Jurnalist fikri: Fuqarolik, farzandlik burchimizni bajarayapmiz

2020-03-28T08:04:21+05:0028 March, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Bugun tushkun kayfiyatga aslo o‘rin yo‘q. Har birimiz belgilangan ehtiyot choralarini ko‘rsak, ozodalikka rioya qilsak, kifoya.

Gap koronavirus haqida ketar ekan, bugungi vaziyatda jurnalistlar zimmasiga ham juda muhim vazifalar yuklanishi tabiiy. Karantin bor gap. Imkon qadar uyda o‘tirish so‘ralmoqda. Xalqimiz buni anglab, tushunib turibdi.

Ammo qator tarmoqlar qatori OAV, jurnalistlar ham ishlashi kerak. Xoh uyda, xoh ishxonada. Negaki, bugun axborotsiz hayot yo‘q.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining nashri – “Yangi O‘zbekiston” gazetasi tahririyati jamoasi ham vaziyatdan kelib chiqib, ish faoliyatini tashkil qilgan. Ha, jamoa ishlayapti, gazeta chiqyapti. Mamlakatimizda va xorijdagi muhim yangiliklar bilan “hali yosh” o‘quvchilarimizni o‘z vaqtida tanishtirib borishni maqsad qilganmiz. Bir guruh xodimlarimiz uyda, masofaviy ishlayapti. Bu ish unumiga ta’sir qilmayapti.

Shunday ekan, aziz hamyurtlar, bugun uyda o‘tirishi zarur bo‘lgan odam uyda o‘tirsin, ishxonada bo‘lishi kerak bo‘lgan kishi ishda bo‘lsin. Shu Vatanning, xalqimizning osoyishtaligi, sog‘-salomat tashvishli kunlardan o‘tib olishimiz uchun nima zarur bo‘lsa, o‘shani bajaramiz. Bu bizning fuqarolik, farzandlik burchimizdir.

Bekqul EGAMQULOV,

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi bo‘lim mudiri,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.