O‘zbekistonlik jurnalistlar Qirg‘izistonda seminarda qatnashmoqda

2020-02-19T07:51:30+05:0019 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bishkek shahrida “Rossiya segodnya” xalqaro axborot agentligi tashabbusi bilan mahalliy va xorijiy jurnalistlar uchun seminar tashkil etildi.
“Sputnik” axborot agentligining ushbu mamlakatdagi multimediya matbuot markazida bo‘lib o‘tayotgan tadbir “SputnikPro” dasturi doirasida o‘tkazilmoqda. Unda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlari, jumladan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jurnalisti ham ishtirok etmoqda.

“SputnikPro” – “Rossiya segodnya” xalqaro axborot agentligining jurnalist, bloger, matbuot kotiblari va sohaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun seminar, ma’ruza va mahorat darslari ko‘rinishida tashkil etiladigan o‘ziga xos dasturdir.
Loyiha ishga tushgandan hozirgi kunga qadar MDHning qator mamlakatlari, shuningdek, Hindiston, Gretsiya, Xitoy kabi davlatlarda seminarlar tashkil etildi. 2018 yildan buyon ushbu mashg‘ulotlarda 80 ga yaqin mamlakatdan 3 mingdan ziyod tinglovchi ishtirok etdi.

Qirg‘iziston poytaxtida o‘tayotgan bu galgi seminar “Cheklangan mablag‘lar sharoitida sportga oid axborotni keng ko‘lamda yoritish” masalalariga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlar bilan boshlandi. Tadbirda “Rossiya segodnya” xalqaro axborot agentligi ijrochi direktori Vasiliy Konov va “r-Sport” tahririyati rahbari Aleksandr Kalmikov o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Erkin savol-javob tarzida kechgan mashg‘ulotda Olimpiada o‘yinlari, futbol bo‘yicha Jahon chempionati singari yirik sport musobaqalarini yoritishda kam kuch va mablag‘ sarflagan holda yuqori samaradorlikka erishish, voqealarni masofadan turib yoritish, sport federatsiyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘quvchilarni jalb qiladigan mavzu, materiallarni saralash kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

20 fevralga qadar davom etadigan tadbirning navbatdagi mashg‘uloti intervyu olish mahorati mavzusiga bag‘ishlanadi.

G‘ayrat XONNAZAROV,

Qirg‘iziston-Bishkek.