Eldan dard ketgusi birlashsa ulus

2020-03-18T05:31:34+05:0018 March, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Dunyo eshiklari keng ochilgan zamonda yashayapmiz. Dunyoni ko‘rayapmiz, yanada yaxshiroq bilayapmiz. Shu bilan birga, dunyo ham bizni tobora ko‘proq taniyapti, e’tibor beryapti, biz dunyodan, dunyo bizdan o‘rganyapti.

Ha, dunyo bilan tillashuvning afzalliklari ko‘p, muammolari ham yo‘q emas. Necha oylarki, butun dunyo ahli diqqatini o‘ziga tortgan, xavotirga solgan koronovirus pandemiyasi, ta’bir joiz bo‘lsa, ana shunday bir sinov bo‘ldi. Bugun bu sinovni biz, o‘zbekistonliklar ham boshdan kechiryapmiz.

Albatta, endilikda bunday sinovlarni ham hayot haqiqati sifatida qabul qilishimiz, shu bilan birga o‘zbek xalqiga xos yuksak iroda va matonat, birlik va ahillik bilan uni yenga bilishimiz lozim.

Xalqimizda “Botqoq yerning kengligi baqaga yaxshi”, degan hikmat bor. Taassufki, shov-shuvga o‘ch, og‘ziga kuchi yetmaydigan ayrim ustasi faranglar mavjud holatdan foydalanib qolishga urinib, ijtimoiy tarmoqlar va xorijdagi ayrim OAVda otlariga qamchi urishga chog‘landilar: falon yerda chirigan sabzavot sotishibdi, anavi katta savdo rastasi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolibdi, unning narxi ko‘tarilibdi, kartoshka falon so‘m bo‘lib ketibdi…

“O‘zbekistonda bemorlar soni 6 kishiga yetdi, bozorlarda sarosima boshlandi”, deya yozadi 16 mart kuni bizdan olislardagi “Ozodlik” radiosi veb-sayti. Men esa bozorda shu kuni ular aytgan sarosima boshlanganini ko‘rmadim. Ushbu “Ozodlik” saytida izoh qoldirgan bir yurtdoshimiz M.Qambarova ham mening so‘zimni tasdiqlaganday: “Andijon bozorlarida narx-navolar oshmadi. Hududiy savdo yarmarkalari tashkil etildi, vahimaga o‘rin yo‘q”, deb yozadi. Xullas, bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin.

Mamlakatimizda ushbu sinovdan tinch-xotirjam o‘tish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Bozorlarimiz va savdo rastalarimiz mo‘l-ko‘l. Har bir soha mutasaddilari vaqti-vaqti bilan xalqimizga ma’lumot berib turishibdi.

Ta’kidlash joizki, aksariyat jurnalist va blogerlar bu jarayonda faollik ko‘rsatishayotir, mamlakatdagi haqiqiy holat haqida xalqimiz va xorijiy auditoriyaga haqqoniy ma’lumotlar tarqatishmoqda. Xususan, taniqli huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning chiqishlari nafaqat voqelikni xolis va haqqoniy aks ettirish, balki xalqimizga o‘ziga xos tushuntirish berishga xizmat qilmoqda.

“Oltin qalam” milliy mukofoti sohibasi, jurnalist Barno Sultonova esa talabalarni tekinga olib ketgan vodiylik xaydovchini misol keltirib, o‘z kanalida barchani hamjihat bo‘lishga chaqiradi: ”Keling, birlashaylik. Bir kishi niqob taqmay yoki tartib qoidaga befarqlik qilib kasal bo‘lsa, qancha odamga yuqtiradi va niqob taqsa, oldini olsa, qancha odamni saqlab qoladi. Saqlab qoluvchi ham, tarqatuvchi ham SIZ yoki MEN bo‘lishimiz mumkin”, deb yozadi u.

Darhaqiqat, bunday paytlarda voqealar jarchisi bo‘lgan biz jurnalistlar, ayniqsa har qachongidan hushyor bo‘lishimiz, xolislik va haqqoniylik tamoyillariga qat’iy amal qilishimiz, ijtimoiy tarmoqlarda bilib-bilmay, yo bo‘lmasa ataylab tarqatilayotgan asossiz gaplarga tezkorlik bilan munosabat bildirishimiz, asl manzarani ko‘rsatib berishimiz nihoyatda muhimdir.

Jurnalist axloq-odobi, ma’naviyati nafaqat uning o‘zi, balki butun milliy jurnalistikamiz sha’ni, oriyatini ifoda etadi. Chunki, xalqimiz nazdida jurnalist – jamiyat vijdoni, ilg‘or kuchi va ziyoli inson bo‘lib, bu ishonchni so‘ndirmaslik, unga loyiq bo‘lish har birimizning vazifamiz. Ayni shu maqsadda o‘tgan yili “O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi” qabul qilindi. Unga binoan, o‘zi tarqatayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etish jurnalistning majburiyatidir. Jurnalist haqqoniyligiga ishonch hosil qilgan axborotnigina tarqatadi va sharhlaydi. Bunda u kamida ikkita mustaqil manba orqali axborotni tekshirib ko‘rishi lozim. Umid qilamizki, kodeks har birimizning faoliyatimizda asosiy axloqiy mezon bo‘lib qoladi.

Bugunning shiori yagona: o‘zingni va o‘z elingni asra!

Mardga mard do‘st qo‘lin cho‘zgani durust,

Eldan dard ketgusi birlashsa ulus.

Aslo tark etmasin yurtni omonlik,

Mehru oqibatga tushmasin “virus”.

Sa’dulla HAKIMOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi raisi.