“O‘zmilliybank” jurnalistlar uchun Jizzax viloyatiga press-tur uyushtirdi

2020-03-17T06:38:31+05:0017 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Jizzaxda tashkil etilgan ushbu press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari “O‘zmilliybank” AJ Jizzax viloyati filiali faoliyati hamda bank tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab viloyatning chekka hududlaridan hisoblangan Arnasoy tumanida bo‘lib, 2019 yilning sentyabr oyida ish boshlagan 1200 o‘rinli “Arnasoy Gold Tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Mahalliy tadbirkor tomonidan ip gazlama hamda momiq tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish maqsadida “O‘zmilliybank” AJ viloyat filiali tomonidan zamonaviy uskunalarni olib kelish uchun qiymati 81 milliard so‘mlik loyiha taqdim etilgan. Natijada, yillik quvvati 6 million 800 ming dona tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 600 nafardan ziyod qishloq xotin-qizlari ish bilan ta’minlangan.

– Korxonamizda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning 95 foizi shu hududda yashovchilar hisoblanadi, — deydi korxona bosh direktori Erkin G‘ulomov. – Asosiy maqsad ham hudud aholisini ish bilan ta’minlash edi. Hozirda 100 turdan oshiq eko sertifikatiga ega ip gazlama hamda momiq tekstil mahsulotlarni ishlab chiqarayapmiz. Mahsulotlarimiz asosan Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda. Kelajakda ishchilarga yanada keng qulaylik yaratish maqsadida korxonamiz qoshida ishchilarning farzandlari uchun 600 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi hamda maktab qurishni rejalashtirganmiz.

Press-tur ishtirokchilari shuningdek, Jizzax shahridagi “KARINA KAYU” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdilar. Yiliga 41 ming nafardan ortiq bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyatiga umumiy qiymati 4 milliard so‘m bo‘lgan loyiha taqdim etilgan. “O‘zmilliybank” AJ viloyat filiali tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga, Latviya Respublikasida ishlab chiqarilgan “Somatom go/Up (32)” rusumli kompyuter tomografiyasi, uzluksiz elektr manbasi, tibbiyot termografik printeri va termoplyonka sotib olingan. Markazga 85 nafar malakali shifokor jalb etilgan.

Press-tur davomida ishtirokchilar zamonaviy, qulay va innovatsion texnologiyalarga ega, yangidan barpo etilgan “O‘zmilliybank” AJ Jizzax viloyat filialida aholiga yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Filialda mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida elektron navbat, jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish uchun universal amaliyotlar zali, universal kassa xizmatlari, valyuta ayirboshlash shoxobchasi, 24/7 tizimda ishlovchi bankomatlar va infokiosklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois filial mijozlari ko‘lami tobora ortib bormoqda. Jumladan, ayni paytda 6,8 ming yuridik va 78,9 ming jismoniy shaxslar mazkur filial mijozi hisoblanadi.

Navbatdagi manzil Sharof Rashidov tumani, Uchtepa qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan Rossiya – O‘zbekiston qo‘shma korxonasi “AAA COMPANY” mas’uliyati cheklangan jamiyat bo‘ldi. Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilgan mazkur korxona tomonidan umumiy qiymati 13 milliard so‘m bo‘lgan loyiha taqdim etilgan. Bank tomonidan ajratilgan kredit mablag‘i evaziga, bouling markazi va 3D kinoteatr qurilib, zarur jihozlar xarid qilingan. 3D kinoteatr 2 ta zaldan iborat bo‘lib, har biri 50 ta tomoshabinni o‘z ichiga oladi. Ayni paytda mazkur aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida 45 nafar xodimning bandligi ta’minlangan.

Shuni ta’kidlash joizki “O‘zmilliybank” AJ viloyat filiali tomonidan 2019 yilda,27mijozga AQSh dollari va yevroda jumladan, Xitoy taraqqiyot banki, Shveysariya banki (Credit Suice), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) kabi xorijiy moliya institutlari mablag‘lari hisobidan kreditlar ajratilgan. Ushbu ajratilgan kreditlar asosan import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hamda aholiga xizmat ko‘rsatish sohasi uchun asbob-uskunalar sotib olishga yo‘naltirilgan. Ta’kidlash kerakki, o‘tgan yilda ajratilgan kreditlar hisobidan jami 2 ming 100 dan ziyod ish o‘rinlari yaratilgan.

Jamshid YoRBEKOV (surat), O‘zA