​Bolalar gazeta o’qishni xohlaydi​

2020-03-12T06:30:30+05:0010 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bir vaqtlar xonadonlarning pochtasi doim gazeta va jurnallarga to’la bo’lardi.

Davr taqozosi bilan endilikda bosma nashrlar o’rnini elektron ommaviy axborot vositalari, internet media tuzilmalar egallayotgani barchaga ayon. Biroq zamon qanchalik shiddat bilan taraqqiy etmasin, baribir rostmana mutolaa, kitob, gazeta va jurnal o’qishning ham gashti boshqa.

Mamlakatimizda bolalar uchun bir qator bosma davriy nashrlar chop etiladi. O’zbekiston Respublikasi bolalar va o’smirlar gazetasi bo’lmish “Tong yulduzi” ularning biri. Ko’p yillar avval “Lenin uchquni” nomi bilan chop etilgan ushbu gazeta 90 yildan ortiq tarixga ega. Mazkur nashr bugungi kunda yurtimizda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini qay tarzda yosh avlodga yetkazayapti? Uning muammolari nimalardan iborat? Shu kabi savollar bilan mazkur gazeta bosh muharriri Feruza ODILOVAga murojaat etdik.

– Prezidentimizning 2017 yil 11 avgustdagi “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to’g’risida”gi farmoni va 2017 yil 17 avgustdagi “O’zbekiston Matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi qaroriga muvofiq, o’z hisob raqamimiz va muhrimizga ega bo’ldik. 2017 yil 10 oktyabrda davlat korxonasi bo’lib ro’yxatdan o’tdik.

Gazetaning barcha sonida mamlakatimizda kechayotgan islohotlar, ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusning mohiyati, uning doirasida joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni bolalar uchun sodda, ravon, oddiy tarzda yetkazishga ahamiyat qaratilmoqda. Gazeta bolalarni mutolaaga qiziqtirishning muhim vositalaridan sanaladi. Shu sababli bu borada bevosita ta’lim dargohlari, o’qituvchilar, to’garak rahbarlari, ota-onalar bilan birgalikda ish olib borishga, bolalar uchun qiziqarli mavzularni tanlashga katta ahamiyat qaratilmoqda.

Sahifalarimizda yangilanayotgan O’zbekistonning yangilanayotgan maktablari, jumladan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan bilim dargohlari, ulardagi ta’lim jarayonlari haqida imkon qadar ko’proq materiallar berib borilmoqda.

Yoritilayotgan materiallar orqali bolalarning bilim olishga, ham mutolaaga bo’lgan qiziqishining ortishi shubhasiz. Shu bilan birga turli ijodiy tanlovlar tashkil etib, bolalarni o’qishga bo’lgan intilishini kuchaytirishga, dunyoqarashini kengaytirishga intilmoqdamiz. Masalan, “Kim ko’p kitob o’qiydi” ijodiy tanlovi o’quvchi-yoshlarni kitob o’qishga bo’lgan ishtiyoqini oshirishni ko’zlaydi. “Boyliklarni bolalikdan asrang” nomli tanlov elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi kabi boyliklarning qadriga yetishga, ularni isrof etmaslikka undaydi. “Onajonim – tabiat”, “Dunyo bolalar nigohida” kabi tanlovlarga ham bolalarning qiziqishi katta bo’lmoqda. G’oliblarni taqdirlashda imkon qadar maktablarning o’ziga borib bolalar, ularda kitoblarga havas uyg’ota olgan ustozlari bilan birga rag’batlantirilmoqda.

Gazetadagi ayrim mavzular yosh avlod ta’lim-tarbiyasi bilan bevosita bog’liq bo’lgani sababli “Ota-onangiz bilan birga o’qing”, “Ustozingiz bilan birgalikda o’qing” kabi ruknlar ostida yoshlar tarbiyasi, ularning o’qishga bo’lgan munosabatiga oid maqolalar doimiy berib boriladi. Yosh gazetxonlarning mutolaa orqali ona tili va adabiyot, huquq, ingliz tili va boshqa fanlarga bo’lgan qiziqishini kuchaytirishga katta e’tibor qaratilgan. “A’lochining bir kuni” rukni o’qishda muayyan yutuqlarga erishgan o’quvchilar haqida hikoya qilsa, “Menda taklif bor”, “Tengdosh maslahati” rukn-sarlavha ostida bolalarning o’zlariga oid taklif va mulohazalarni kengroq berib borish bilan birga, turli qiziqarli testlar, fan olimpiadalari g’oliblarining yutuqlari ko’pchilikda katta qiziqish uyg’otmoqda.

– O’quvchi-yoshlarning gazetaga bo’lgan qiziqishini qay tarzda tahlil etib, o’rganib borasizlar?

