Adolatning faol jarchilari

2020-03-06T12:18:27+05:006 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

Bugun ayol jurnalistlar milliy media tuzilmasida ham faol mehnat qilmoqda.
Milliy matbuot markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan ma’rifiy tadbirga ommaviy axborot vositalarining turli yo‘nalishlarida samarali mehnat qilayotgan jurnalist opa-singillarimiz taklif etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov, mazkur uyushma qoshidagi Jurnalist ayollar kengashi raisi Feruza Odilova, O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Bobojonova va boshqalar bugungi shiddatli islohotlar jarayonini keng yoritish, mavjud muammo va kamchiliklarning ildizini ochib berishda ayol jurnalistlar ham munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

Mustaqillik yillarida 2 ming 80 nafardan ortiq xotin-qiz Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan. O‘ttiz nafar ayol ijodkorimiz «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoniga ega ekani, o‘nlab jurnalist ayollar esa «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni, orden va medallar bilan taqdirlangani ularning mehnatiga bo‘lgan e’tibor namunasidir. Ijodkor xotin-qizlar O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan «Oltin qalam» Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov, «Yilning eng faol jurnalisti», «Eng ulug‘, eng aziz» kabi ijodiy ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.

– Bugungi shiddatli davr «Ayol uy bekasi, oila qo‘rg‘oni» degan bir yoqlama qarashlarga ham barham bermoqda, – dedi O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Bobojonova. – Bugungi kunda ayollar davlat va jamoat arbobi, islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida ham yurtdoshlarimiz ko‘z o‘ngida gavdalanmoqda.

Tadbirda turli yo‘nalishdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari taqdirlandi. Bugungi jurnalistika oldidagi dolzarb masalalar, ayol ijodkorlar manfaatini ta’minlash borasidagi taklif-mulohazalar bildirildi.

Ishtirokchilar ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik izhor etdi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA