O‘zA muxbiri: aniq, xolis axborot tarqatish har qachongidan ham muhim ekani mas’uliyatimizni yanada oshirmoqda

2020-03-27T12:01:14+05:0027 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

#Biz_uydamiz_onlayn_ishlayapmiz_siz_ham_uyda_qoling_uzauz_ni_kuzatib_boring!

Mazkur #xeshteg O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

jamoasining bugungi kun ish shiori

Uyimdagi liliya guli yaqinda ochildi. Ko‘nglimdagi g‘uborlar tarqaganday bo‘ldi. Do‘stlarga ham quvonch ulashish maqsadida feysbukdagi sahifamga ham qo‘ydim. Ko‘pga manzur bo‘ldi…

Bugun dunyo aholisini koronavirus pandemiyasi qo‘rquvga solmoqda. Nazarimda, bu barcha millat ahli uchun bir sinovga o‘xshaydi. Ana shunday kunlar bizni birlashishga, bir-birimizni qo‘llab-quvatlashga va ushbu baloni yakdillik bilan yengib o‘tishga undamoqda.

Va shunda deraza tokchasida qiyg‘och ochilgan gullar dilimni yashnatib, o‘zimga bo‘lgan ishonchni yuz chandon oshirdi.

Ha, ming afsuski, mamlakatimizda ham ushbu virusga chalingan fuqarolar bor. Bu holat bizni hushyorlikka, ozodalik tartib-tamoyillariga amal qilishga chorlaydi.

Ushbu virus tarqab ketishining oldini olish maqsadida davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan tezkor choralar ko‘rilmoqda. Barcha tashkilotlar faoliyatining uzviyligini ta’minlash va ishchi-xodimlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida qulay sharoitlar yaratildi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib O‘zA jamoasining bir guruhi masofadan turib onlayn ishlayapti. Bu vaziyat bizni yanada shijoat bilan ishlashga da’vat etmoqda.

To‘g‘ri, faoliyatimizdan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan voqea-hodisaga bo‘lgan munosabatlar doimiy kuzatuvimizda. Biroq ularning hammasi ham to‘g‘ri emas. Albatta, bunday noxolis fikrlardan vahimaga tushmaslik va ishonchli manbaga tayanish maqsadga muvofiqdir.

Bugun men masofadan turib mehnat faoliyatimni davom ettiryapman. Biroq umidsizlikka tushmadim, aksincha, o‘z ishimga bo‘lgan mehrim yanada oshdi. Har kuni ishchan kayfiyatdaman. Mavzuga doir yozayotgan har bir maqolada xolis va aniq manbalarga tayanish bugungi o‘quvchi uchun eng muhim zarurat ekani mas’uliyatimizni yanada oshirmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA