Karantinga amal qilmaslik holatlari eng ko‘p qaysi viloyatlarda kuzatilmoqda?

2020-03-27T06:35:13+05:0027 March, 2020|Umumiy yangiliklar|
Ayrim fuqarolar bugungi vaziyatda mavjud qonun-qoidalarga rioya qilish va shu orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligiga hissa qo‘shish o‘rniga o‘zi va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirib, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzmoqda.

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati bergan xabarga ko‘ra, o‘tgan 24 soat davomida karantin qoidalariga amal qilmagan jami – 980 ta holat aniqlangan bo‘lib, ulardan: — Toshkent shahrida – 101 ta.Misol uchun, 25 mart kuni soat 12:00 larda Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Eshonguzar QFYda yashovchi fuqaro J.R. tibbiy kuzatuv ostiga olinganligiga qaramasdan yashash manzilidan chiqib ketgan. Fuqaro Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ushlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Toshkent viloyatida 103 ta — misol uchun, 22 mart kuni soat 15:00 larda Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumani, Do‘stobod shahar, Mashrab mahallasi, Barkamol avlod ko‘chasida karantinda saqlanayotgan fuqaro T.N. yashash manzilidan tashqariga chiqqanligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Jizzax viloyatida 14 ta — misol uchun, 24 mart kuni soat 10:00 larda Baxmal tumani, Do‘stlik MFY, Olomon qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro I. A. umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar joylar faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish to‘g‘risida ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, Do‘stlik mahallasi hududida joylashgan “Shashlik markazi” nomli choyxonasini ishlatayotganligi, ushbu choyxonada 6 nafar mijozlarga xizmat ko‘rsatayotganligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Buxoro viloyatida 52 ta — misol uchun, 24 mart kuni soat 20:30 larda Buxoro tumani, Chorbakr MFY, Choqpich qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.J. hududiy profilaktika inspektori tomonidan bir necha marotaba ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘ziga tegishli bo‘lgan Buxoro shahar, Ibn Sino ko‘chasidagi “Bek“ kafesida 3 nafar mijozga xizmat ko‘rsatayotganligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan);

Samarqand viloyatida 328 ta — misol uchun, 25 mart kuni soat 13:30 larda Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahri “Oqoltin” mahallasida yashovchi fuqaro B.R. A.Temur mahallasi hududida maxsus himoya niqobisiz, jamoat joyda yurganligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Qashqadaryo viloyatida 11 ta — misol uchun, 24 mart kuni soat 16:00 larda Mirishkor tumani, Guliston MFYda yashovchi fuqaro T.T. kunlik yashash joyi bo‘yicha 14 tibbiy kuzatuvga olinganligiga qaramasdan, o‘z yashash joyidan chiqib ketganligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Surxondaryo viloyatida 22 ta misol uchun, 25 mart kuni soat 16:30 larda Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumani, Surxon sohili mahallasi, raqamsiz uy manzili bo‘yicha karantinda saqlangan 16 mart kuni Rossiyadan kelgan fuqaro Q.R. uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olinganligiga qaramasdan, karantin qoidalariga rioya qilmasdan yashash joyidan chiqib ketganligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Xorazm viloyatida 11 ta — misol uchun, 21 mart kuni Rossiyadan kelgan, Urganch shahar, Aloqachi ko‘chasida yashovchi fuqaro Isakov Zokir uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan bo‘lishiga qaramasdan, 22 mart kuni o‘zboshimchalik bilan yashash uyidan chiqib ketganligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Sirdaryo viloyatida 19 ta — misol uchun, 21 mart kuni soat 16:00 larda Sirdaryo viloyati, Boyovut tumani, A.Navoiy mahallasi, Bog‘obod ko‘chasida yashovchi, 15 mart kuni Rossiyadan yo‘lovchi avtomashinada kelgan Z.X. rasman ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan yashash manzilidan tashqariga chiqqanligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Farg‘ona viloyatida 74 ta — misol uchun, 23 mart kuni soat 11:00 larda Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Katta Tagob mahallasi, Anorzor ko‘chasida yashovchi, o‘z yashash manzili bo‘yicha karantinda saqlangan, 21 mart kuni Qozog‘istondan kelgan fuqaro B.T. uyiga qarindoshlarini mehmonga chaqirganligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Navoiy viloyatida 10 ta misol uchun, 25 mart kuni soat 12:00 larda Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Navoiy M.F.Y., Xalqlar Do‘stligi ko‘chasida yashovchi fuqaro B.O. rasman ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan o‘ziga tegishli bo‘lgan Uchquduq tumani buyum bozorida joylashgan nooziq-ovqat do‘konida faoliyat olib borayotganligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Namangan viloyatida yu 61 ta — 21 mart kuni Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani, Turkiston mahallasi, raqamsiz uy manzili bo‘yicha karantinda saqlangan, 17 martda Rossiyadan kelgan, fuqaro A.G‘. yashash manzilidan tashqariga chiqqanligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan uydirmalar, shuningdek, asossiz ma’lumotlarni tarqatayotgan akkauntlarni aniqlash va ularning egalariga nisbatan qonunda belgilangan tartibda huquqiy ta’sir choralarini ko‘rish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Bugungi vaziyatda ichki ishlar organlarining boshqa vazirlik va idoralar bilan hamohanglikda koronavirusga qarshi kurash olib borib, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga qat’iy rioya qilish hamda yurtdoshlarimizning salomatligini asrash asosiy vazifasi bo‘lib qolmoqda.

Har birimiz zimmamizdagi vazifalarga yanada mas’uliyat bilan yondashib, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilishimiz, eng bebaho ne’mat bo‘lgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirishimiz shart deyiladi IIV xabarida.

Shuhrat Ne’matov, O‘zA