O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda jurnalistlarning huquqiy bilimlarini oshirmoqda

2020-02-25T13:17:03+05:0025 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Huquqiy savodxonlik va madaniyatni yuksaltirish har bir jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi. Har bir kishi qayerda, qanday sohada ishlashidan qat’iy nazar huquqiy bilimlarnini oshirib borishi, o‘z sohasiga oid qonunlarni mukammal bilishi shart. Ana shundagina u ish faoliyatida xatolarga yo‘l qo‘ymaydi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida kadrlarning huquqiy bilimi va malakasini oshirish borasida o‘quv kurslari tashkil etilgan.

Jamiyatning ilg‘or kuchi va vijdoni hisoblangan jurnalist faoliyati uchun bu yanada ustuvor ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2019 yil 26 dekabrda tasdiqlangan Aholi va axborot sohasi sub’ektlarining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining 14-bandida “Huquqiy mavzularni yoritadigan jurnalistlarning, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari rahbar va xodimlarining malakasini oshirish uchun Yuristlar malakasini oshirish markazida shartnoma asosida maxsus malaka oshirish kurslari tashkil qilish” ko‘zda tutilgani ham buning dalilidir.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda shu maqsadda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘quv kursi tashkil etdi.

Joriy yil 24 fevralda boshlangan malaka oshirish kurslari 6 martga qadar davom etadi. Unda yigirmaga yaqin jurnalistlar ishtirok etmoqda. O‘quv dasturidan “OAV faoliyatining huquqiy kafolatlari”, “O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari” modullari asosida ommaviy axborot vositasini ta’sis etish huquqi, Jurnalistning huquqlari va majburiyatlari, O‘zbekiston Respublikasi jurnalistining chet eldagi va chet el jurnalistining O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasida ko‘zda tutilgan asosiy yo‘nalishlar, korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki kabi jurnalistik faoliyat uchun muhim bo‘lgan mavzularda taniqli nazariyotchi olimlar ma’ruzalari o‘rin olgan.

OAV vakillarining ushbu kurslarda oshirgan huquqiy bilimlari kelgusi faoliyatlarida ularga asqotishi shubhasiz.