Kasbimiz bir, qardoshligimiz abadiy, maqsadimiz mushtarak

2020-03-02T06:41:33+05:002 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Kim bilandir uchrashish, yuzma-yuz muloqotda bo‘lish, hamkorlik qilish aslida inson tabiatiga xos xislat. Ayonki, odam shu orqali o‘z fikr-mulohazalarini, qarashlarini bayon etadi, bir so‘z bilan aytganda, faollashadi. Albatta, bu jarayon uning hayotida qandaydir ma’no-mazmun kasb etib, o‘zgarish bo‘lishiga tutki beradi.

Davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik ham shunga o‘xshash – mamlakatlarning har tomonlama taraqqiy etishi, yangi-yangi imkoniyatlar eshigi ochilishi, o‘zaro do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishiga zamin yaratadi.

Shu ma’noda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda – 19-20 fevral kunlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning taklifiga binoan ushbu mamlakatga amalga oshirgan tashrifi muloqotning yangi formatiga asos solish, hamkorlikning muhim istiqbollarini belgilab olishga xizmat qilganini, qisqa qilib, umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, har jihatdan samarali kechganini ta’kidlash joiz.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa soha hamda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikning holati va istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqilgan tashrif doirasida davlatimiz rahbari Oliy darajadagi O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishida, Turkiya Respublikasi Prezidenti kutubxonasi majmuasining tantanali ochilish marosimi va boshqa tadbirlarda ishtirok etdi, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Hamkorlikning yangi bosqichi bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Tabiiyki, endilikda turli sohalarda O‘zbekiston – Turkiya hamkorligi yanada rivojlanadi. Bu jarayon finomonida ikki mamlakat jurnalistlarining tajriba almashishini ta’minlash borasidagi ishlarni jonlantirishga ham keng yo‘l ochiladi. Shu o‘rinda qardosh hamkasblarning malaka almashinuvi talab darajasida bo‘lmasa-da tashkil etilayotgani, keyingi uch yil ichida bir necha guruh turkiyalik OAV vakillari yurtimizning diqqatga sazavor joylarida, media tuzilmalarimizda bo‘lgani, ko‘plab jurnalistlarimizning ushbu mamlakatga ijodiy safari uyushtirilganini aytish lozim.

Misol uchun, uyushmamiz bosh-qosh bo‘layotgan “Oltin qalam” xalqaro tanlovida bir qator xorijiy tashkilotlar, xususan, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi “Turkiya tashqi siyosati haqidagi eng yaxshi material uchun” nominatsiyasi bilan ishtirok etib kelmoqda. O‘tgan yillari ushbu loyiha doirasida ko‘plab jurnalistlarimiz Turkiyada bo‘lib qaytdi. 2019 yili esa mazkur nominatsiya g‘olibligini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” telekanali katta muharriri Sadoqat Dadayeva, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi– O‘zAning Namangan viloyati bo‘yicha foto muxbiri Hotam Mamadaliyev, Qalampir.uz veb-sayti xodimi Sunnatilla Abdullayev qo‘lga kiritib, Turkiyaga ijodiy safar yo‘llanmasiga ega chiqqan edi. Tegishli taklif va kelishuvga muvofiq, kamina hamda ayni paytda O‘zbekiston Milliy axborot agentligida faoliyat yuritayotgan Farrux Bo‘tayevga ham g‘oliblar bilan birga o‘tgan yilning 15-19 sentyabr kunlari Turkiyaga borish nasib etdi. Qisqasi, ushbu yurtga safarimizning birinchi kuni yakshanbaga to‘g‘ri kelgan edi. Fursatdan foydalanib, Turkiya poytaxtining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildik. Geografik jihatdan rivojlanish uchun qulay mintaqada joylashgan, G‘arb bilan Sharq o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaruvchi Turkiyada aholining ham sharqona, ham Yevropa uslubida kiyinishiga ko‘zingiz tushadi. O‘zbekistondan ekanimizni bilgan mahalliy aholi vakillari “Ota yurtdan keldingizlarmi” deya iliq munosabatda bo‘lishi kayfiyatimizni ko‘tardi.

O‘zga yurtga borgan jurnalistni shu yurt urf-odat va an’analari, tarixi, siyosati, mamlakatning ayni kungi rivojlanish jarayonlaridan tashqari, ommaviy axborot vositalari faoliyati, sohaga oid texnika va texnologiyalar, ish usul va uslublari, OAVlarida jurnalistlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar qiziqtiradi, albatta.

Safarimiz davomida Turkiya Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasiga, ushbu davlat teleradiokompaniyasi – TRTga, “Anadolu” axborot agentligi, beshta gazeta va oltita nodavlat telekanalni o‘zida birlashtirgan “Turkuvaz mediya” korparatsiyasiga tashrifimizni uyushtirilishi ayni muddao bo‘ldi.

Shtab-kvartirasi Anqara shahrida joylashgan “Anadolu” axborot agentligi ijodiy jamoasi bilan uchrashuvda ayni paytda mazkur ommaviy axborot vositasida tayyorlanayotgan foto, video va matnli xabarlar 13 tilga tarjima qilinib, dunyoning yuzdan ortiq mamlakatiga tarqatilayotgani, mahalliy gazeta va jurnallar, teleradiokanallar agentlik materiallaridan faol foydalanib kelayotgani aytib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, yildan-yilga “Anadolu”qamrab olayotgan hududlar geografiyasi kengayib, xodimlari soni ko‘payib bormoqda.

–Agentlik xodimlari, jumladan, foto muxbirlari ish jarayoni bilan tanishib, ular olgan bir qancha suratlarni ko‘zdan kechirish, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldim, – deydi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi– O‘zAning Namangan viloyati bo‘yicha foto muxbiri Hotam Mamadaliyev. – Ushbu mamlakatda chop etilayotgan gazeta va jurnallardan joy olayotgan suratlarning 50 foizidan ko‘prog‘i “Anadolu” foto muxbirlari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ular mavzu tanlashda adashmayotgani, yuksak mahorat bilan tarixga muhirlayotgan suratlari raqobatbardosh ekanini anglatadi. Bu yerlik hamkasblarim suv ostida suratga olishni ham yo‘lga qo‘ygan.

Sakson million nafardan ziyod aholi istiqomat qiladigan Turkiyada olti ming nomga yaqin xususiy (bu yerda davlat, vazirlik va tashkilotlar muassislik qiladigan nashrlari yo‘q) gazeta va jurnal chop etilmoqda. «Sabah», «Istanbul», «Vatan», «Dunyo» gazetalari shular jumlasidan. Ayni kunda uch yuz ellik nafardan ko‘proq xodim faoliyat yuritayotgan, mamlakat bo‘yicha tarqatiladigan «Sabah» gazetasi tahririyatida ham bo‘ldik. Gazeta 3 va 4 sahifalariga nashr tarqatiladigan hududga oid qiziqarli, tahliliy materiallar berib borish, informatsiya xarakteridagi materiallarni o‘ziga xos tarzda, o‘qishli qilib tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerni ham bosma nashrlarda kechayotgan qiyinchiliklar, muammolar chetlab o‘tmayotgan ekan. O‘n yilcha oldin qariyb 800 ming nusxada chop etilgan mazkur nashr bugun 300 mingga yaqin tirajda chiqmoqda. Tahririyat jamoasi (alohida guruh) tirajni saqlab qolish va ko‘paytirish ilinjida izlanayotir.

Har kuni chop etiladigan «Sabah»ning yangi sonlarini markaz va joylardagi gazeta mas’ul xodimlari qisqa vaqt ichida gazetxonlarga yetkazadi, boshqacha aytganda, pochta xizmatini ham o‘zlari bajaradi. Turkiyada chiqadigan “Sabah” kabi nisbatan ko‘p tirajli gazetalari bitta nashriyotda emas, bir paytning o‘zida mamlakatning Anqara, Istanbul, Izmir, Bursa, Antaliya kabi yirik shaharlaridagi bosmaxonalarda ham chop etiladi.

Yana bir jihat, bu yerda gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish unchalik ommalashmagan. Nashrlar bizdagidek (vazirliklar va tarmoq gazetalarimiz ko‘zda tutilmoqda) A-2 formatda emas, zamonaviy va qulay hisoblanayotgan A-3 formatda chiqadi. Matbuot nashrlariga aholi, korxona va tashkilotlarning ma’lum foizi ixtiyoriy ravishda asosan yillik obuna bo‘ladi. Qisqasi, Turkiyada aholi gazeta va jurnallarni asosan kioska va boshqa joylardan sotib olib o‘qir ekan.

Rejaga binoan TRT1, TRThaber, TRTokul, TRTsport, TRTavaz, TRTkurdi, TRTworld, TRTcocuk, TRTbelgesel kabi o‘ndan ortiq telekanalni birlashtirgan Turkiya teleradikompaniyasi faoliyati bilan tanishuvimiz ham taassurotlarga boy, qiziqarli kechdi.

–Bu yerdagi telekanallarda voqea joyidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirlarning ko‘pligi, joylardan uzatiladigan xabarlar 10-15 minutda tayyorlanib, efirga berilishi e’tiborga molik, – deydi “Mahalla” telekanali katta muharriri Sadoqat Dadayeva. –TRT telekanallarida bo‘lib, buni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, turk hamkasblarimiz bilan suhbatlashdik, do‘stlashdik, eng muhimi, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Turk madaniyatining chinakam targ‘ibotchisiga aylangan TRT telekanallarida boshqa millat va elatlarning ham urf-odat va tarixiy merosiga doir materiallar berib boriladi. O‘tgan yili buyuk bobokalonimiz Imom al-Buxoriyning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film ayni shu teleradiokompaniya kanallari orqali namoyish etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi, keyingi yillarda yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar milliy an’ana va marosimlarimiz haqida o‘nlab teledasturlar, roliklar tayyorlanib efirga uzatilgan, bu jarayon davom etmoqda. Bu ishlarga Turkiyaga kelganiga bir necha yil bo‘lgan, TRT tarkibidagi teleradiokanallar xodimlari –Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tug‘ilgan Mahliyo Shodmatova, asli qirg‘izistonlik o‘zbek qizi Nargiza Otaxonova ham hissa qo‘shayotgan ekan. Ular bilan suhbatlashdik.

–Bu yerda tarjimonlik, muharrirlik qilaman, – deydi Mahliyo Shodmatova. – OAV orqali Markiziy Osiyo davlatlarida, ayniqsa, keyingi yillarda O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini kuzatib xursand bo‘laman. Maqsadim – bir necha yil tajriba oshirib yurtga qaytish, Vatanimiz jurnalistika sohasi ravnaqiga hissa qo‘shish.

Har bir sohada bo‘lgani kabi jurnalistikada ham tajriba almashish va hamkorlik qilish muhim, u rivojlanishga xizmat qiladi. Prezidentimizning 19-20 fevral kunlari Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar ko‘plab, jumladan, jurnalistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham asos bo‘ladi. Bu esa kelgusida turk jurnalistlarining O‘zbekistonga, yurtimiz ommaviy axborot vositalari vakillarining Turkiyaga ijodiy safarlari yanada ko‘payishini anglatadi.

Xolmurod SALIMOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi raisi o‘rinbosari