Respublika OAV vakillari “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi

2020-03-19T09:49:34+05:0019 March, 2020|Navoiy vil.|

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 3 aprelda e’lon qilingan “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan tizimdagi korxonalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ibot qilish maqsadida press-turlar tashkil etilmoqda.

Bu boradagi ilk tadbir “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazilib, unda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi J.Mirzamahmudov ham ishtirok etdi. Bugungi kunda mazkur tizim tarkibida 16 ta yirik va o‘rta kimyoviy korxonalarda 30 mingdan ziyod xodim faoliyat ko‘rsatmoqda.

Respublikamizning 20 ga yaqin bosma va elektron OAV vakillari press-tur doirasida dastlab o‘tgan yil oxirida ishga tushirilgan Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi faoliyati bilan tanishishdi. Mazkur loyiha Xitoyning «China CAMC Engineering Co., LTD» va «HQC Shanghai Company» kompaniyalar konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Yangi korxonada yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol ishlab chiqariladi.

­- Bu mahsulotlarga avtomobilsozlik, to‘qimachilik, metallurgiya, kimyo, neft-gaz tarmoqlari, elektr texnikasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishda talab yuqori, – deydi majmua direktori o‘rinbosari K.Asatov. ­- Ular shu paytgacha katta valyuta evaziga import qilinardi. Endilikda har yili 40 million AQSh dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunda korxonamizda 900 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda.

Zamonaviy korxonada eng diqqatga sazovor narsa bu har bir jarayonning to‘liq avtomatlashtirilganligidir. Bundan tashqari, qadoqlash sexida mahobatli “temir qo‘l”lar ­– robotlarning tegishli vazifalarni bajarayotganligi ham tadbir ishtirokchilarini befarq qoldirmadi.

Qariyb 500 gektarlik maydonni egallagan “Navoiyazot”ning boshqa bir burchida Azot kislotasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish investitsion loyihasi jadal davom etmoqda. Jurnalistlar umumiy qiymati qariyb bir milliard dollar bo‘lgan, yiliga 660 ming tonna ammiak va 580 ming tonnadan ziyod karbamid olish imkoniyati yaratiladigan mazkur majmuaning qurilish ishlari bilan ham tanishishdi. Joriy yilda ishga tushiriladigan korxonada 500 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Yaponiyaning «Mitsubishi Heavy Industries» va «Mitsubishi Corporation» kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda qurilayotgan yangi zavodda zamonaviy texnologiyalar qo‘llanishi evaziga yiliga 735 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaladi, atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid gazlari miqdori ham kamayadi.

Ushbu kompaniyalar vakillari bilan muloqot jarayonida press-tur ishtirokchilariga zamonaviy majmuaning odatdagi ishlab chiqarish korxonalaridan afzalliklari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining «Navoiyazot” hamda bu yerga tashrif buyurgan “O‘zkimyosanoat” tarkibidagi korxonalarning yoshlar yetakchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. J.Mirzamahmudov ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqotda yosh kimyogarlarning muammolari va takliflarini tingladi. Xususan, maishiy kimyoviy vositalar ishlab chiqarish, har bir ishlab chiqarish sexlari negizida laboratoriyalar tashkil etish, xorijiy yetakchi kimyo korxonalarida yosh mahalliy kadrlarning malaka oshirishini tashkil etish, xodimlar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazish, ba’zi korxonalarda sport maydonchalari qurish, uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashish kabi takliflar o‘rtaga tashlandi.

– Har qanday texnologiyani chetdan olib kelib, ishlab chiqarishga joriy etish mumkin, – dedi J.Mirzamahmudov. – Ammo undan foydalanish uchun kuchli kadrlarni chetdan olib kelib bo‘lmaydi yoki xorijlik kadrlar umrbod bizga xizmat qilmaydi. Bunda esa siz yoshlar oldingi safda bo‘lishingiz zarur, davrning talabi ham shu. Yurtimiz yoshlari xorijlik tengdoshlaridan qolishmasligini bir necha bora isbotlashgan, ulardan ustunligimiz esa mehnatkashligimizda. Faqat hozirgi globallashuv, shiddatli taraqqiyot davrida kunora bilimimizni, malakamizni oshirib borish, izlanish, ertangi kun, uzoq kelajak bilan yashashimiz, innovatsion loyihalar ustida muntazam ishlashimiz talab etiladi.

– Bugun jamoamiz mehnat ahlining qariyb 2,5 ming nafarini yoshlar tashkil etadi, – deya ta’kidladi “Navoiyazot” AJ Bosh direktori B.Sharipov. – Korxona ma’muriyati ularning malakasini, jumladan, yurtimiz va xorijiy o‘quv muassasa hamda sanoat ob’ektlarida oshirish, loyiha va takliflarini tatbiq etishni doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi investitsion loyihalarning amalga oshirilishi esa shu jarayonni yanada kuchaytirdi. Ularda mehnat qilish istagidagi yoshlarning bir guruhi yaqinda xorijiy turdosh korxonalarda stajirovkada bo‘lib, bilimini mustahkamlab qaytdi. Shuni alohida e’tirof etishni istardimki, ayrim iste’dodli kimyogarlar, hatto, chet ellik hamkorlarimiz e’tiboriga ham tushdi. Ulardan kelajakda umidimiz katta.

– Tadbirda shaxsan meni yoshlarning bugungi kundagi izlanishi, mamlakatimiz sanoati rivoji uchun intilayotgani juda quvontirdi, – deydi “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri T.Eshboyev. – Ular “menga ber”, deb emas, “avvalo yurt rivojida hissa qo‘shishim kerak” degan g‘oya asosida yashab, mehnat qilyapti, intilmoqda. Bundan tashqari, uchrashuv davomida ijtimoiy-maishiy mavzudan ko‘ra, birinchi navbatda, ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab takliflar bildirilganidan juda mamnunman. Bu yoshlarimizning yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga ishtiyoqi yuksalayotganidan darak beradi.

Muloqot davomida ishtirokchilar va mehmonlar tomonidan bildirilgan mahalliylashtirish, modernizatsiya qilish sohasiga oid qator takliflarni tatbiq etish bo‘yicha yetakchi mutaxassislarga ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, vatanimizni yanada obodonlashtirish, atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan tadbirlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, jumladan, yaqin kelajakda Orolbo‘yi aholisiga amaliy yordam ko‘rsatish, tizim korxonalari yoshlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, hamkorlikda turli madaniy tadbirlar, tanlovlar, sport musobaqalari o‘tkazishga kelishib olindi.

Ozod MUSTAFOYEV,

O‘zJIU Navoiy viloyat bo‘limi mutaxassisi