Navoiyliklar mo‘ynoqqa bahorni “Olib borishdi”

2020-03-03T05:41:47+05:003 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Navoiy viloyat hokimligi, viloyat adliya boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq shahriga mediatur tashkil etildi. Unda fuqarolik jamiyati instituti vakillari, jurnalistlar va madaniyat xodimlari ishtirok etishdi.

Ma’lumotarga ko‘ra, 1965 yilda Orol dengizida 160 ga yaqin baliqchilik kemalari suzib yurgan. Hozirgi vaqtga kelib, ulardan o‘nga yaqinigina ish holatida saqlab qolingan. Qolganlari esa Mo‘ynoq shahridan shimolroqda joylashgan, avval bandargoh bo‘lgan hududda mangu qo‘nim topgan. Dengiz esa 100 kilometrdan ortiq masofaga chekinib ketgan.

Kemalar qabristoni… Bu jumlaning o‘ziyoq Orol fojeasining dahshatli oqibatlarini tasavvurimizda uyg‘otadi. Albatta, Orol fojeasi – insoniyat fojeasi. Ayniqsa, Orolbo‘yi hududlar, u yerda yashovchi aholi uchun dengizning chekinishi misli ko‘rilmagan katta yo‘qotish bo‘lganligini anglash qiyin emas. Mo‘ynoqliklar yuragida to‘lqinlari sohilga urilib turgan Orol dengiz bilan bog‘liq qanchadan-qancha unutilmas xotiralar bor. Ular dengizning qaytishini kutib yashashmoqda.

Yaqin yillargacha e’tibordan biroz chetda qolgan Mo‘ynoqda bugun hayot qizg‘in: qalbi dengiz insonlar bu yerdagi bunyodkorlik ishlariga oz bo‘lsa ham hissa qo‘shish maqsadida mamlakatimizning turli hududlaridan Mo‘ynoqqa tashrif buyurishayapti.

Qishning so‘nggi kunida Navoiy viloyat hokimligi, viloyat adliya boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan fuqarolik jamiyati instituti vakillari, jurnalistlar va madaniyat xodimlari Mo‘ynoqqa bahorni “olib borishdi”. “Dengiz chekinsa ham inson chekinmaydi” shiori ostida tashkil etilgan ekotur ishtirokchilari dastavval Mo‘ynoqdagi zamonaviy “IT Park”va kutubxona bilan tanishdilar.

— Mamlakatimizning eng chekka hududlaridan biri hisoblangan Mo‘ynoqda bunday “IT Park”va kutubxona tashkil etilishi hudud yoshlari uchun haqiqiy mo‘’jiza ekanligiga shubha yo‘q, — deydi Navoiy viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Bahronov. — Yaxshi niyatda o‘tqazilgan nihol unib-o‘sib, meva berganidek, kompyuter texnologiyalarini chuqur o‘rgangan, mutolaaga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlar kelajakda ilm-fanda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishi, mo‘’jizlar yarata olishi aniq.

Navbatdagi manzil Mo‘ynoq ekologiya muzeyi bo‘ldi. 1980 yilda tashkil etilgan muzey 2019 yilda to‘liq qayta rekonstruksiya qilingan muzeydagi 350 dan ortiq eksponant Orol dengizi va hudud aholisining madaniy hayotidan “so‘zlaydi”. XIX asga oid sopol idishlar, ko‘zalar, baliqchilar foydalangan anjomlar, o‘sha paytda tayyorlangan baliq mahsulotlari konservalarining idishlari hamda rassomlarning Orol dengizi bilan bog‘liq san’at asarlarini kuzata turib, tarixga sayohat “qilib qaytasiz”.

Muzeyga navoiylik rassomlarning ijod namunalari va “Jonli tabiat” nodavlat-notijorat tashkiloti rahbari Eshmamat Tog‘ayev tomonidan ramziy ma’noda kema sovg‘a qilindi.

— Bizning ota-bobolarimizning hayoti dengiz bilan bog‘liq bo‘lgan. Birgina baliqchilik korxonalarida 2500 nafarga yaqin baliqchi ishlaganining o‘ziyoq dengiz hudud aholisi uchun qanchalar ahamiyatli bo‘lganligini anglatadi. Mehmonlarimiz tomonidan “Qachondir dengiz qaytib, haqiqiy kemalar yana suzib yursin”, deya yaxshi niyatda sovg‘a qilingan ramziy kema navoiyliklarning Orolga befarq emasligidan dalolat. Ularning e’tibori ko‘nglimizni tog‘dek yuksaltirdi, — deydi Mo‘ynoq ekologiya muzeyi direktori Zerxan Sayitbekova.

Ekotur Mo‘ynoqdagi “Navoiy tashabbus bog‘i”da davom etdi. Ishtirokchilar ezgu niyat bilanviloyatimizdan olib borilgan manzarali daraxt ko‘chatlarinio‘tqazishdi.

— Yurakda tug‘ilib, borliqqa ko‘chgan ezgulik samarali bo‘lmay qolmaydi. O‘tqazilgan ko‘chatlar ham kelajakda albatta, azim daraxtlarga aylanib, bizning tabiatga bo‘lgan mehrimiz va munosabatimizni ifodalab turadi. Bunday ezgu tashabbuslarimiz hali davom etadi, Mo‘ynoqdagi xayrli ishlarga har doim o‘z hissamizni qo‘shib boramiz, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari G‘ofur Musurmanov.

Shundan so‘ng Mo‘ynoq bolalar va san’at maktabida navoiylik madaniyat xodimlari – xushovoz xonandalar tomonidan hudud aholisi uchun badiiy qism namoyish etildi.

Oxirgi manzil “Kemalar qabristoni” bo‘ldi. Bu yerda ham ekotur ishtirokchilari tomonidan saksovul ekildi va hududdagi bioxilma-xillikni ta’minlashga hissa qo‘shish maqsadida 10 ta kaklik tabiat qo‘yniga uchirib yuborildi.

Shu tariqa, navoiyliklar qishning so‘nggi kunida Mo‘ynoqqa bahorni “olib borishdi”.

Ruslan SABUROV,

“Karmana ovozi” gazetasi muharriri