Madadga muhtoj madaniyat markazi

2020-03-11T12:25:28+05:0011 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

FOTOTANQID

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi “Do‘rmon” mahalla fuqarolar yig‘iniga kirib borar ekansiz, peshtoqiga “Do‘rmon” madaniyat markazi deb yozilgan bino e’tiboringizni tortadi.

Avvaliga chekka qishloqda bunday markaz faoliyat ko‘rsatayotganidan xursand bo‘lasiz. Ammo bu yerdagi manzara bilan tanishgach, e’tibordan chetda qolgan madaniyat markazining ahvolidan hayratga tushasiz. Muhtasham bino ta’mirga muhtoj. Deraza oynalari singan, suvoqlari to‘kilib ketgan, bironta o‘rindiq yo‘q. Qishloq ahli madaniyat markazida qachon oxirgi marta ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilganini eslay olmaydi.

Aytishlaricha, madaniyat markazida milliy cholg‘uchilik yo‘nalishida san’at to‘garaklari tashkil etilgan, lekin ish kuni bo‘lishiga qaramay biz borgan kuni markaz mutasaddilarini topishning imkoni bo‘lmadi. To‘garak xonalari(agar uni shunday deyish mumkin bo‘lsa) umuman isitilmaydi, oddiy elektr lampasi ham yo‘q. To‘garak faoliyati uchun zarur bo‘lgan milliy cholg‘u asboblari ham yo‘q.

Ko‘rinadiki, katta yo‘l bo‘yida “savlat” to‘kib turgan madaniyat maskanida yuzaga kelgan muammolar kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolmagan. U yillar davomida yechimini kutib turibdi. Tuman mutasaddilari esa bu holatni ko‘rsa ham ko‘rmagandek bo‘lib yuribdi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA