Namanganda bolalar teatriga ehtiyoj yo’qmi?

2020-03-12T06:38:36+05:0012 March, 2020|Namangan vil.|

Teatrga borish barchaga, ayniqsa bolalar uchun bayramga aylanadi. Bu yerda bolalarni nafaqat spektaklь, balki zal, sahna va uning jihozlari ham lol qoldirishi bilan birga yana kelishga ishtiyoq uyg’otadi.

Qo’g’irchoq teatri o’zining tabiatiga ko’ra jozibali bo’lishi bilan bir qatorda chaqqonligi, safarbarligi, joy va vaqt tanlamasligi, doimiy tomoshabiniga egaligi bilan ajralib turadi. Lekin… sharti shuki, tomosha albatta qiziqarli bo’lishi lozim. Teatr donishmandlaridan biri — “Qo’g’irchoq teatri xuddi kattalarniki kabi, lekin undan o’n chandon mukammalroq, badiiy – barkamolroq bo’lishi lozim” — degan ekan.

Hozir mamlakatimizda o’n bitta davlat qo’g’irchoq teatri eng yosh tomoshabinlarga xizmat ko’rsatadi. Bu sanoqda Namanganning yo’qligi esa har bir jabhada ilgarilab borayotgan viloyat uchun ajablanarli hol.

Har bir sohadagi o’zgarishlar, yangilanishlarni namanganliklarning bugunidan mamnunligida ko’rsa bo’ladi. Biroq, bolalar uchun teatrning tashkil etilmagani yoki e’tibordan chetda qolib ketayotgani achinarli, albatta. Shaharning qoq markazida joylashgan “O’zbekiston” kinoteatriga odam yo’lamay qo’yganiga yillar bo’lib, bugun ko’rimsiz ahvolga kelib qolgani, qaysidir mayda tadbirkorlarga berib yuborilganini ko’rib, afsuslanasan.

Tayyor bino, ta’mirlansa bip-binoyidek go’zal holga keladi. Bolalikni faqatgina istirohat bog’ida o’yinlardan yoki televizordagi multfilmlardan iborat deb yurgan kichkintoylarga “Bolalar teatri” tashkil qilinsa viloyat ma’naviy olami yana oldingi o’ringa siljib olardi. Qachongacha bolajonlar yilda atigi bir marta Navoiy teatrida Qorbobo va Qorqizni ko’rishganini eslab, orziqib yurishadi?! Imkoniyat, sharoit yetarli ehtiyoj va talab undan-da kuchli bo’lib turganda, mutasaddilarda qarshilik bo’lmasa kerak, fikrimizcha?!

Saida ISMOILOVA