Farg‘onada “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

2020-02-24T05:40:46+05:0024 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

“Xush omaded mehmononi aziz, do‘stoni giromi!”, “Kosh kelinizder urmattuu meymandar, kыmbattuu dostor!”.

Farg‘onadagi “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida xalqaro konferensiya shu so‘zlar bilan boshlandi.

Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan konferensiya ishida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari vakillari, faxriy jurnalistlar, soha rahbarlari bugun bir stol atrofida yig‘ildilar.

Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro asriy munosabatlarni yaxshilash, uni yangi bosqichga olib chiqishga qaratayotgan yuksak e’tibori, buni qo‘shni mamlakatlar rahbarlari Imomali Rahmon hamda Sooronbay Jeenbekovlar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotgani e’tirof etildi.

Darhaqiqat, davlatlarimiz chegarasidagi bir qator nazorat postlarining qayta ochilgani o‘zbek, tojik, qirg‘iz jamoatchiligi, xususan, chegaraoldi hududda yashovchi aholining katta xursandchiligiga sabab bo‘lmoqda.

Konferensiyada so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari F.Qosimov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sh.Qo‘dratxo‘jayev, O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti A.Meliboyev, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligi direktori S.Suyarov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori o‘rinbosari J.Meliqulov, Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari M.Obidov va boshqalar mamlakatimizda matbuot va so‘z erkinligi borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ommaviy axborot vositalarining xalqlar do‘stligini mustahkamlashdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdilar.

– Bugungi konferensiyaning jurnalistlar uchun ahamiyati juda katta, – deydi “O‘sh sadosi” gazetasi bosh muharriri Sohiba Shokirova. – Tadbir nafaqat soha yangiliklaridan xabardor qilishga, balki o‘zaro tajriba almashishga imkon yaratayotgani e’tiborga molik. Umid qilamizki, konferensiya, o‘zaro hamkorligimiz kelgusida yana davom etadi.

– O‘zaro samimiy suhbat, erkin fikr almashishga asoslangan konferensiya qardoshlik rishtalarimiz mustahkam, urf-odatlarimiz o‘xshash ekanligidan dalolat beradi, – deydi Tojikistonning Sug‘d viloyati teleradiokompaniyasi direktori Munira Rahimzoda. – Tashkilotchilarga shunday imkoniyat yaratib berganliklari uchun minnatdorlik izhor qilamiz.

Konferensiya ishtirokchilari shu kuni Farg‘ona shahrida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA