HАMDАRDLIK: xalqimizning ardoqli shoiri​ Аzim Suyun​ olamdan oʼtdi

2020-03-09T07:34:37+05:009 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bugun 9 mart kuni xalqimizning ardoqli shoiri, taniqli jurnalist, ​Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan madaniyat xodimi Аzim Suyun olamdan oʼtdi.

Аzim Suyun (Аzimboy Аlimovich Suyunov) — 1948 yil Samarqand viloyatiga qarashli Nakurt qishlogʼida tugʼilgan. 1977 yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʼzMU)ning jurnalistika fakulьtetini bitirdi.

Аzim Suyun xalqimizning suyukli shoiri. Uning “Mening osmonim”, “Zamin taqdiri”, “Olis tonglar” “Saylanma”, “Ey doʼst”, “Vatan fasllari”, “Men sizni sevaman” kabi oʼnlab kitoblari xalqimiz tomonidan sevib oʼqib kelinmoqda. Uning asarlari koʼplab tillarda nashr etilgan, ayni paytda uning oʼzi ham bir qancha chet el shoirlari asarlarini oʼzbek tiliga tarjima qilgan. Аzim Suyun Oʼzbekiston Matbuot Davlat qoʼmitasida adabiy maslahatchi, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul kotib, ”Xalq soʼzi” gazetasida boʼlim muharriri, “Oʼzbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari, “Guliston” jurnali bosh muharriri lavozimlarida faoliyat olib bordi, haqgoʼy jurnalist-publitsist sifatida keng tanildi.

Аzim Suyun Birinchi chaqiriq Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati edi.

Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Аzim Suyunning oila aʼzolari, yaqinlariga chuqur taʼziya izhor qiladi.