Sehrli qalam sohibasi

2020-02-20T06:18:45+05:0020 February, 2020|Sirdaryo vil.|

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi mutaxassisi, yozuvchi Dilorom Ismadiyorovaning “Sirdaryocha to‘y qilamiz” nomli kitobi nashr etildi.

Adabiyot shunday bir sehrli dunyoki, unga kirgan kishining tafakkur gulshani yanada go‘zallashadi, borliqqa boshqacha yorug‘ nigohlar bilan qaraydi. Ijodkor olamni vujudi bilan, tuyg‘ulari bilan sevadi. Shu olamni munavvar etib turgan turfa taqdir egalari bilan bir havodan nafas olar ekan, har birining kechmishiga, kasbu koriga, o‘zidan keyin qoldirgan nurli izlariga teran nigoh bilan nazar tashlaydi. Kattami- kichikmi, yozgan asari bilan kimningdir xatosidan tegishli xulosa chiqarishga, shukronalik keltirishga undaydi. Muhimi, uning bitganlari ezgulikka, yaxshilikka, o‘zaro hamjihatlik ham mehru muhabbatga yo‘g‘rilgan bo‘lsagina kitobxonlar qalbidan joy oladi.

Sirdaryolik iste’dodli jurnalist, adiba Dilorom Ismadiyorovani ko‘pchilik yaxshi biladi. Uning zamondoshlarimiz hayotiga oid ajoyib lavhalari, ocherk va publitsistik maqolalari allaqachon muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Dilorom nasr janrida ijod qiladi. Uning hayotiy voqealarga asoslangan hikoyalari ko‘pchilikning nazariga tushgan. Ijodkor allaqachon adiba sifatida shakllanganiga qaramasdan ularni kitob holda chop ettirishga shoshilmadi. Yozganlarini takror-takror qayta ishlab, badiiy puxta shaklga keltirdi.

Ushbu to‘plamdan joy olgan “Ayolning dam olish kuni”, “Generalning singlisi”, “Suyunchitalab doyalar” hamda “Marziya enamning hikoyalari” turkumiga kirgan hayotiy hikoyalar o‘quvchini o‘ziga rom qiladi. Voqealar nihoyatda qiziqarli bo‘lib, birining ketidan ikkinchisini maroq bilan o‘qishga undaydi. Ayniqsa, “Erman, nima desam, derman”, “Bug‘doydan uch yosh kichiksan”, “Rayhon hidi”, kabi kichik hikoyalari, “Qaynonam o‘gitlari”, “Ustozni yod etib” kabi talaygina voqeiy bitiklari, “Unutilayozgan maqol va matallar”i o‘quvchida iliq taassurot qoldiradi. Jumladan, O‘zbekiston xalq shoiri, sirdaryoliklarning faxri To‘ra Sulaymon bilan bog‘liq totli xotiralar muallif tomonidan juda ta’sirli va chiroyli tasvirlangani bilan e’tiborlidir.

Inson qachonki ko‘nglida kimgadir aytar so‘zi bo‘lsagina, ichki tug‘yonlari uni tunu kun bezovta qilsagina oq qog‘ozga yuzlanadi, qo‘liga yaxshi umidlar ila qalam tutadi. Dilorom Ismadiyorova dilidagi dardu hasratlarini, o‘y-kechinmalarini, dilidagi yorug‘ xotiralarini, orzu- umidlarini muxlislari bilan baham ko‘rgisi kelgan baxtiyor qalam sohibalaridan. “Sirdaryocha to‘y qilamiz”. Asar nomi sirdaryoliklarning o‘ziga xos urf-odatlarini, milliy an’analarini boshqalarga o‘xshamagan sifatlarini anglatib turibdi.

Muallifni dastlabki kitobi bilan muborakbod etarkanmiz, kelgusida yangi-yangi ajoyib hikoyalar, qissa va romanlar bitishiga tilak bildiramiz. Yozganlaringni kimdir izlab, o‘qisa, kitobdagi voqealardan, asar qahramonlari qismatidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarsa, ijodkor uchun bundan ortiq baxt yo‘q. Dilorom Ismadiyorova iste’dodi va o‘tkir qalami bilan o‘z o‘quvchilarining muhabbatini qozona oladigan baxtiyor ijodkor ekanligiga ishonamiz.

Noriniso QOSIMOVA,

Bahor XOLBEKOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari.