Arabu mo’g’ul o’chirolmagan, “o’zlarimiz” o’zga nomga ko’chirolmagan, oftobni xira bulut yashirolmagan kun keldi

2020-03-12T06:29:26+05:0010 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Navro’zing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O’zbekistonim!

Yurtimizga har yili o’zgacha shukuh bilan kirib keladigan bahor fasli bayramlarga boy. Har bir shodiyona xalqimizning qalbiga iliqlik olib kiradi. Bahor bezagiga yana ham ziynat beruvchi bayram bu – Navro’z.

Ko’klam nafasi ufurib, ona tabiatimiz beqiyos go’zallik kasb etayotgan, tinch-osoyishta yurtimizning bepoyon qir-dalalari yashil liboslarga burkanib, qalblarimizni mislsiz orzu-umidlarga chulg’ayotgan, kelajakka, ertangi kunimizga ishonch, ulkan yutuq va marralar sari shijoatga to’ldirayotgan ushbu qutlug’ kunlarda, barchamiz elimizning yana bir qadimiy shodiyonasi, umumxalq bayrami – Navro’zi olamni qarshi olmoqdamiz.

Ana shunday farahbaxsh kunlarda — 2020 yil 3 mart kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Navro’zing — yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O’zbekistonim!” degan bosh g’oyani o’zida mujassam etgan Navro’z umumxalq bayramini munosib nishonlashga doir qarori qabul qilingani bayramni yanada ko’tarinkilik bilan, xalqimizga xos bo’lgan mehr-muruvvat, ahillik va bag’rikenglik, tabiat, uning ne’matlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotimizni qadrlab, unga shukronalik keltirib yashashga da’vat etadi.

Uch ming yildan ziyod tarixga ega bo’lgan Navro’zi olam o’zining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ongu tafakkuri, qalbiga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan biz uchun eng qadrli, aziz va suyukli milliy bayramdir.

Navro’z milliy ma’naviyatimiz rivojidagi eng muhim shodiyonadir. Bu kunda yurtimizning har bir go’shasida bahoriy taomlaru, turli milliy o’yinlarga alohida urg’u beriladi. Xususan, milliy taomlarimizdan sumalak, halim, ko’ksomsa, ko’kchuchvara kabilar bayram dasturxonining ko’rkiga aylanadi. Ayniqsa, sumalak bazmlarining o’zgacha gashti bor.

Navro’zning shakllanish davri – eng qadimgi zamonlardan “zardushtiylik”ning paydo bo’lishigacha davom etgan asrlarni o’z ichiga oladi.

O’zbek xalqining buyuk allomalaridan biri Abu Rayhon Beruniy “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida quyosh yili hisobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi to’g’risida so’zlab: “Bu oyning birinchi kuni Navro’zdir, – deydi.

Navro’z yilning birinchi kuni bo’lib, uning forscha nomi ham shu ma’noni anglatadi. Navro’z eronliklar “zij”lari bo’yicha o’tmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga to’g’ri kelar edi. So’ngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan bo’ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg’irining birinchi tomchisi tushishidan, gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, o’simlik unib chiqa boshlashdan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro’z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan.

Qadim-qadimdan Navro’z xolis niyatli kishilarning sevimli ayyomi bo’lib kelgan. O’sha kunlarda hatto urush-janjallar ham to’xtatilgan, gina-qudratlar kechirib yuborilgan. Shohlar el ichidan eng munosib kishilarni taqdirlashgan, ayrim mahbuslarning gunohidan o’tishgan. Bu haqda Lutfiyning “Gul va Navro’z” dostonida shunday satrlar ham bor:

Ulusga mustahiqlarni qilib shod,
Hamul dam bandilarni qildi ozod.

Navro’z barcha shaharu qishloqlarda o’ziga xos sayl tarzda o’tkaziladi. Bayram kuni turli xil musobaqalar o’tkaziladi. Bahor ko’katlaridan tayyorlangan nozu ne’matlar tortiq etiladi. Barcha viloyatlarning eng iste’dodli va yosh xonandalari xizmatda bo’ladilar.

Elimizning murodu maqsadini kuylagan, yurtimizning oromu osoyishini o’ylagan, butun borliq muruvvat aylagan, bag’riga benihoya ezgu muhabbat joylagan, yomonliklar yo’lin boylagan, yaxshilikdan doston so’ylagan, barchani birday siylagan bayramdir bu – Navro’z.

Bu bayramni bahori barobar kelguvchi, bir xil yig’lab, bir xilda kulguvchi, muchal yilini bilguvchi, urfini hurmat qilguvchi talay elu elatlar, mazhablaru millatlar yangi yil deb nishonlaydilar. “To’qson”ning baxayr o’tganini, ya’ni “ko’k”ka og’izlari yetganini aytib, bir-biri bilan omon-omonlashadi.

Bir vaqtlar bo’ldiki, Navro’z eskilik sarqiti hisoblanib, sumalaklar ag’darilib, uni taqiqlab qo’ydilar

O’zbek xalqining milliy qadriyatlarini oyoqosti qilishga, milliy an’analarini yo’qotishga uringan mustabid hukumat turli marosimlar qatori Navro’z bayramini o’tkazishni ta’qiqlab qo’ygan edi. Keksalarimiz bu haqda shunday kunlar bo’ldiki darvozalarini qulflab yashirin sumalaklar qilingani, agar bundan mustabid hukumat xabar topsa, kelib qozondagi sumalak va oshlarni to’kib tashlashganini, odamlarni esa qattiq jazolashganliklarini aytishadi.

Shoir aytganidek:

Senga tosh otganlar g’ayrilar emas,
Esidan, hushidan ayrilar emas,
O’zlarimiz edik, o’zlarimiz bas,
Netay bir-biriga yov bo’lsa ko’zim –
Kuyuk Navro’zim!

Va nihoyat, o’sha – arabu mo’g’ul o’chirolmagan, “o’zlarimiz” o’zga nomga ko’chirolmagan, oftobni xira bulut yashirolmagan kun keldi. Bu kun tug’ida va haq deganining ko’z qorachig’ida keldi. Uni ko’plar intiq kutdilar, shoirlari yurak dardlarini she’rga to’kdilar:

Basirlar bilurmi, tong otar yaqin,
G’ofillar uyg’onur, sen chaqsang chaqin,
Ne ajab, bolga ham til ensa bir kun,
Kel, ahli noqisga tilaylik to’zim,
Buyuk Navro’zim!

Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy o’zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida shunday bayon qiladi: “Abbosiylar xalifasi al-Ma’mun (810-833 yilarda podsholik qilgan) o’zining yaqin kishilari bo’lmish Ali ibn Muso ar-Rizodan “Navro’z nima?” deb so’raganda, u: “Navro’z farishtalar ulug’lagan kundir, chunki ular shu kunda yaratilganlar, uni payg’ambarlar ham ulug’ tutganlar, chunki Quyosh shu kunda yaratilgan, u zamonning birinchi kunidir”, degan.

Xavashyaliklarning aytishicha, Sulaymon podshohning uzugi yo’qolgan kun podshohligi ham qo’lidan ketgan. Qirq kundan keyin uzugi topilgach, podshohligi ham, ravnaqi ham qaytib kelgan. Podshohlar uning huzuriga to’planadilar. Shunda eronliklar “Navro’z omad”, yangi kun keldi” deganlar. Natijada shu kun Navro’z deb ataladi.

Umar Xayyomning “Navro’znoma“ asarida esa bu bayram Jamshid podshoh davriga borib tarqalishini aytadi. Jamshid podshoh dalvarzin oyida Navro’z bayramini nishonlashni buyuradi va har yili shu oyda Navro’z bayrami nishonlanib kelgan ekan.
Bu kunlarda turli urf-odatlarni eslab, atrof-muhit tozalanadi, turli ko’katlarni terib vitaminli taomlar, bug’doy undirib, sumalaklar pishiriladi. Qarindosh-urug’larni yod olib ko’rishga boradilar, ota-bobolarni, o’tgan avlodlarni xotirlab, qabrlarini ziyorat qiladilar. Bemorlarni Navro’z taomlari bilan yo’qlab, ko’ngil ko’taradilar va shundan keyingi kunlardan dala, ishlariga kirishib ketadilar.

Navro’z kishilarni tabiatga yaqinlashtirgan, inson va tabiat o’rtasidagi o’zaro uzviy aloqadorlikni aks ettirgan musulmon xalqlarining ajoyib va noyob madaniy-ma’naviy merosidir.

Quyosh ayni shu kuni hayotbaxsh nurlarini tik, ya’ni 90 daraja burchak hosil qilib, sayyoramizning qoq beliga – ekvatorga yo’naltiradi. Shu daqiqalarda bahorgi kecha-kunduz tenglashadi va 22 martdan boshlab quyoshning tik yo’nalgan nuri shimoliy tropik chizig’i tomon harakatlanadi. Bu Navro’zning ilk va qutlug’ qadami bo’lib, tabiatning jonlanishi bilan kishilarning xo’jalik faoliyati o’rtasida uyg’unlik namoyon bo’ladi. Jumladan, bobo dehqon ona yerga mehr bilan ishlov berishga kirishadi, tabiat o’t-o’lanlar, qir-adirlarni gilam singari yashil libosga bo’yaydi…

Navro’z ayyomidan so’ng yana bir bayram, ya’ni Mahalla tizimi xodimlari kunining nishonlanishi esa, Navro’z va mahallalarimiz hayotida uyg’unlik, mushtaraklik borligidan dalolat beradi.

Nurillo Nasriyev, O’zA