Mo‘ynoqda agrotexnika amaliyoti boshlandi

2020-03-17T06:32:19+05:0017 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bugun ekspeditsiyaning birinchi ish kuni. Erta tongdan O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish qo‘mitasi xamkorligida tashkil etilgan «Orol va yoshlar 2 » o‘quv-ilmiy ekspeditsiya ishtirokchilari Mo‘ynoq tumanida joylashgan qariyb 2 gektar maydonni egallagan O‘zMUning 1-o‘quv-ilmiy poligonida agrotexnika amaliyotini boshlashdi.

Hududda 20 tur va navdan iborat 1000 dona mevali, 400 dona manzarali daraxtlar, shuningdek, tuproqni eroziyadan saqlovchi 250 dona o‘simliklardan iborat ekologik plantatsiya mavjud. Mazkur ekologik o‘quv-ilmiy poligonni bundan roppa-rosa bir yil muqaddam O‘zMUning Biologiya fakulteti tashabbuskor talaba-yoshlari tomonidan bunyod etilgan edi. Tashabbuskor, mexnatsevar, bunyodkor yoshlar va professor- o‘qituvchilari Vatan uchun, shu zamin uchun o‘zining oz bo‘lsada xissasini qo‘shish uchun bugun yana Mo‘ynoqda. Dastlab Biologiya fakulteti dekani, professor To‘xtasin Abduraxmonov tomonidan kunlik bajariladigan ishlar taqsimlab berildi. Tashabbuskor yoshlar 5 ta guruxga ajratildi. Fakultet dekani boshchiligidagi gurux xudud tuprog‘i, uning o‘ziga xos xususiyatlari, dorivor o‘simliklar tabiati va unish shartlari bo‘yicha magistrant va tayanch doktorantlarga maxorat darslari o‘tish va umumiy ishni nazoratiga, kafedra mudiri, dotsent Rustam Allaberdiyev guruhi ekologik poligonga traktor yordamida ishlov berishga, dekan o‘rinbosari Orzubek Fayzullayev guruhi yangi mevali ko‘chatlar o‘tqazishga, katta o‘qituvchi Otabek Eshonqulov guruhi esa ko‘chatlar va dorivor o‘simliklarga ishlov berish va oqlashga, o‘qituvchi Jasur Mirzayev guruhi esa bog‘ni qurib qolgan begona o‘tlardan tozalashga kirishib ketishdi. Hasharga tabiat ham o‘z xissasini qo‘shish maqsadida mayin shamol va o‘rtacha issiqlikni hadya qilmoqda. Yoshlarning shijoati va kayfiyati a’lo darajada. Hamma ish bilan band. Biz esa ularni el-yurtga ovoza qilish bilan bandmiz. O‘zbekiston Qaxramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, marhum Erkin Vohidov ta’biri bilan aytganda «Bizlar ishlayapmiz bu mexnat xolos. Bizlar xaddan oshmaymiz.Shunchaki, Vatanni boshqalardan ko‘proq sevamiz. Bizning dardimiz shudir ukajon». Biz harakatdamiz. Harakatdagi insonni esa tani va ruhi sog‘lom, e’tiqodi mustahkam bo‘ladi. E’tiqod va irodamizni toblash uchun ushbu zaminga qadam bosdik aziz zamondosh. Sizchi?! Siz nima bilan bandsiz Vatandosh?!

Ravshan Omonov

Ekspeditsiya Axborot xizmati raxbari.