– Maktablarda bo’lib o’tadigan uchrashuvlar davomida shunga guvoh bo’lamizki, bolalar chindan ham gazetaga juda qiziqadi. Masalan, biz gazeta faoliyatiga doir buklet yoki “Tong yulduzi” nashri yozuvi aks etgan dars jadvalini bolalarga taqdim etganimizda, ular turli bukletlaru jadvallardan ko’ra, ko’proq aynan gazetaning o’zini so’rab, rostmana “Tong yulduzi”ni afzal biladilar.

Hozirgi kunda nashrning obuna orqali tiraji 6 mingtani tashkil etsa-da, gazetani olti mingnafardan ortiq bola o’qiydi, deb bemalol ayta olamiz. Albatta bu ko’rsatkich juda kam. Axir gazeta kirib borgan sinfda, xonadonda uni barcha bolalar mutolaa qilishi tabiiy hol-ku. Bunga maktab o’quvchilarning o’zlari, ota-onalar, o’qituvchilar, adabiyot to’garaklari rahbarlari bilan uchrashuv, suhbatlar jarayonida yana bir karra ishonch hosil qilganmiz.

Sir emaski, bugungi kunda bola birinchi sinfga o’qish, yozishdan xabardor bo’lib bormoqda. Gazeta materiallarini tayyorlashda ayni jihatlarga ham e’tiborni qaratishga intilamiz. Materiallarning rang-barangligini ta’minlashga, ularni fanlar bilan bog’lashga harakat qilamiz.

O’tgan yillar davomida gazetaning tiraji 100 ming bo’lgani holda, bu yil uning adadi keskin tushib ketgani albatta afsuslanarli. Ba’zan buni majburiy obunaga barham berilishi bilan ham bog’laydilar. Lekin shuni aniq aytish mumkinki, bolalar baribir gazeta o’qishni astoydil xohlaydi. Bunga sira shubha yo’q. Tasavvur qiling, 1-sinfga o’qishga kelgan kichkintoy “G’uncha”, “Gulxan”, “Tong yulduzi” kabi nashrlarning borligini qaydan bilsin?! Buni bolalarga ularning o’qituvchilari tushuntirishi kerak. Maktab kutubxonasida ham aynan maktab hayoti, bolalar uchun mo’ljallangan nashrlar, gazeta va jurnallar bo’lmog’i kerak, deb o’ylayman. Hech bo’lmaganida, bir sinfga ikki dona bolalar nashri kirib borishi, bunda maktab rahbari, o’qituvchilar, ota-onalar ham jonbozlik ko’rsatmog’i zarur. Demoqchimanki, mutolaa targ’ibotida o’qituvchilar faollik ko’rsatsa, o’g’il-qizlarning mutolaaga bo’lgan qiziqishi yanada ortishiga sira shubha yo’q. Bizning mushtariylarimiz 1-sinfdan 11-sinfgacha bo’lgan o’quvchilardir. Demakki, birinchi sinf bolasiga ham, 11-sinf o’quvchisi uchun ham qiziqarli bo’lgan materiallarni tayyorlashga harakat qilmoqdamiz.

– Ehtimol obunaning narxi balanddir? O’quvchiga gazetaning yetib borishi bilan bog’liq muammolar ham bo’lsa kerak?..

– Yo’q, gazetamizning obunasi ancha hamyonbop narxda. Bir yilga 62 ming 400 so’mni tashkil etadi. Lekin pochta xizmati narxiga qarab, bu summa o’zgarishi mumkin. To’g’risi, gazetalar hududlarga kechikib boradi. Hatto, Toshkent shahrining o’ziga ham gazeta bosmaxonadan chiqqandan so’ng 2-3 kunlab kechikib boradi. Bugungi tezkor davrda, voqeliklar shiddat bilan o’zgarayotgan paytda gazetani erta yoki indin kuni, ancha kech borishi yaxshi emas, deb o’ylayman. Shuningdek, obuna pullari tahririyatning hisob raqamiga o’z vaqtida kelib tushmaydi.

Muammolardan yana biri oylik ish haqining pastligi bilan belgilansa, boshqa jihatdan ko’pchilik yosh ijodkorlar “Tong yulduzi” gazetasida bir muncha ishlab, so’ngra kattaroq nashrlarga, boshqa mehnat jamoalariga ishga o’tib ketadi. Yaxshi kadrlarga ehtiyoj katta. Yoshlar tahririyatdan ish o’rganadi-da, keyinchalik boshqa joylarga ishga o’tib ketishadi. Aytmoqchimanki, qaysidir ma’noda “Tong yulduzi” gazetasi ko’pchilik yosh jurnalistlar uchun o’ziga xos ijodiy tramplin vazifasini o’taydi. Lekin qayerda bo’lmasin, “Tong yulduzi”da ishlab ketgan kadrlar fidoyiligi, katta ijodiy salohiyatini hamisha munosib tarzda ko’rsata olgani quvonarlidir.

O’zA muxbiri

Nazokat USMONOVA

suhbatlashdi