Boshidan sasigan baliq dumidan tozalanadimi?

2020-03-10T12:15:18+05:0010 March, 2020|Jurnalist ijodidan|

2019−2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi qabul qilingan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilishga kirishilishi kerak edi, qator sohalarda «Korrupsiyasiz soha» loyihasi amalga oshirilishi belgilangan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining Bosh prokurorlar bo‘lgan avvalgi uchta raisi korrupsioner sifatida qamalib ketganidan so‘ng, Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev komissiya raisi etib tasdiqlandi. Ammo u ham tez orada navbatdagi korrupsiyada ayblangan Respublika prokuraturasi rahbari o‘rniga Bosh prokuror etib tayinlandi. Bu idoradagi mas’ullar shu paytgacha «korrupsiyaga qarshi kurashni boshqarish» o‘rniga korrupsiyaning o‘zini boshqarishni afzal ko‘rishdi.

Boris Yelsin davrida «Argumentы i faktы» gazetasida oddiy fuqaroning bir xatini o‘qigandim: «Janob Prezident! Mafiyani jilovlang, yo‘q qiling! Agar yo‘qota olmasangiz, bizga ham ruxsat bering, biroz ishtirok etaylik…»

Nihoyat, mamlakatimizda majburiy mehnatga chek qo‘yilmoqda va biz bunga quvondik. Aks holda: «Rahbar kelyapti, ko‘cha supurishga odam kerak? O‘qituvchini top!», «Kommunal to‘lovdan qarz ko‘payib ketdimi? Muallimlarni uyma-uy yugurtir!», «Paxta terilmay qolyaptimi, sovuq tushdimi? Do‘xtirlarni dalaga hayda!», «Majlis bo‘ladimi, zalni to‘ldirish kerakmi? Tibbiy hamshiralarni chaqir, kasallar kutib turadi», edi. Har baloga ta’lim va sog‘liqni saqlash balogardon edi.

Yangi Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev ham «korrupsiyaga qarshi kurash»ni ta’lim va tibbiyotdan boshladi. Eng katta korrupsionerlar muallimlar va shifokorlar ekan?!

«Qalovini topsang, qor yonadi»mi?

2016 yildan beri aytib kelinayotgan «mansabdorlarning daromadlarini deklaratsiya qilish» hali-hanuz joriy etilgani yo‘q. 2017 yildan beri va’da qilinadigan «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingani yo‘q. Va’da qilingan «sud hokimiyatining mustaqilligi» (sudlar qonunga emas, hokimlarning imo-ishorasiga ko‘proq bo‘ysunmoqda), «davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimini shakllantirish» (urilgan-surilganlarni yana lavozimga keltirish avjida), «manfaatlar to‘qnashuvini hal etish» (hamma qo‘lga ilingulik biznes haligacha amaldorlar va ularning qarindoshlari qo‘lida), «davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi va faoliyatining shaffofligini oshirish» (hisob eshitish va tanqid qilish o‘rniga siyosiy partiyalar saylov paytida ham hukumatni qo‘llab-quvvatladilar, «hokimiyatga kelsangiz, kimni hukumatga ko‘rsatasiz?» degan savolga javoban iqtidordagi Bosh vazir va hukumatni ko‘rsatdilar, hokimiyatni qabul qilishni istamasliklarini aytdilar) orzuligicha qolmoqda. «Fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini ta’minlash va ularni korrupsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, o‘tkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilish» sari bir qadam oldinga qo‘yilsa, ikki qadam orqaga tashlanmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish ham aksariyat hollarda yig‘ilish, seminar, trening o‘tkazish va chiroyli rasmlar bilan matbuotda e’lon qilish darajasida turibdi. 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab «ta’lim muassasalarida yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta’lim berish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tatbiq etilishi» boshlandi, «umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarida korrupsiyaga qarshi mavzular yanada kuchaytiril»di, «Dastur», Yo‘l xaritasi», «chora-tadbirlar rejasi» va hokazolar ishlab chiqildi va hokazolar va shunga o‘xshashlar…

