Aholining dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika va eng zarur tovarlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

2020-03-28T10:20:35+05:0028 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5969-son Farmoniga muvofiq:

  1. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartibning (keyingi o‘rinlarda – Tartib) amal qilish davrida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha bojxona chegarasi orqali o‘tkazilayotgan zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo, materiallar va substansiyalarga nisbatan bojxona bojlari undirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
  2. Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan materiallar va substansiyalar, eng zarur tovarlar narxlari ustidan kunlik monitoring o‘tkazishni ta’minlasin hamda ularning narxlarini sun’iy oshirish, sun’iy tanqislik va yuqori talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
  3. Tartib amal qilish davrida, istisno tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi F–5537-son farmoyishiga asosan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi):

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 fevraldagi “Tayyor dori vositalarining importini tartibga solish to‘g‘risida”gi 49-son qarori bilan tasdiqlangan import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz tatbiq etilmaydigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatiga kiradigan ayrim tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlarga uch oygacha bo‘lgan muddatga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz amal qilishi to‘g‘risida qaror qabul qilish;

ayrim turdagi eng zarur tovarlar ro‘yxatini shakllantirish va ularni import qilishda uch oygacha bo‘lgan muddatga bojxona boji va aksiz solig‘i stavkalarini 0 foizgacha kamaytirish huquqlari berilsin.

  1. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV

Toshkent shahri,

2020 yil 27 mart​

O‘zA