Hamkorlikdagi axborot maydonini yarataylik

2020-02-25T07:07:17+05:0025 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar, o‘zgarish va jamiyatning ochiqligi sari qo‘yilayotgan dadil qadamlar dunyo nigohida. Buyuk Britaniya qirolligi, Turkiya, Malayziya, Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari va jamoatchiligi O‘zbekistonni tez rivojlanayotgan davlat, uning prezidenti Shavkat Mirziyoyevni esa “Yil odami” deb e’tirof etayotgani mamlakat hayoti haqiqatlariga berilgan bahodir.

Yangi ochiqlik, so‘z erkinligi siyosatini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirishga hissa qo‘shish har bir fuqaro, fuqarolik jamiyati institutlarining ham burchidir. Farg‘ona viloyati hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzuidagi xalqaro konferensiya shu yo‘ldagi tashabbuslarning biri bo‘ldi.

–Bunday anjuman viloyatlarda ilk bor o‘tkazilishi va uni Farg‘onada tashkil etilgani viloyat rahbariyati, ijodiy tashkilotning irodasi qat’iyligini ko‘rsatadi, – deydi anjuman moderatori O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy kommunikatsiyalar Universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev.

Ha, Farg‘ona anjumani Qirg‘izistonning Botken, O‘sh, Tojikistonning So‘g‘d, O‘zbekistonning Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari va mamlakatimiz jurnalistikasining yetuk olim, amaliyotchi hamda ma’murlarini birlashtirdi. U viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning konferensiya ishtirokchilariga tabrigini o‘qib eshittirilishi bilan boshlandi.

Xalqaro konferensiyada biri-biridan qiziqarli ma’ruzalar, chuqur tahlil va amaliy takliflar yangradi.

–Biz O‘zbekiston jamiyatida ro‘y berayotgan sifat o‘zgarishlarini kuzatib turibmiz. Farg‘ona vodiysida axborot to‘lqinlariga to‘siq qo‘yib bo‘lmaydi. Biz bir–birimizdagi elektron OAVlar mahsulotidan, avvalo teleko‘rsatuv va radio eshittirishlarni bemalol qabul qilamiz. Bu bizning xabardorlik imkoniyatimizni kengaytiradi, – deydi “O‘sh sadosi” gazetasi bosh muharriri Sohiba Shakirova. – O‘zbekistondagi chinakam so‘z erkinligi haqiqiy demokratiya qaror topayotgani in’ikosidir. Lekin, oramizda jismoniy masofa yaqin, axborot makonidan foydalanish imkoni bo‘lsda, biz amalda bir-birimizdan uzoqdamiz. Haligacha vodiyning uch davlati jurnalistlari bir-birimizni yaxshi bilmaymiz. Axborot almashuv yo‘lga qo‘yilmagan. OAVlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar yo‘q. Jurnalistik tashkilotlarimiz ham o‘zicha faoliyat ko‘rsatadi. Holbuki, biz dunyo, qit’a miqyosidagi xalqaro anjumanlarda uchrashib turamiz, lekin bugungacha bunday ko‘rinishda yig‘ilmadik.

Ha, Farg‘ona konferensiyasi OAVlari soha mutaxassislari uchun xalqaro miqyosdagi ilk anjuman edi. Shuning uchun ham uning har bir ishtirokchisi o‘z fikrlarini aytgisi, umumiy muammo va uning yechimi hususidagi takliflarini bildirgisi keldi.

Farhod Jo‘rayev, Tojikiston Respublikasi, So‘g‘d viloyati “So‘g‘d haqiqati” gazetasi bosh muharriri:

–Hozir bu yerda axborot to‘lqinlari tarqatish imkoni haqida gapirildi. Biz So‘g‘d viloyatida Qirg‘iziston, O‘zbekiston televideniyesi ko‘rsatuvlarini bemalol ko‘ramiz. Radiosini eshitamiz. Menga ayniqsa “Ruxsor” televideniyesi va radiosi juda yoqadi. Botken televideniyesidagi fikrlar xilma-xilligidan ichki to‘yg‘ularim jo‘shadi. Lekin o‘z munosabatimni bildira olmayman. Men hamkorlikdagi teleko‘prik tashkil etishni taklif qilaman. Masalan, Farg‘ona-So‘g‘d, O‘sh-So‘g‘d, Botken-So‘g‘d o‘rtasida bo‘lsin. Studiyalarimizga turli xil yosh, kasb, qarashdagi odamlarni taklif qilaylik. Ular o‘z hayotlari, tashvishlari, orzu-umidlari haqida, bizni birlashtirib turadigan qadriyatlar to‘g‘risida o‘ylaganlarini aytsin. Xalqimiz bir-birini yaxshiroq bilishiga imkon yarataylik.

Shunda ularning do‘stligi mustahkamlanishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Ulukbubu Amirova, Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati, “Salam” media direktori:

–Avvalo Farg‘ona xalqaro konferensiyasini tashkil etgan viloyat hokimiyati va shaxsan Shuhrat G‘aniyevga minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu insonni botkenliklar tashkilotchi, ikki xalq do‘stligini mustahkamlashga fidoyi deb biladi.

Men uch tilli gazeta tashkil etish, uni bir xil ko‘rinishda tayyorlab bir vaqtning o‘zida uchta davlatda chop etishni taklif etaman. Unga har bir viloyat eng muhim yangiliklar, voqeliklar haqida fotosuratlar, maqolalar joylasin. Bu gazetani bir yilda kamida 4-6 marta chiqaraylik va unga “Vodiy” deb nom berish taklifini ilgari surmoqchiman.

