O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Namangan viloyati bo‘limiga yangi rahbar saylandi

2020-03-14T13:46:04+05:0014 March, 2020|Namangan vil.|

Joriy yilning 13 mart kuni Namangan shahrida viloyat jurnalistlari faollarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Uyushmaning viloyat bo‘limiga taniqli shoir va jurnalist, «Namangan haqiqati» gazetasi bo‘lim mudiri Nosirjon DEHQONOV (Nosir ABBOS) bir ovozdan rais etib saylandi.

Shu vaqtga qadar bu lavozimni Mahmudjon PARPIYeV boshqarib kelgan edi.U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zoligiga saylanib, ayni paytda Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritmoqda.

Tanqidiy va samimiy ruhda o‘tgan yig‘ilishga “Yangilanishlar jarayonida jurnalist mahorati va kasb etikasi” mavzuidagi konferensiya ulanib ketdi.Unda bugungi kunda viloyat jurnalistlari oldida turgan vazifalar muhokama qilindi va istiqbol rejalar belgilab olindi. Tadbirda muvaffaqiyat bilan faoliyat olib borayotgan tuman gazetalaridan biri “Norin ovozi” gazetasi jamoasi va viloyatning bir qator faol jurnalistlariga Jurnalistlar ijodiy uyushmasining Fahriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla HAKIMOV va Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Pahriddin Matkarimov ishtirok etdi.