Sirdaryoda ma’naviyat va ma’rifat bayrami

2020-02-25T07:00:49+05:0025 February, 2020|Sirdaryo vil.|

Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahridagi muhtasham Halima Xudoyberdiyeva nomli ijod maktabida muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchisi — yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish doirasida «Sayxun sabolari», «Sirdaryo mavjlari», «Sirdaryoda ulug‘vor o‘zgarishlar” kitoblari hamda O‘zbekiston Xalq shoiri, xalqimizning ardoqli farzandi To‘ra Sulaymonning “Tanlangan asarlar” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan yili Prezidentimiz Sirdaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvlarida “Sirdaryoni beshta yo‘nalish bo‘yicha namuna qilamiz!” degan shiorni o‘rtaga tashlagan edilar. Bir yil ichida har besh tashabbus bo‘yicha ibratli ishlar amalga oshirildi.

Sirdaryoga poytaxtdan “Ma’rifat karvonlari” da ming-minglab kitoblar keldi. Maktab kutubxonalari homiylar va maktabni bitirib ketgan o‘quvchilar tomonidan tuhfa qilingan kitoblar evaziga ham boyidi.

Bugungi taqdim etilayotgan kitoblar – “Sirdaryoda ulug‘vor uzgarishlar” kitobida viloyatdagi ulkan bunyodkorlik ishlari haqida sirdaryolik jurnalistlarning ocherk va publitsistikalari, maqolalari joy olgan. “Sayxun sabolari” to‘plamida viloyatdagi shoirlarning,”Sirdaryo mavjlari” kitobida esa viloyatda yashab nasrda ijod qilayotgan ijodkorlarning eng sara asarlari jamlangan.

Tadbirni Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Nosirov ochib barchani bugungi Ma’naviyat va ma’rifat bayrami bilan qutladi.

Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Baxtiyor Sayfullayev bu besh tashabbusning yurtimiz bo‘ylab keng quloch yozganligi, zamondoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi haqida to‘lqinlanib so‘zladi.

Respublika Yozuvchilar uyushmasi rais o‘rinbosarlari G‘ayrat Majid, “Sharq” nashriyoti bosh muharriri Ahror Ahmedovlar Halima Xudoyberdiyeva maktabi bilan tanish jarayonidagi hayratlarini va havaslarini yashirmadilar. Maktab o‘quvchilariga o‘qishlarida, ijodlarida yutuqlar tiladilar. Bugungi taqdim etilayotgan kitoblar, ijod ahliga Prezidentimiz, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklarning yorqin ifodasi ekanligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Xalq yozuvchisi To‘ra Sulaymonning “Tanlangan asarlar” to‘plamini nashrga tayyorlagan taniqli shoir, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Azizbek Turdiyev shoirning hali ko‘p tadqiqotlarga molik ijodi haqida so‘z yuritdi.

Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari, senator Hayotxon Ortiqboyeva bugungi tashrif va bebaho tuhfalar uchun poytaxtdan kelgan ijodkorlarga minnatdorchilik izhor qildi.

Tadbir so‘ngida yaqindagina O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan uch nafar ijodkorlar – shoirlar Ahror Bayzo, Abdug‘ani Abdurahmonov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Aliqul Honimqulovlarga uyushmaga a’zolik bileti tantanali tarzda topshirildi.

Dilorom Ismadiyorova.