Azizbek Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi, Namangan viloyati, “Daryo.uz” internet sayti muxbiri:

–Rivojlangan davlatlarda asta-sekin qog‘oz shaklidagi axborotdan voz kechilib, elektron shakldagi axborot tobora kengroq o‘rin egallayapti. Jumladan O‘zbekistonda ham. To‘g‘ri, uning foydalanuvchi yoki ishtirokchisini “nazorat” qilib bo‘lmas. Ba’zida axloq qoidalaridan chiqib ketadigan noma’qul satrlar ham uchraydi. Lekin biz baribir internet maydoniga asoslangan axborot almashuvchi uch tilli sayt yaratganimiz va uni yo‘lga qo‘yganimiz qulay bo‘ladi, deb hisoblayman.

Saidahmad Shukurov, O‘zbekiston Respublikasi Andijon viloyati, “Andijonnoma” gazetasi bosh muharriri:

–Biz umumiy qarashlarimiz bir-biriga yaqin xalqlar, davlatlar bo‘lsakda, o‘zimizga xos jihatlarimiz, qonuniy va ahloqiy me’yorlarimiz bor. Shunday ekan, o‘sha o‘ziga xosligimizni kengroq targ‘ib qilishimiz kerak. O‘shlik hamkasblarimiz bilan bu borada dastlabki qadam qo‘ygan edik. Ammo izchil bo‘lmadik. Konferensiyada tushundikki, barchamizda shunday istak bor ekan. Biz ijodiy aloqalarni tiklash, hamkorlikda gazeta chiqarish tarafdorimiz.

Farg‘ona anjumanida olis Qo‘shma Shtatlarida turib “Amerika ovozi” teleradio axborot Agentligining maxsus muxbiri Navbahor Imomova videomuloqot tarzida konferensiya ishtirokchilariga murojaat qilar ekan jamiyat va OAV munosabatlari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritdi.

Konferensiyada O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dotsenti, “Jaxon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorov, O‘zbekiston Davlat jahon tillari Universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Amrullo Karimov, O‘zbekiston Milliy axborot Agentligi bosh direktori o‘rinbosari Jumanazar Meliqulovlar tomonidan jamiyat va ommaviy axborot vositalari munosabatlari tahlil qilindi, taklif va mulohazalar bildirildi.

–Farg‘onada o‘tayotgan mazkur konferensiya ishtirokchilariga biz yana bir axborot maydonini taklif etamiz, – dedi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” axborot agentligi bosh direktori Sadriddin Suyarov. –“Dunyo” aynan bugungi g‘oyalarga hamohang yo‘l tanlagan. Biz o‘z saytimizda O‘zbekistonni targ‘ib qilish bilan birga boshqa davlat yangiliklariga ham joy beramiz.

–Jurnalistik tashkilotlar ijodiy hamkorlik tashabbuskorlari bo‘lishi lozim, – dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov. – Biz bir necha xorijiy mamlakatlar jurnalistlari uyushmalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatdik. Ammo qo‘shni davlatda ijod qilayotgan hamksblarimiz bilan ham yaqinlashishimiz kerak. Bugungi anjuman unga tomon dadil qadamdir.

Sa’dulla Hakimov xalqaro konferensiya ishtirokchisi bo‘lgan Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi bir necha faol jurnalistlarni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Faxriy yorlig‘i” hamda planshetlar bilan taqdirladi.

Xalqaro konferensiyaga yakun yasar ekan. Sherzodxon Qo‘dratxo‘jayev uning ishida bildirilgan ilmiy xulosalar, amaliy takliflar albatta hayotga tatbiq etilishiga ishonch bildirdi.

–Biz bir-birimizni sog‘ingan ekanmiz, yuzma-yuz muloqot o‘y-fikrlarimiz, orzu-maqsadlarimiz mushtarak ekanini ko‘rsatdi, – dedi u. – Bu yerda Qirg‘iziston va Tojikistonda chop etiladigan o‘zbek tilli nashrlar, televideniye va radio jurnalistlari nazarimda muhim masalani ko‘tarishdi. Bu jurnalistikaga oid O‘zbekistonda chop etilayotgan ilmiy-amaliy darsliklar masalasi. Men universitet rektori sifatida sizlar bilan bu borada hamkorlik qilishga, yordam ko‘rsatishga tayyorman. Yaqinda jurnalistika masalalarini qamrab olgan o‘n jildlik to‘plam chop etildi. Sizlarga uni yuboramiz. Shuningdek, universitetimiz Tojikiston va Qirg‘iziston yoshlarini o‘qishga qabul qilishga va jurnalistlar malakasini oshirish uchun alohida guruhlar tashkil etishga tayyor.

Xalqaro konferensiya davomida qo‘plab savol-javoblar, munozarali tortishuvlar bo‘ldi. Muhimi barchaning fikri bir to‘xtamda edi – hamkorlikdagi axborot maydonini tashkil etish lozim.

Ishtirokchilar shu kuni Farg‘ona shahridagi yangi ochilgan sport saroyi, Quvasoydagi “Vodiy tulporlari” ot majmuasi bilan tanishdi.

–Bir gapni aytmasam bo‘lmas, – dedi xayrlashayotib Tojikiston Respublikasi Jurnalistlar ittifoqi So‘g‘d viloyati tashkiloti mas’ul kotibi Karim Sharif. –Chegaradan o‘tgach men uch holatni kuzatdim. Bular yangi qurilgan zamonaviy qishloq uy joylari, Farg‘onaning g‘oyat keng, sifatli yo‘llari, qalbimizni yayratgan bog‘-rog‘lari va unda hayotidan mamnun, xursandchilik bilan mehnat qilayotgan insonlar. O‘zbekistonga, Farg‘onaga ko‘z tegmasin, ilohim!

Muhammadjon OBIDOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist