Dunyoni «titratgan» virus

2020-03-27T11:54:07+05:0027 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Koronavirus mavzusi hamon «moda»da

Kishilik tarixidan juda ko‘p yuqumli kasalliklar, epidemiyalar fanga ma’lum. Jahon xalqlari o‘lat, vabo kabi qirg‘inbarotlarni ham sabr bilan yengib o‘tgan, chora topgan. Bir qator kasalliklar vaqt silsilasidan o‘tgan sayin unga davo topilib, turli vaksinalar ishlab chiqilgan. Biroq bugungi dunyo manzarasi koronavirus atalmish pandemiya bilan chalkashib ketdi. Jahon ommaviy axborot vositalarining bosh mavzusi har kuni ushbu «qotil» virus bilan bong urmoqda. Dunyoni titratib, zabtiga olgan koronavirus mavzusi hamon «moda»da.

Xitoylik mutaxassislar virus odamdan odamga havo orqali o‘tishini tasdiqlashdi. Bemorlarga xizmat ko‘satayotgan tibbiyot xodimlarining mazkur virus bilan xastalanganligi ham uning yuqumli ekanligini isbotladi.

Ayni paytda virus bilan xastalangan bemorlar soni kun sayin oshmoqda. Bugungi kunga kelib u 200 ta mamlakatda tarqaldi. Dunyo bo‘yicha kasallanganlar soni esa 417 ming nafardan oshdi, 18605 o‘lim holati qayd etildi. Ayniqsa, Italiya davlatida o‘lim holati bo‘yicha yuqori ko‘rsatkich qayd etilmoqda: 6820 nafardan ziyod inson «qotil virus» qurboni bo‘ldi.

108 mingdan ziyod bemor tuzaldi. Epidemiya keng tarqalganligi sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uni pandemiya (yuqumli kasallikning bir mamlakat, bir necha mamlakat, qit’a yoki kontinentda tarqalishi) deb e’lon qildi. Afsuski, bu yuqumli kasallik mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi.

Vaziyat to‘g‘ri baholandi

Vaziyat oldindan to‘g‘ri baholanib, Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, maxsus komissiya tuzildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida virusga qarshi mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, joriy holat, virusga chalingan fuqaro va karantinga olingan shaxslar hamda aniq rejalar aytildi. Jumladan, barcha ta’lim muassasalarida ta’til e’lon qilindi. Talabalar markazlashgan holda uylariga jo‘natildi. Har bir hududda hokimliklar rahbarligida maxsus shtablar tashkil etilgan. Jahonning barcha mamlakatlari bilan avia va avtomobil qatnovlari, ommaviy tadbirlar, shuningdek, poytaxtimizda jamoat transporti vaqtincha to‘xtatildi. Ko‘plab korxona va tashkilotlarda xodimlar uchun maxsus avtobuslar tashkil etildi. Epidemiologik vaziyat bo‘yicha har soatlik va kunlik ma’lumot tahlil qilinib, tezkor choralar ko‘rilmoqda. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada ta’minlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablag‘lar ajratildi.

Davlatimiz rahbarining g‘amxo‘r­lik­lari tufayli chet eldagi fuqarolarimizni charter reyslar orqali mamlakatimizga olib kelish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, koronavirus pandemiyasi aniqlangan va tarqalgan hududlardan bugungi kunga kelib yuzlab yurtdoshlarimiz maxsus charter reyslar orqali mamlakatimizga barcha sanitariya-­epidemiologiya talablariga qat’iy rioya qilingan holda olib kelindi. Ular respublika hududlarida tashkil etilgan to‘liq karantin talablari asosida jihozlangan maxsus muassasalarga joylashtirildi.

Ishonch va samarali choralar

Koronavirusning oldini olish borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xalqimizga kuch va ishonch bermoqda. Davlatimiz rahbari raisligida koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida alohida topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari bugungi sharoitda sanoat korxonalari, tadbirkorlar, eksportyorlardan aniq va samarali choralar kutayotganligini, shu bois iqtisodiyotda hisob-kitob qilinayotgan yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun zaxira yaratish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hukumatning asosiy vazifasi bo‘lishi zarur ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Prezidentimiz “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Farmonga binoan, O‘zbekiston Res­publikasi Moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda, 10 trillion so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etiladi. Moliya vazirligi uchun birinchi topshiriq, mana shu 10 trillion so‘m jamg‘arma resurs­larini tezda shakllantirish belgilandi.

Vahimaga hojat yo‘q

Tib ilmining sultoni Ibn Sino «Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sog‘liqdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir» degan edi.

Hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlarni to‘g‘ri tushunmagan ayrim hamyurtlarimiz vahimaga berilib, iste’mol mahsulotlarini g‘amlashga tushishgani, oziq-ovqat yetishmovchiligi haqidagi qo‘rquv paydo qilgani achinarli holdir.

