Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

2020-03-27T06:28:41+05:0027 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Jahon miqyosida tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish, aholi salomatligi va sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatishmoqda.

Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qo‘shayotgan ulkan hissalarini va fidokorona xizmatlarini e’tirof etgan holda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. Koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’ektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi (keyingi o‘rinlarda – maxsus to‘lov) belgilansin:

vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;

o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga –15 million so‘m;

kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m;

boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi (A.N.Aripov)
bir hafta muddatda maxsus to‘lovlarni oluvchi mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarga jalb qilingan boshqa xodimlarning qo‘shimcha ro‘yxatini tasdiqlasin.

2. Belgilansinki, maxsus to‘lovlar karantin amal qiladigan muddat davomida, shu jumladan, joriy yilning mart oyi uchun, xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida to‘lab beriladi.

3. Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki ularning og‘ir ahvolga tushishi va sog‘lig‘i tiklanmaganligi munosabati bilan bir yo‘la beriladigan qo‘shimcha to‘lovlar miqdorlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan, zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni yuqori himoya darajasiga ega bo‘lgan shaxsiy himoya vositalari komplekti bilan muntazam ravishda ta’minlasin.

5. Mazkur qaror ijrosi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV

Toshkent shahri,

2020 yil 26 mart

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

2020 yil “26” martdagi PQ–4652-son qaroriga

ilova

Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki ularning og‘ir ahvolga tushishi va sog‘lig‘i tiklanmaganligi munosabati bilan bir yo‘la beriladigan qo‘shimcha to‘lovlar

MIQDORI

Снимок.PNG

Izoh. Ushbu to‘lovlar qonun hujjatlari, shuningdek, jamoa shartnomalari va boshqa lokal hujjatlar hamda mehnat shartnomasiga muvofiq xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki boshqa oqibatlar yuzaga kelishi munosabati bilan to‘lanadigan to‘lovlarni saqlab qolgan holda qo‘shimcha ravishda amalga oshiriladi.