Jurnalistlar “Asaka” bankning qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirishga oid loyihalari bilan tanishdi

2020-02-24T04:25:54+05:0024 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Mamlakatimizda dala ishlari bir zum bo‘lsa-da, tinmaydi. Ayniqsa, dalalarda erta bahordan boshlangan agrotexnik tadbirlar kech kuz faslida ham yer haydash, ekish, ekinlarga ishlov berish, hosilni yig‘ib-terib olish kabi ishlar bilan tizimli ravishda olib boradi. Shu bois, dehqon va fermerlar qishloq xo‘jaligi texnikalarini muntazam yangilashga intiladi. Maqsad ish samaradorligini oshirish, yuqori hosil olishdir.

Ma’lumki, qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish orqali iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlash, sohadagi islohotlarga yangi sur’at bag‘ishlash va tarmoqda rentabellikni oshirishga erishiladi.

Ushbu tashabbusni rivojlantirishga ko‘makdosh bo‘layotgan “Asaka” banki jurnalistlar uchun “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarga press-tur tashkil etdi. Unda OAV vakillari bank tomonidan moliyalashtirilayotgan “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ va “UzCLAASAgro” MChJning to‘liq ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan turli qishloq xo‘jaligi texnikalari, traktor, kombaynlarning imkoniyatlari xususida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ da amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Ayni paytda mazkur korxona ishlab chiqarayotgan texnikalar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Afg‘oniston, Pokiston, Ozarbayjon va Hindiston davlatlariga doimiy eksport qilinmoqda. Jumladan, Angliya, Germaniya, Amerika, Rossiya, Xitoy singari dunyoning yetakchi davlatlari bilan hamkorlik qiladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi: 3 ming 500 dona traktor, 2 ming 500 ta tirkama va 1 ming 500 paxta teradigan mashina bo‘lib, mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan.

“Asaka” banki tomonidan 2019 yil mobaynida “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJga paxta terish mashinalarini ishlab chiqarish uchun 10 million dollar miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, 746 dona traktorni (TD 5.110, T6070, U 62) ishlab chiqarishi uchun 30,5 million dollar va 2020 yil yanvar oyida yana 100 dona paxta terish mashinalarini ishlab chiqarishi uchun 8,3 million dollari miqdoridagi akkreditivlar moliyalashtirildi

– O‘tgan yilda korxonamiz tomonidan 11 turdagi 2 ming 659 dona texnika ishlab chiqarildi, – deydi “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ bosh direktori Muxriddin Boyquvatov. – Bunda mazkur bank bilan o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, tizim faoliyati yanada rivojlantirilib, ishlab chiqarish imkoniyati kengaydi. Korxonada traktorlar, tirkama va paxta terish mashinalari tayyorlash yangi sifat darajasiga ko‘tarilgan. Xususan, ishlab chiqarish liniyalari zamon talabi asosida texnologik jihatdan zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Qora va rangli metallarni payvandlash, qayta ishlash, shtamplash, traktor kabinalari yasash va boshqa turdagi ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish, bo‘yash liniyalarida jadal ish olib borilmoqda. Prezidentimizning 2019 yil 31 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Press-tur davomida jurnalistlar O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligida tashkil etilgan “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ushbu markaz Prezidentimizning 2017 yil 7 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligida mashinasozlik sohasi ilmiy-texnikaviy bazasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan. Ayni paytda bu yerda qishloq xo‘jaligi uchun muhim texnikalarni ishlab chiqarishda ilmiy-tadqiqotlar olib borish, tajriba-konstruktorlik ishlarini yuritish va texnologik loyihalashtirish kabi ishlar amalga oshirilmoqda. Markaz mutaxassislarining olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlari va sa’y-harakatlari tufayli o‘tgan vaqt davomida 20 dan ziyod milliy kashfiyotlar qilindi. Masalan, yangi yaratilgan, 110 ot kuchiga ega zamonaviy, milliy brendi “ZAMIN” rusumli traktor turli ko‘rgazmalarda ishtirok etdi. Hozir ushbu traktor sinov tajribalarida qatnashmoqda. Bundan tashqari, yosh mutaxassislar tomonidan barcha qulayliklarga ega traktor tirkamasi yaratilib, ishlab chiqarishga joriy etildi.

Jurnalistlarga ushbu markaz faoliyati, bu yerda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, yaratilayotgan sharoit haqida atroflicha ma’lumot berildi. Kelgusidagi loyihalar, hamkorlikda olib borilayotgan ilmiy-texnik izlanishlar samarasi aks ettirilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.

Shundan so‘ng “Uz Claas Agro” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasidagi ishlab chiqarish jarayoni ko‘zdan kechirildi.

Mazkur qo‘shma korxonasida 4 ta ishlab chiqarish quvvati mavjud bo‘lib, ular Germaniyaning “Claas Central Asia Investment” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan “Dominator 130” kombayni, “Arion 630” haydov traktori va tirkamalar shunday rusumdagi texnika vositalariga qaraganda unumdorligi bilan ajralib turadi. Barcha turdagi texnika vositalari zarur sertifikatlarga ega, xalqaro standartlarga mos.

– Joriy yil 19 martda ushbu korxona tashkil topganiga 10 yil to‘ladi, – deydi “Uz Claas Agro” MChJning marketing va savdo bo‘limi boshlig‘i Ahmad Mirsaidov. – Shu vaqt davomida bu yerda 1 ming 900 donadan ortiq g‘alla o‘rish kombaynlari, 2 ming 300 dan ortiq turli xildagi traktorlar va 700 ga yaqin chorvachilik uchun ozuqa tayyorlashda ishlatiladigan qishloq xo‘jalik texnikalari ishlab chiqarildi. 2020 yilda 700 dona turli xildagi qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bugungi kunda korxonamizda 250 ishchi-xodim ishlaydi. Ularga qulay sharoit yaratish va malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xodimlarimiz har yili Yevropaning nufuzli kompaniyalariga malaka oshirish uchun yuboriladi.

Bugungi kunda ishlab chiqarilgan texnikalarga servis xizmat ko‘rsatish maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida “Uz Claas Agro” MChJning markazlari tashkil qilingan. Servis markazlari negizida korxonada ishlab chiqarilgan texnikalarni sotish maqsadida mijozlarni topish uchun dillerlik markazlari tashkil qilingan. Dilerlar har bir hududning o‘zida yangi tashkil qilinayotgan qishloq xo‘jaligi klasterlari va dehqon xo‘jaliklari talablarini o‘rganmoqda. Kerakli qishloq xo‘jaligi texnikalariga shartnomalar tuzadi. Bu esa ularga yanada qulaylik yaratilganidan dalolatdir.

Ushbu sa’y-harakatlarni e’tiborga olgan holda 2019 yil yanvar oyida “Asaka” banki tomonidan “Uz Claas Agro” MChJ QKga qishloq xo‘jalik texnikalarni ishlab chiqarish uchun 40 million dollar miqdorida kredit mablag‘lari yo‘naltirilgan. Xususan, dekabr oyida 9,5 million yevro miqdoridagi akkreditivlar moliyalashtirildi.

Press-tur davomida mutaxassislar qo‘shma korxona tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, mahsulot turlari va korxonani rivojlantirish istiqbollari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Jurnalistlar mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.

Abdulaziz MUSAYeV, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA