MUNOSABAT: noshirlikning shonli davri boshlanmoqda

2020-03-18T07:23:14+05:0018 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Prezidentimizning “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori suvni, yomg‘irni kutib chanqoqlikdan azob chekayotgan daraxtga suv berilganday bo‘ldi. Sababi bu sohada muammolar, kamchiliklar keragidan ortiq ko‘p edi.

Qaysi sohaga doir Prezident qarori chiqsa, bilingki, bu jabhada ishlar qoniqarli emas. Muammo va kamchiliklar bor. Muammo shu darajaga yetganki, uni korxona, yuqori tizimdagi rahbarlar yecholmaydi, muammoga yechim topolmaydi. Va shu o‘rinda Prezident qaror chiqaradi, shu qarorda belgilab qo‘yilgan bandlar asosida muammolar o‘z-o‘zidan yechilib boraveradi.

Bundan bir yil muqaddam beshta muhim tashabbus ilgari surilgan edi. Shu tashabbuslarning to‘rtinchi tashabbusi aynan kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgani ham bejiz emas. “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror ham beshta muhim tashabbusning mantiqiy davomi sifatida noshirlik sohasida yangi bir bosqichni boshlab beradi, desak adashmaymiz.

Yangilayotgan O‘zbekiston uchun noshirlik to‘g‘risidagi bu qaror juda muhim edi. Nega? Sababi, kitobxonlikka, mutolaa madaniyatiga e’tibor kuchaytirildi. Kitobxonlarning ham talabi oshishi aniq edi. Ularga sifatli va bexato, shuning barobarida badiiy jihatdan pishiq, tafakkurni boyitadigan, aqlni peshlaydigan kitoblarni nashr etish dolzarb masalaga aylangan edi. Talab bor ekan, demak nashriyotlar shu talabga, halol raqobatga tura olishi lozimdir.

Tan olib aytish kerak, ko‘p yirik nashriyotlar ham o‘quvchilar talablarini qondira olgan emas. Ular istagan va izlagan kitoblarni nashr etolgani yo‘q. Agar nashr etgan bo‘lsa ham bu kam, yana olis viloyatlardagi o‘quvchilar qo‘liga yetib borgani yo‘q.

Endi-chi? Endi yangi tashkil etilayotgan “O‘zbekiston” nashriyotiga yuqori malakali noshirlar, kasbining hadisini olgan, sohasini puxta egallagan mutaxassislar jalb etilishiga ishonamiz. Yana badiiy jihatdan baquvvat asarlar chop etilishiga, shuning barobarida kitob adadi ham 10 ming, 20 ming, ehtimol 50 ming nusxada chop etilar va olis viloyatlarga kitob yetkazib berish muntazam yo‘lga qo‘yilar.

Nafaqat noshirlik, matbaachilik sohasida ham katta o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilamiz. Yangi texnologiyalar, so‘nggi rusumdagi ishlab chiqarish mashinalari nashriyotlarga keltiriladi. Bu, o‘z navbatida, kitoblarning sifat va bejirimligini ta’minlaydi. Hozirgi zamon kitobxoni “injiq”. Unga mahsulotingizni go‘zal ko‘rinishda tavsiya etmasangiz – yutqazasiz.

Halol raqobat. Ha, aynan halol raqobat kerak. Qaysi nashriyot zo‘r kitob chiqarsa, samarali sotuvni yo‘lga qo‘ysa – marra o‘shaniki. Endi mazmunan oldi qochdi, muqovasi ko‘rimsiz kitoblar chiqmaydi. Chiqarishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.

Umid qilamizki, bu qaror noshirlik sohasiga qo‘yilgan dadil qadam. Qadam bo‘lganda ham mustahkam qadam. Shu qaror asosida noshirlik sohasi o‘zining shonli davrini boshlab beradi. Hamma o‘zini internetga uradigan bir paytda, shu qaror sabab o‘quvchilar yana kitob bilan sadoqatli do‘st bo‘lishiga ishonamiz.

Habib Abdiyev,

G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi

direktori o‘rinbosari, bosh muharrir.