Yoshlar media muhitidagi faoliyatim munosib rag‘batlantirilganidan baxtiyorman

2020-03-07T17:47:15+05:007 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

E’tirof

Mamlakatimizda kechayotgan tub o‘zgarishlar yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishni kun tartibiga qo‘ymoqda. Davlatimiz rahbari yoshlar bilan uchrashuvida: “Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi”, deya ta’kidladi. Shuningdek, Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham tashabbuskor bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarni tarbiyalash zarurligiga alohida urg‘u berdi.

Bugun Prezidentimiz ilgari surayotgan yoshlarga oid davlat siyosati mazmun-mohiyatini kreativ formatda targ‘ib etish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi apparati muassisligida chop etiladigan “Yosh kuch” jurnalining o‘ziga xos maqomi borligidan mamnunman. Shu tufayli Davlatimiz rahbari nomidan menga topshirilgan “Shuhrat” medali, avvalo, mamlakatimizda yoshlar matbuotiga – demakki, yoshlar ma’naviyati, madaniyati, ma’rifatiga qaratilgan oliy e’tiborning in’ikosi deb bilaman.

Qolaversa, oliy darajadagi ushbu e’tirof O‘zbekistonda ayol kadrlar qadrining yuksalganligi ifodasidir. Yoshlar media muhitidagi faoliyatimni bugungi jo‘shqinlik kayfiyatida o‘zgacha motivatsiya bilan davom ettirarkanman, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi jamoasi, xususan “Yosh kuch” jurnali tahririyati nomidan barcha yurtdoshlarimizni bahoriy bayramlar bilan muborakbod etib qolaman. Bahor yangi g‘oyalar va yaxshi tashabbuslarimizning debochasi bo‘lsin.

Iroda DADAJONOVA,

“Yosh kuch” jurnali bosh muharriri,

“Shuhrat” medali sohibi