“TASS” maxsus loyihada Leonovning ochiq fazoga chiqishini qayta jonlantirdi

2020-03-19T13:38:26+05:0019 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Kosmonavtika tarixida yorqin iz qoldirgan fazogir Aleksey Leonovning mashhur parvoziga 55 yil to‘lishi munosabati bilan “TASS” agentligi noyob bir loyihaga qo‘l urdi.

“Leonov, sening chiqishing!“ deb nomlangan mazkur loyihada “Vosxod-2“ fazo kemasi ekipaji erishgan olamshumul natijani kosmonavt nigohi bilan kuzatish imkoni yaratildi.

Insoniyat tarixidagi ilk ochiq fazoga chiqish jarayoni 3D uslubida bosqichma-bosqich ko‘rsatib beriladigan mazkur tomosha ikki qismdan iborat.

Birinchi bo‘limda maxsus 3D uslubida yaratilgan rekonstruksiya yordamida fazoviy eksperimentning barcha bosqichlarini qadam-baqadam bosib o‘tish mumkin: shlyuzning shishirilishidan boshlab insonning havosiz bo‘shliq – vaznsizlik holatiga tushgunigacha bo‘lgan jarayon. Boshqacha aytganda, sizda xuddi ochiq fazodan — tashqaridan Yer sayyorasini va shu bilan birga fazo kemasini kosmonavt ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Loyihaning ikkinchi qismi esa infografika usulida tayyorlangan bo‘lib, “Vosxod-2“ fazo kemasining chizmasi, uchish jarayoni haqidagi ma’lumotlar to‘plami, shuningdek arxiv fotosuratlari va videoxronika materiallaridan iborat.

3D shaklidagi timsollarning haqiqiy “Vosxod-2“ga imkon darajasida o‘xshashligini ta’minlash maqsadida muharrirlar va dizaynerlar jamoasi Rossiyaning fazoni o‘rganish tarixi sohasida faoliyat olib borayotgan yetakchi ekspertlari bilan hamkorlik qilishdi.

Ijodkorlarga Moskva kosmonavtika muzeyi, Sergey Korlyov nomidagi “Energiya“ Raketa-fazo korporatsiyasi va “Zvezda“ ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi mutaxassislari yaqindan yordam berishdi. Foto va audio xronika materiallarini Rossiya davlat ilmiy-texnik hujjatlar arxivi taqdim etdi. E’tiborlisi, o‘sha davrlarga tegishli ayrim ovozli lavhalar ilk bor havola etilmoqda. Leonovning ochiq fazoga chiqishi aks etgan eng noyob hujjatli kinoxronika kadrlari “Roskosmos” telestudiyasi tomonidan taqdim etildi.

–“TASS” bilan birgalikda biz kosmos haqida hikoya qilamiz va oddiy insonlarga fazoviy voqealar ham tushunarli, “yaqin” bo‘lishini ta’minlashga harakat qilamiz, — deb hisoblaydi Moskva kosmonavtika muzeyi direktori Natalya Artyuxina. Jamoamiz xodimlari Maxsus loyihalar tahririyati ijodkorlariga muntazam ravishda maslahatlar berib turishadi. Ayniqsa, hozirgi paytda mana shunday onlayn-loyihalar juda dolzarb.

Shu ma’noda ushbu loyiha muxlis-tomoshabinga o‘zini yer yuzidagi dastlabki fazogirlardan biri Aleksey Arxipovich Leonovning o‘rnida tasavvur etishga ko‘maklashishi bilan qimmatli.

Zamonaviy texnologiyalar sharofati bilan shunday imkoniyatlar yaratilayotgani hayratlanarli.

O‘zA