AQSh kongressida O‘zbekiston bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tdi

2020-03-14T13:53:45+05:0014 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

AQSh Senati binosida mamlakatimizning Vashington shahridagi elchixonasi tashabbusi bilan Nebraska shtatidan kongressmen etib saylangan Jeff Fortenberri idorasi bilan hamkorlikda brifing tashkil etildi.

Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

Tadbirda Nebraska shtatining AQSh kongressidagi vakillari, jumladan senatorlar Deb Fisher va Ben Sass, kongressmenlar Jon Fortenberri, Don Bekon va Adrian Smit, shuningdek Qonunchilik palatasining 100 dan ziyod nufuzli vakillari, olimlar stafferlar ishtirok etdi.

Uchrashuv qatnashchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek diyorimizning investitsiyaviy va turistik salohiyati haqida ma’lumot, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning istiqbollari to‘g‘risida batafsil axborot berildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati, mamlakatga investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada yaxshilash, turizm sohasidagi, madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilishi tufayli respublikamizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishda katta tajribaga ega bo‘lgan Nebraska shtati bilan hamkorlik munosabatlarini kuchaytirish imkoni payda bo‘lgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Nebraskaning iqtisodiy tuzilmasi bir-biriga juda o‘xshash ekani qayd etildi.
Brifing davomida senator Deb Fisher so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar Kapitoliy yerida ham keng miqyosda ma’qullanayotganini e’tirof etdi. Senatorning fikricha, respublikamiz va yetakchi kongressmenlar idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha ikki tomonlama maslahatlashuvlar orqali yanada rivojlantirish juda muhim. AQSh mamlakatda davom ettirilayotgan islohotlarni samarali amalga oshirish, jumladan, birinchi navbatda iqtisodiyotni mustahkamlash, kishilar turmush sharoitini yaxshilashda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Shuningdek, Fisher xonim O‘zbekistonning tashqi siyosat bobida tanlagan yo‘lini, xususan mintaqadagi davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, hamkorlikni mustahkamlash masalasidagi qat’iy va ijobiy sa’y-harakatlarini ham yuqori baholadi.

AQSh kongressiga Nebraska shtatidan saylangan eng obro‘li senatorlardan biri Ben Sass O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar rivojidagi ijobiy sur’atni saqlab qolish juda muhimligini ta’kidladi. “Mamlakatingiz islohotlar bobida juda ilg‘or”, – deya O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni yuqori baholadi u.

Kongressmen Jon Fortenberri esa ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish istiqbollari haqida so‘zlarkan, O‘zbekistonning yomg‘irlatib sug‘orish bo‘yicha texnologiyalarga ixtisoslashgan “Valmont”, “Lindsay”, “Reinke” singari kompaniyalar (E’tiborli jihati shundaki, mazkur 3 ta kompaniya aylanma yomg‘irlatib sug‘orish uskunalari ishlab chiqarish va jahon bozoriga yetkazib berish bo‘yicha butun dunyodagi miqdorning 93 foizini nazorat qiladi), shuningdek Nebraska chorvadorlar assotsiatsiyasi, baliq mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar hamda parrandachilik korxonalari vakillari bilan sherikligini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligini bildirdi.

Kongressmen Don Bekon bilan mintaqaviy siyosat va xavfsizlik masalalari, jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi.

“Biz O‘zbekistonga oshkora minnatdorlik bildirishimiz kerak”, dedi kongressmen, O‘zbekistoning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etarkan.

O‘zA