Ko‘chada, hayot doshqozonida ko‘hna bozor avjida: «Six ham kuymasin, kabob ham kuymasin», «Yo‘lini topibdimi, omadini bersin», «Bizda ham qolib ketmaydi», «Tanish-bilishing bor bo‘lsa, yuking yerda qolmas», «Qalovini topib qor yog‘dirish mumkin», «Xamir uchidan patir», «Aka-ukachilik», «Muomalasini qilish», «Xizmat bo‘lsa shaymiz, aka», «Sizdan ugina, bizdan bugina»…

Ayon bo‘ldiki, davlat idoralari, u tuzgan komissiyalari, hay’atlari o‘z safidagi korrupsiya bilan, ya’ni o‘z-o‘zi bilan samarali kurasha olmaydi va kurasha olmayapti. Bunga o‘tgan yillar dalildir.

«Kelinglar, o‘rtoqlar, bugundan halol yashaylik!» – degan da’vatlar havoda osilib qolmoqda. Belgilangan choralar «hozircha tayyor emasmiz», «yana bir-ikki yil orqaga suraylik», «dasturlar va yo‘l xaritalarini yanada chuqurroq ishlab chiqaylik» deb ortga surilmoqda. Korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lgan monopoliyalarga qarshi choralar ham shunday: «yana ikki yil soliq imtiyozlari tura qolsin», «bizning mahsulotni sotilishi uchun raqobatchi xorijiy mahsulotlar yana bir-ikki yil kiritilmasin», «mahalliy ishlab chiqaruvchilar xonavayron bo‘lmasin, chet el mahsulotiga kattaroq boj qo‘yaylik» kabi bahonalar bilan bozor iqtisodi joriy etilmayapti.

Darvoqe…

Madomiki, korrupsiyani yuqoridan boshlab tugatish samara bermayotgan ekan, uni pastdan boshlashga qaror qilingan ko‘rinadi.

Shuning uchun bugun qamoqda o‘tirgan bir Bosh prokuror chiqib: «O‘rtoqlar, poraxo‘rlikka qarshi kurash samarali bo‘lishi uchun pastdagilar pora berishni to‘xtatishi kerak!» – degandi Oliy Majlis minbaridan. Albatta, savollar yuzaga kelgandi: «Bermasak, ish bitmayapti-da». «Bermasak, hatto qiyo ham boqmaydi-da…», «Bersang, qo‘yday jovdirab turadi. Bermasang, bo‘riday tashlanadi…»

Korrupsiyaga qarshi kurashga xalqni jalb qilish uchun «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida» Qonun qabul qilindi va jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va hatto har bir fuqaro har bir idorani yo muassasani tekshirishiga izn berildi. Lekin xalq hali bunga kirishgani yo‘q. Qo‘rquv, hadik va xavotirlar bor hamda ular bejiz ham emas.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev aniq va tiniq da’vat etdi: «Jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari erkinligi masalasida orqaga qaytish bo‘lmaydi!»

Axir, korrupsiya iqtisodni vayron qilmoqda, xalqni qashshoqlashtirmoqda, davlatni ham yemirmoqda, dunyoning oldida sharmanda qilmoqda. Korrupsiya darajasiga borasida Transparency International Xalqaro korrupsiyaga qarshi tashkiloti (Corruption Perception Index) ro‘yxatida O‘zbekiston 180 davlat orasida 158-o‘rinda qayd etilgani sharmandali holdir.

Millat bir qalqinib, uyg‘onishi kerak: nahotki halol yashay olmasak, «yana bir-ikki yil» avvalgiday yashab turaylik, desak. Mana, «Kun.uz» muxbiriga bir senatorning so‘zi: «O‘zbek jamiyatidagi korrupsiya illatini ikki-uch yilda birdaniga tozalab tashlashning iloji yo‘q… Bu illatlarning ildizini jamiyatdan sug‘urib tashlash uchun esa yillar kerak». So‘raging keladi: «Biz-ku ko‘rmaymiz, shekilli… Bolalarimiz, nevaralarimiz ko‘radimi?!»

Korrupsiyaning ildizi chuqur va tarvaqaylagandir…

Korrupsiya nima o‘zi?

Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir.

Afsuski, ijtimoiy fikr so‘ralganda, korrupsiya eng ko‘p tarqalgan sohalar sifatida tibbiyot va ta’limni aytishadi, chunki prokuratura yoki militsiyaga har kimning ishi tushavermaydi va tushmasin ham, astag‘furilloh. Aslida korrupsiya botqog‘iga botmagan soha qolmagan. Bola tug‘iladigan tug‘ruqxonadan to so‘ngi manzil bo‘lgan qabristongacha korrupsiya bor – yaxshi pul bermasang tuzukroq yerdan qabr ham ololmaysan… Chegaradan o‘tadigan bojxonadan noliydi, sudga borgan sudlovning qallobligidan fig‘on chekadi, bankka borgan kreditni porasiz olib bo‘lmasligidan dodlaydi.

Albatta, ta’lim va tibbiyot ham korrupsiyadan xoli emas. Korrupsiyadan xoli yer yo‘q bu yurtda….

O‘zAdagi xabarga ko‘ra: «Masalan, tibbiyotda byudjet mablag‘larining 25-30 foizi samarasiz ketmoqda. Ko‘plab sohalarda davlat xaridlari yopiq holda amalga oshirilmoqda». O‘zimizning tilga o‘girsak, byudjetning uchdan biri — trillionlab mablag‘lar o‘marilmoqda degani va bu davlat axborot agentligining avaylab aytgan xabaridir.

Baliq boshidan sasigan bo‘lsa, boshidan tozalanishi to‘g‘riroqdir. Aks holda, korrupsiyaning sabablari bilan emas, oqibatlari bilan kurashamiz va bu kurashning oxiri bo‘lmaydi.

Korrupsiyaning ko‘lamini his qilish uchun poraxo‘rlik, «otkat» (byudjetdan mahsulot xarid qilishdan ulush olish), hokimiyatni suiiste’mol qilish, qavm-qarindoshchilik va tanish-bilishchilik qaysi sohalarda ekaniga e’tibor berish kerak. Umrida pasport almashtirish uchun bir necha bor militsiyaga borgan, ishi umuman sudga va prokuraturaga tushmagan aksariyat odamlar bu tizimlardagi korrupsiyani bilmasligi tabiiydir. Xalq maktab va institutga boradi, mazasi qochsa, poliklinika va shifoxonaga yuguradi, suv, gaz va elektr korxonalariga ishi tushadi. Shuning uchun faqat shu sohalarda korrupsiya bor deb biladi. Davlat ham bundan «unumli» foydalanib, odamlarning e’tiborini shu sohalardagi korrupsiyaga qaratmoqda.

Aslida korrupsiya daraxtining asl ildizlari uzun va – pastga emas – yuqoriga qarab ketgandir, ketganda ham yuqorilagan sari yo‘g‘onlashib ketgandir.

Aslida bu sohalardagi korrupsiya – yuqoridagi ulkan korrupsiyadan kelib chiqadi – bu byudjet mablag‘larining maqsadli ishlatilmasligidan, «yo‘lda» o‘marilib, universitet, maktab, kasalxonaga yetib kelmasligidan yuzaga kelgan oqibatlardir.

Maktabda xalq nimadan noliydi: maosh ozligi uchun o‘qituvchilar tez-tez pul yig‘adi: bayramga, muallimlar kuniga, sinfni ta’mirlashga, derazaga parda olishga, maktab fondiga, kirib-chiqish elektron tizimiga… Bunga byudjetdan mablag‘ ajratiladi-ku?!

Byudjet puli hali-hanuz so‘nggi manziliga yetayotgani yo‘q!

Tibbiyotda xalq nimadan norozi: hamma narsa pullik, maosh kamligidan malakali shifokorlar xususiy klinikalarga ishga o‘tib ketgan, davlat poliklinikasiga yoki shifoxonasiga borsang, tashhis va tahlil uchun pullik klinikalarga yuboradi. Savol tug‘iladi: xususiy klinikadagi o‘sha oddiy tadbirkor sotib olgan xorijiy tashhis yo tahlil apparatini byudjeti trillionlab bo‘lgan davlat sotib ololmaydimi?!

Maoshi ozligi uchun ikki joydan haq oladigan shifokor tahlil uchun tanish va haq olib turadigan xususiy klinikaga yuboradi yoki dori-darmon yozib bersa, tanish aptekaga yo‘llaydi. Kasalxonaga yotsang, to‘shagingni o‘zing olib borasan, dori-darmoningni o‘zing sotib olasan, kasalxonaning ovqatida uch kunda ko‘zing tinib, yiqilib tushasan, shuning uchun ovqatni ham uydan tashishadi. Byudjetning pullari qayga ketadi?!

Bu pullar o‘rtaliqda – moliya vazirligida va soha vazirliklarida, viloyat, shahar va tuman bo‘limlarida, hokimiyatlarda «hazm» qilinadi. Global korrupsiyadan kelib chiqqan bu maishiy korrupsiya – muallimlar yoki shifokorlarning korrupsiyasi xalqning ko‘ziga ko‘rinadi, odamlarning nazarida shifokorlar yoki muallimlar asl aybdor bo‘lib ko‘rinadi.

Mamlakatdagi tibbiyot va ta’lim (boshqa sohalar) uchun avval maoshingdan soliq to‘laysan, lekin ishing ta’limga va tibbiyotga (boshqa sohalarga) ishing tushsa, yana seni (bu gal noqonuniy) pulga tushirishadi. Bir xizmatga ikki marta haq to‘laysan.

Shunday qilib…

Ishga qabul qilish ham – korrupsiyaning tarkibiy qismidir, lavozimning «shapkasi» noqonuniy daromadi borligining darajasiga qarab belgilanadi.

«Soqqa qilish» imkoni borki, yuqori o‘rinlarga millionlab dollar pora bilan kiriladi, «daromadi» kamroqlariga kamroq pora beriladi, tanish-bilishchilik, hamyurtlik, to‘dachilik munosabatlari ishga tushadi. Bu illat butun ma’muriy va ijtimoiy sohani qamrab olgan.

Eshitib qolamiz, bog‘chaga, maktabga, shifoxonaga ishga kirishga pora olayotganlar yoki berayotganlar qo‘lga tushadi. Hayratli hol, lekin sababi aniq. 700 000-800 000 so‘m (70-80 AQSh dollari) maoshi bor hamshiralikka ishga kirishga 1000-2000 AQSh dollari pora so‘rashadi va, qarz-qavola qilib, beradiganlar bor?! Chunki bu ishda ham harom «qo‘shimcha daromad» bor-da.

Davlat amaldori qarindoshlari va hamtovoqlariga korxona yoki firma ochib beradi va davlat byudjetidan xarid qilinadigan mahsulotlarga yoki amalga oshiriladigan ishlarga hech bir tendersiz-tanlovsiz yoxud nomigagina o‘tkazilgan yopiq ko‘riklar orqali shu tanishlarga buyurtma beradi.

Misol kerakmi?

Hali yodimizda va, qolaversa, o‘sha vazir va o‘sha hokim hanuz iqtidorda, audioyozuvlar borligi, tartiblar o‘sha-o‘sha bo‘lgani uchun aytamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarini «iflos, hayvon, hezalak» deb so‘kkan audioyozuv tarqalgandi va anchagina muhokamalarga nishon bo‘lgandi.

Haqoratlar oqimining eng shiddatlisi Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovga nisbatan aytilgani anglashiladi. Viloyat hokimi boshqarma boshlig‘ini «iflos», «hayvon», «shakal», «hezalak», «karranda», «maymun» kabi so‘zlar bilan atagan. 2 soatu 36 daqiqadan iborat audioyozuv Izboskan tumani markazi Poytug‘da bo‘lib o‘tgan majlisning yozuvi ekani ma’lum bo‘ldi.

