Qiz bola munglig‘ bo‘ladi

2020-02-26T12:15:02+05:0026 February, 2020|Hafta maqolasi|

Katta onam qazo qilganiga sakkiz yildan oshdi. Biroq bolaligim o‘tgan hovliga borsam, har burchakdan tomoq qirib onam chiqib kelayotgandek bo‘laveradi. Tugunini qo‘lga olardi-yu, o‘zi aytganidek taypanglab yo‘lga otlanib qolardi. “Ona, kech bo‘lganda qayerga borasiz endi?” desak. “Farog‘at ammangni ko‘rib kelay, negadir bugun ishdan qaytayotib kirib o‘tmadi. Tinchmikan ishqilib”, deya hay-haylashimizga qaramasdan yo‘lga chiqib ketardi. “Men bormanmi, yo‘qmanmi opa-singillaringning xolidan xabar olib turinglar. Qiz bola munglig‘ bo‘ladi. Ikkita non ko‘tarib kirib borsalaring uyimga akam kelibdi, ukam kelibdi, deb qanchalar quvonib qoladi”, derdi rahmatli.

AYoLSIZ UY – UY EMAS

Ustozimiz, taniqli jurnalist Farmon Toshev bizdan tez-tez hol-ahvol so‘rab, ijodimiz bilan qiziqib turadi. Ba’zan, hech narsa yozmayapsizlar, nega matbuotda ko‘rinmay qoldilaring, deb dashnom beradi. Ustozning o‘ta e’tiborliligi-yu, o‘zimizning bir oz loqaydligimizdan xijolat ham bo‘lamiz yana. Bu gal ham suhbatimiz ijod xususida kechdi.

Ustoz ayollar mavzusida maqola yozmoqchi ekanimni eshitgach, oiladagi barcha ayollar – qaynona, ikki kelin uydan ketib, yolg‘iz qolgan erkaklarning boshiga tushgan turli ko‘rgiliklar haqidagi milliy filmlarimizdan birini eslatdi (afsuski ko‘rmagan ekanman).

– Ayolsiz uy-uy emas – g‘urbatxona, xuddi shundek ayolsiz jamiyat ham jamiyat bo‘lolmaydi, – dedi ustoz. – Biz gazetamizda “Uy bekasi bekorchimi?” sarlavhali maqola bergan edik bir paytlar. Ayol ertalabdan kechgacha tinim bilmaydi, ayniqsa, qishloq ayoli. Xo‘roz qichqirmasidan turib sigir sog‘adi, hovli supuradi, farzandlari uchun nonushta tayyorlaydi, ularni bolam-bo‘tam qilib uyg‘otib, ovqatlantiradi. Kattalarini maktabga jo‘natadi. Turmush o‘rtog‘ini ishga kuzatadi. Kir yuvadi, tomorqaga, mol-holga qaraydi. G‘imir-g‘imir bilan kunni kech qiladi. Mana – ayolning bir kunlik hayoti. Biz uni yana bekorchi, ishsiz deymiz.

Ustozning gaplariga quloq solib, bir voqea yodimga tushdi. Bir necha yil avval mamlakatimizda ijodiy safarda bo‘lgan pokistonlik jurnalist Iqror Xorunga hamrohlik qilgan edim. Uni poytaxtimizdagi muhtasham mehmonxonalardan biriga joylashtirdik. Hamma sharoit muhayyo. Mehmonxona xarajatlariga ko‘plab xizmatlar kiritilgan ekan, faqat kir yuvish va dazmol bosishdan tashqari. “Xotinimni ham olib kelsam bo‘larkan, bu ishlar ancha qimmat turarkan mehmonxonada”, degan edi Iqror Xorun janoblari hazillashib.

Maqolani ko‘pchilikka tanish bir rivoyat bilan yakunlamoqchiman. Zora, xulosa o‘rnida o‘tsa:

Kun bo‘yi ro‘zg‘or tashvilari bilan tinim bilmagan ayol kech tushgach, oilasidagi erkaklar dasturxoniga bir bog‘ pichan keltirib qo‘yibdi. Turmush o‘rtog‘i, o‘g‘illari uni aqldan ozib qoldimikan, deb hayron bo‘lishibdi. Shunda ayol: «Men sizlarning bunga e’tibor qaratishingizni qayerdan bilibman? Shu uyni – uy, ro‘zg‘orni – ro‘zg‘or qilaman deb jonim halak. Bir nafas tinim bilmayman, kir yuvaman, dazmol bosaman, hovli supiraman, uy tozalayman, sizlar uchun ovqat tayyorlayman. Lekin, shuncha vaqt davomida pichan emas, taom yeganingizni menga biror marta biror so‘z bilan anglatmagansizlar-ku!” debdi.

 

Azizam, siz borsiz, Xudoga shukur!

 

Men so‘z saylayapman so‘z orasidan,

Chehrangiz o‘tkazib ko‘z qorasidan,

 

Sevinchlar sachrar dil favvorasidan,

Azizam, dilso‘zsiz, Xudoga shukur!

 

Azizam, dilro‘zsiz, Xudoga shukur!

Tangrining in’omi – yo‘g‘u bori siz,

 

Oshiqlar a’moli – ishqning kori siz,

Xasta yuraklarga faqat dori – siz,

 

Azizam, habibsiz, Xudoga shukur!

Azizam, tabibsiz, Xudoga shukur!

 

Tonggi yomg‘irdayin iforlisiz siz,

Goh sokin, gohida izhorlisiz siz,

 

Birda tonib, birda iqrorlisiz siz,

Azizam, naysonsiz, Xudoga shukur!

 

Azizam, xayronsiz, Xudoga shukur!

Sel bo‘lib yig‘laysiz, otasiz xandon,

 

Chehrangiz tundlashsa bu dunyo zindon,

Goho jon berasiz, goh so‘raysiz jon,

 

Azizam, ashkchisiz, Xudoga shukur!

Azizam, rashkchisiz, Xudoga shukur!

 

Tangri yaratgan eng muattar gulsiz,

Bir qarasa biyron, birda jim – tilsiz,

 

Gohida malika, gohida qulsiz,

Azizam, mag‘rursiz, Xudoga shukur!

 

Azizam, mag‘lubsiz, Xudoga shukur!

Ko‘ngil zulmatini yoritguvchi nur,

 

Yurak g‘uborlarin aritguvchi nur,

Dilni entiktirib, horitguvchi nur,

 

Azizam, siz nursiz, Xudoga shukur!

Azizam, shukursiz – Xudoga shukur!

 

Ko‘klamning har kuni ko‘nggilga do‘ngay,

Qaldirg‘ochlar kelib qoshimga qo‘ngay,

 

Har neki desangiz bu ko‘ngil ko‘ngay,

Azizam, biz borsiz, Xudoga shukur!

 

Azizam, darkorsiz, Xudoga shukur!

Vohid LUQMON