Aholi o‘rtasida vahima va sarosimaga yo‘l qo‘ymaslik eng ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Shu bois, biz qat’iy intizomga rioya qilib, o‘zgalarning xatolaridan, tarixda vahima sabab kelib chiqqan yo‘qotish­lardan kerakli xulosa chiqarishimiz zarur. Zotan, xalqimizda «Dushmandan qo‘rqma, vahimadan qo‘rq» degan maqol bejiz aytilmagan.

«Mehr-oqibat bor bo‘lsin!»

Yurtimiz ahli uchun sinovli davr boshlangan mana shu damlarda «Yotib qolguncha otib qol» deguvchi «tadbirkorlar» ham oramizda yo‘q emas. Eng achinarlisi, ular yurt boshiga ish tushganda el dardiga darmon bo‘lish o‘rniga, xalqni qiyin ahvolga solib, oziq-ovqat mahsulotlari, turli dori vositalari hamda virusdan himoyalanuvchi niqoblarni sotish yoki yo‘lkira narxlarini sun’iy ravishda oshirish payida bo‘layotir. Bu kabi «tadbirkorlar»da halollik ochko‘zlik niqobiga aylanib bormoqda. Zero, Sa’diy bobomiz shunday deydi:

Pokiza bo‘lmasa kimning qilmishi,

Hikmat so‘zi bilan tuzalmas ishi.

Ammo mard, tanti va mehnatkash xalqimiz orasida saxovatpesha, halol insonlar borki, ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Boshkentimiz bozorlarida hamda viloyatlarda savdo-sotiq va xarid maqsadida tibbiy niqoblarsiz kelgan barcha fuqarolarga bozor ma’muriyati tomonidan niqob, sterillangan qo‘lqop va boshqa gigiyena vositalari bepul tarqatilmoqda.

Xuddi shuningdek, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida ham bepul tibbiy niqoblar aksiyasi o‘tkazilgani yoki Jizzax viloyatidagi novvoyxonada «Bizda koronavirus narxga ta’sir qilmaydi!» degan yozuvlar to‘g‘risidagi holat aks etgan suratlar birin-ketin ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotganligi quvonchlidir.

Qat’iy tartib va javobgarlik

Hukumat jamoatchilikni koronavirus bo‘yicha asossiz ma’lumot tarqatganlarga qat’iy chora ko‘rilishi haqida ogohlantirdi. Milliy qonunchiligimizda vahima tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi ana shunday harakatlarni o‘ylab yoki o‘ylamay sodir qilganlarni yana bir bor hushyorlikka chaqirishiga umid qilamiz.

Xususan, aholi orasida vahima chaqirishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 mln. 600 ming so‘mdan 89 mln. 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumot va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln. 900 ming so‘mdan 89 mln. 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, 25 martdan boshlab jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz bo‘lgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari (223 ming so‘m) miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari (669 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Xodim va ishchilar o‘z ish joyida shaxsiy himoya vositalari (niqob)da bo‘lishi talab etildi, shuningdek, karantin choralarini buzganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar qo‘llaniladi.

«Men siz uchun ishda qoldim, Siz biz uchun uyda qoling!»

Qiyin vaziyatda albatta tashabbus, nazorat va barqarorlikni qo‘lga oladigan qatlam bo‘lishi lozim. Davlat xizmatchilari va tibbiyot xodimlari ana shunday mashaqqatga doim tayyor turishibdi. Zotan, ular o‘z xizmat vazifalariga fidoyilarcha yondashish bilan birga, jamiyatda boshqalarga namuna ko‘rsatib, yuksak axloqiy fazilatlarini namoyish etishmoqda.

Yurtimiz ahli uchun shunday sinovli davrda o‘zining beminnat xizmati bilan xalqimiz mehrini qozonayotgan kasb egalari zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshirib, har kuni, kerak bo‘lsa, har daqiqada ibrat ko‘rsatmoqda. Ayni vaziyatdan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasiga chalingan yoki gumon qilinganlarga birinchi bo‘lib, tibbiyot xodimlari ro‘baro‘ kelishadi. Kasbiga sadoqatli salomatlik posbonlari bemorlarni tibbiy kuzatuvga olib, zudlik bilan davolash choralarini ko‘rishmoqda. Mana shunday fidoyilik va qahramonlikka dunyo xalqlari qatori, vatandoshlarimiz ham guvoh bo‘lishmoqda va e’tirof etishmoqda. Shifokorlarimiz va ichki ishlar organlari tomonidan uyushtirilayotgan «Men siz uchun ishda qoldim, siz men uchun uyda qoling!» chellenji aholining mehri va e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Karantinga olingan bemorlar xavfsizligini ta’minlash, tinchlik hamda barqarorlikni saqlashda ular bor kuch va g‘ayratini ayamayotir. Yurtimizning mana shunday fidoyilari yanada ko‘payaversin!

Bernora SADIKOVA,

polkovnik.

Manba: «Postda» gazetasi