Bu majlisda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonov ayovsiz haqorat qilinadi: «Nega menga bunaqa aql beryapsan, ey «oblzdrav»ning boshlig‘i, iflos, maraz, latta. Ey, seni o‘zi nimadan xabaring bor, aytgin! Kasaldan xabaring bo‘lmasa, undan xabaring bo‘lmasa, anavu marazing, vazirchang iflos, kecha menga kevolib, ketimga paxta qo‘yib, Andijondan chiqqan, Genprokurorga xat kirgizibdi. Shpritsni unaqa qilib o‘tkazyapti, perchatkani munaqa qilib o‘tkazyapti tender qilmasdan. Sen marazsan, dudkasan sen, erta-indin boshingni yeyman, sen iflosni. Genprokuror menga aytyapti, Shuhrat aka borib vazir bilan gaplashvoling, mana bunday xat qilyapti, deb. Men shpritsni kirgizdirib, katta xolamnikiga olib ketyapmanmi? Nimasiga e’tirozing bor, sifatsiz deganmishsan, iflos? Sen, kak medik tushunadigan bo‘lsang, nimasi sifatsiz uni?»

Ikki soatlik baqir-chaqirni eshitish ham og‘ir, bu yerda keltirish ham mushkul va o‘quvchini ham asrash lozim. Lekin bu so‘zlarni eshitarkansan, hayratga tushasan. Bu bozordagi dahanaki jang yo choyxonadagi olifta janjal emas, axir. Bu bir ulkan viloyat hokimining sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, ziyoli shifokorga aytayotgan gaplaridir.

Bu qadar kuchli baqiriqqa sabab bo‘lgan hodisa nima edi? Hokim sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan aytgan haqoratli gaplarini boshqarma Andijonda ishlab chiqarilgan shprits va tibbiyot qo‘lqoplarini sifatsiz deb, Toshkentdagi firmalardan sotib olayotgani bilan izohlaydi: «Toshkentdagi bitta iflos, bir yerdan import qilib olib kelyapti, shpritsni. Uni tepasida 15-20 foizdan hammasi o‘tiribdi. Endi, ularning rizqi qirqildi-da! Men u yoqqa pul o‘tkazmayapman, o‘zimnikini olaman, deyapman…»

Ayon bo‘ladiki, hokim bilan boshqarma boshlig‘i o‘rtasidagi janjal aslida manfaatlar to‘qnashuvining oqibatidir.

Viloyat hokimi barcha tumanlardagi tibbiyot birlashmalariga ajratilgan byudjet pullariga faqat u taklif qilgan Andijondagi zavoddan shprits va perchatka sotib olish talabini qo‘ygan. Vrachlar esa, bu mahsulotlarning sifatli emasligidan, doriga o‘tkazilgan pullar ham zavodga o‘tib ketayotganidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilishgan. U yerdan ishchi guruh kelib, vaziyatni o‘rgangan va hokim noto‘g‘ri ish qilayotganini unga aytishgan. Ana shundan, hokimning jahli chiqib ketgan va boshqarma boshlig‘ini haqorat qilib, majlisdan haydab yuborgan. Bu yerda manfaatlar to‘qnashgan.

Elning og‘zini lang ochdirgan janjalning asl sababi ayon bo‘ldiki: gap sog‘liqni saqlashga ajratilgan pullarning tasarruf qilinishida ekan. O‘zining talabini ikki tomon ham bir qarashda haqli ko‘ringan da’volar bilan dalillaydi va qarama-qarshi tomonni tamagirlikda ayblaydi.

Hokim hududida faoliyat yuritayotgan firmaning tibbiy ashyolarini sotib olish lozimligini, bu firmada shu yerlik xalq ishlayotganini va u mahalliy byudjetga sezilarli soliq to‘lashini aytadi va qarshi tomondagi sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning yuqoridagi vazirligini o‘zlariga tanish firma orqali davlat byudjeti pulini sarflayotganini, shundan manfaatdorligini da’vo qiladi («Uni tepasida 15-20 foizdan hammasi o‘tiribdi. Endi, ularning rizqi qirqildi-da! (E’tibor bering: gap davlat byudjeti pullari haqida ketyapti)).

Yechim bor va u shundoq yuzada turibdi. Yuzaga kelgan vaziyat davlat byudjeti mablag‘larining tasarruf etilishi jarayoni hali ham tor xonalarda hal etilayotganini ko‘rsatadi. Soha tomonida buni vazir yoki boshqarma boshlig‘i hal qiladi. Hokimlikda hokimning aytgani-aytgandir. Aslida har ikki tomonni shubhadan xoli qilish uchun davlat xaridlari sohasini shaffoflashtirish, xaridlarni oshkora va halol tenderlar orqali amalga oshirish zarur. Bu Korrupsiyaga qarshi kurashga oid Davlat dasturida ham, hukumat qarorlarida ham bevosita ko‘rsatilgan. O‘sha hokimiyat xayrixoh bo‘lgan firma ham, vazirlik xayrixoh bo‘lgan dillerlar ham oshkora tenderda qatnashsa, jamoatchilik sohaga qancha pul ajratilganini, qayoqqa sarflanganligini bilsa, matbuotda oshkoralik qaror topsa, shu taxlit janjallar va o‘zaro ayblovlarga hojat qolmasdi.

Va nihoyat…

Ulkan korrupsiya byudjetni tasarruf etadigan, moddiy-moliyaviy oqimlarni nazorat qiladigan vazirliklar va idoralar, jarayonning qonuniyligini nazorat qiladigan idoralar, pul-mahsulot oqimlarini yo‘naltiradigan va to‘lov balansini shakllantiradiganlar tomonidan amalga oshiriladi.

Albatta, ular o‘z manfaatlari uchun qonunchilik va ijro hokimiyatini ham o‘z tomonlariga og‘diradilar va bu ham «tekin»ga emas. Kerakli qonunlar va qarorlar monopol sohalar tomonidan «sotib olinadi». Korrupsionerlar huquq-tartibot idoralaridan, sudlov mahkamalaridan qo‘rqmaydi, chunki ularning ham «nafsi, bola-chaqasi» borligini biladi.

Korrupsiya oshkoralikdan qo‘rqadi, xolos. Shuning uchun jurnalistlar, blogerlar ta’qib va tanqid nishoniga aylangan.

Bugungi eng zarur islohot – siyosiy islohotlarni amalga oshirish va bozor iqtisodiyotini joriy etishdir. Qishloq xo‘jaligini va sanoatni davlat monopoliyasidan chiqarish, halol raqobatni va xususiy mulkni himoya qilish kerak.

Huquq-tartibot idoralarini xo‘jalik ishlariga jalb etish korrupsiyani kuchaytiradi. Paxta va g‘allaga davlat buyurtmasini bekor qilish – shu yo‘nalishdagi inqilobiy qadamdir.

Monopolizm va proteksionizm – iqtisodiy korrupsiyaning o‘q ildizlaridir. Ulkan davlat loyihalarida ochiqlik va oshkoralikka yo‘l ochish, chorak asr hukm surgan korrupsiyani yuzaga keltirgan shaxslar o‘rniga halol xodimlarni, «sadoqatli» emas, aqlli kadrlarni amalga keltirish korrupsiya ildiziga bolta uradi.

Korrupsiyaga qarshi kurashadigan «alohida idora»ga yetarlicha vakolatlar berish va halolligi va qat’iyati shubhasiz bo‘lgan xodimlardan tuzish muhimdir, chunki bu idoraning o‘zi ham parlament, jamoat va matbuot nazorati ostida doimiy turishi kerak, chunki korrupsiyaga qarshi idoraning o‘zi korrupsiyalashuvi mumkinligini ko‘p bora ko‘rdik.

Faqat ma’muriy chora – davlat muassasasini tashkil etish – yetarli emas, siyosiy choralar va siyosiy iroda kerak – parlament, matbuot, sudlarga haqqoniy erkinlik berish, pastdan eng yuqorigacha – hammaning daromadlarini ochiq deklaratsiya qilish, xo‘jalik sub’ektlariga imtiyozlar berishni to‘xtatib, chinakam raqobatga yo‘l ochish va moliyaviy oqimlarni shaffoflashtirish shartdir.

Karim Bahriyev,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi Jamoatchilik Kengashi a’zosi

Manba: sof.uz