasligimiz, xiyonat yo‘lidan yurmasligimiz shart!

Dunyoning 190 dan ziyod mamlakatiga tarqalib, pandemiyaga aylangan, 450 mingdan ziyod odamni domiga tortgan, 21 mingdan ortiq kishining yostig‘ini quritgan koronavirus degan dushman ostonamizda turganini har lahza his etib, uyda qolish, uni yo‘latmaslikning, uni yengishning muhim sharti ekanini anglaylik!

Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA