Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘onda jurnalistlar uchun mediatur tashkil etildi

2020-02-28T05:51:33+05:0028 February, 2020|Surxondaryo vil.|

Qumqo‘rg‘on tumani markazi “Surxon soxili”, “Ulug‘bek”, “Do‘stlik”, “Neftchilar”, “Oqsoy”, “Yangishaxar”, “Bog‘aro”, “Jiydali”, “Navbaxor” va “Azlarsoy” maxallalaridan iborat bo‘lib, 43436 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 31264 nafar aholi markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti bilan ta’minlangan. Ularga bunday imkoniyatni tuman markaziga xizmat qiluvchi “Surxon soxili” maxallasida joylashgan “Markaziy” suv inshoati ichimlik suv inshoati beradi. Suv inshootining quvvati 12,4 m.m3/sutka bo‘lib, amalda 7,9 m.m3/sutka 64% quvvat bilan ishlaydi. Ushbu suv inshoatining xolati va xodimlarning ish jarayoni bilan tanishish uchun O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, Surxondaryo viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi hamda viloyat “Suvoqova” DUK hamkorligida media-tur tashkil etdi.

Aytish kerakki uyushmaning viloyat bo‘limi Surxondaryo Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, viloyat “Suvoqova” DUK matbuot xizmati bilan doimiy ravishda xamkorlik qilib keladi. Matbuot anjumanlari, davra suxbatlarining davomi sifatida tashkil etilgan media-tur ham bu aloqalarning yana bir misoli..

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2019/2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4407-sonli qarori ijrosi bo‘yicha “Aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvini hisobga olish holati, uning xavfsizligi va sifatini ta’minlashning texnologik jarayoni bilan tanishish” mavzusida o‘tkazilgan media-turda jurnalistlar va blogerlar Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlariga tashrif buyurishdi.

Ishtirokchilar dastlab Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Surxon” markazidagi ichimlik suv inshooti bilan tanishishdi. Birgina ushbu aholiga suv yetkazib berayotgan inshoat qariyb 6 yarim milliard so‘m mablag‘ asosida qayta ta’mirlangan. 15 ta mahalladagi 29 ming aholi buning ortidan toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Ishtirokchilarga shu kabi bir qator qilinayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar ham berib o‘tildi. Shuningdek, ishtirokchilar nasoslar orqali filtrlab toza ichimlik suvini chiqarish jarayonlarini ham kuzatishdi.

Shundan so‘ng jurnalistlar keyingi manzil – Qumqo‘rg‘on tumani sari yo‘l olishdi, tumandagi “Markaziy” ichimlik suv inshooti va ko‘p yillardan buyon ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, 2019 yil Davlat dasturi asosida qurilgan “Chayontepa” mahallasidagi ichimlik suv inshootida bo‘lishdi.

-Tumandagi suv inshootini ko‘rar ekanmiz, davlatimiz raxbari tomonidan aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar quvontirdi.- deydi bloger Nargiza Musayeva. “Chayontepa” maxallasida 769 xonadonda 4112 nafar aholi istiqomat qilarkan. 2019 yilgacha bor yo‘g‘i 23 % aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan ekan. Qolgan aholi ichimlik suvini kanal, ariq, daryo va kachalkalardan xamda texnika vositasi yordamida tashib foydalanib kelgan. 708 mln. so‘m mablag‘ xisobiga 1 dona suv qudug‘i qazish, 1 dona 25 m3 sig‘imli suv minorasi o‘rnatish va 2,0 km suv quvurlari yotqizish ishlari amalga oshirilishi tuman aholisi uchun juda katta qulaylik yaratibdi. Chunki amalga oshirilgan ishlar natijasida 953 nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganligini ko‘rdik. Bu kabi bunyodkorlik ishlarini kuzatar ekanmiz, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli ishlarni yanada kengroq yoritishimizda bu kabi media-turlar katta yordam berishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.11.2018 yildagi PQ-4040-sonli qaroriga asosan 2019 yil Investitsiya dasturi doirasida “Chayontepa” maxallasini ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Maxalla aholisining toza ichimlik suvi ta’minoti qamrovini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2019 yil 15 oktyabrdagi “2019-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”ga № 871-sonli qaroriga muvofiq “Qorsaqli” maxallasi xududida joylashgan “Bo‘yrachi” suv inshooti va tarmoqlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Dastur doirasida ushbu ob’ektda 3,1 km suv quvurlarini rekonstruksiya qilish, 12 km suv quvurlari o‘rnatish, 2 dona burg‘u qudug‘ini rekonstruksiya qilish, 1 dona yangi suv qudug‘i qazish, 2 dona 60 m3 xamdagi suv saqlash rezervuarlarini ta’mirlash, 2 dona 200 m3 sig‘imli suv saqlash rezervuarlari qurish, 1 dona transformator qurilmasini ta’mirlash, 1 dona yangi transformator o‘rnatish, suv qudug‘iga 4 dona, suvni uzatish uchun nasosxonaga 4 dona zamonaviy energotejamkor nasos qurilmalari o‘rnatish ishlari rejalashtirilgan. Ushbu ishlarga 4,7 mlrd. mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Ishlar amalga oshirilishi natijasida “Chayontepa” maxallasining 2320 nafar aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 79 % ga erishiladi.

Tashkil etilgan media-tur davomida ishtirokchilar Jarqurg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlari aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan batafsil tanishdilar.

Mastura Xamrayeva

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Surxondaryo viloyati bo‘limi mutaxassisi