Sa’dulla HAKIM

2020-03-21T07:53:58+05:0021 March, 2020|She'rlar|

KORONAVIRUS

Birlashgan millatlar tashkilotidan

Shoshqin xabar uchar, pandemiya, deb.

Mening esa tunlar o‘chadi uyqum,

Inson tafakkuri pand yedi-ya, deb.

 

Ey aql, havolab yurganing yetar,

Tanangga fikr qil, ne bu hol qaltis?

Nahot inson ohi falakni tutar,

Nahotki haq bo‘lsa ruhoniy Maltus?

 

Hadik ila boqar odamga odam,

Qo‘l berib ko‘rishmas, yuzida niqob.

Kimlardir izini niqoblab olgan,

Boshqa birovining so‘zida niqob.

 

Emlashning imkoni yo‘q emish hali,

Dunyo muhtoj emish bitta doriga.

Aslida chorasiz qolgan mahali,

Faqat mehr yarar bemor koriga.

 

Har neki malhamdir, bir O‘zi bilar,

Bulutlarga boqib o‘yga tolaman:

Isiriq tutatib turganday bo‘lar,

Quyoshni cho‘g‘ qilib, Yaratgan Egam.

 

Zulmat qochganiday kun yorug‘idan,

Eldan dard ketgusi birlashsa ulus.

Asrasin yomonlar yomonligidan,

Mehru oqibatga tushmasin virus!