“Xorazm haqiqati” gazetasi 100 yoshda

2020-02-19T07:47:44+05:0019 February, 2020|Xorazm vil.|

“Xorazm haqiqati” gazetasi – nuroniylarning, mehnat faxriylarining sevimli gazetasi”

Ha, “Xorazm haqiqati” gazetasining dastlabki soni chop etilganligining 100 yilligiga bag‘ishlab, 12 fevral kuni viloyat Kengashlar uyida viloyat mehnat fahriylari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z olgan nuroniy otaxon va onaxonlar o‘zlarining dil so‘zlarini ana shunday izhor etdilar…

Uchrashuvda so‘z olganlar “Xorazm haqiqati” gazetasining o‘tgan yillarda va bugungi kunda ham chop etilayotgan har bir sonini katta qiziqish va e’tibor bilan o‘qib borayotganligi, gazetada yurtimizda amalga oshirilayotgan yaratuvchiliklar, bunyodkorliklar, barcha o‘zgarishlar keng yoritilayotganligini misollar orqali ko‘rsatib o‘tishdi.

“Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri v.b Soliyajon Rahimberganova gazetaning bosib o‘tgan shonli,sharafli yo‘li va bugungi kunda ijodiy jamoaning keng qirrali faoliyati, kelgusidagi ijodiy rejalariga atroflicha to‘xtaldi.

– Bu qutlug‘ sana nafaqat jurnalistlar, jamoatchi muxbirlar, ijodkorlar, balki butun Xorazm viloyati axlining ham o‘ziga xos to‘yi, bayrami, shodiyonasidir. Mazkur gazetaning 100 yil davomidagi chop qilingan sonlarini varaqlasangiz unda voha tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarining barcha qirralari izchil va keng yoritilganligining guvohi bo‘lasiz. Oddiygina misolni aytadigan bo‘lsak, Xorazmga dastlabki traktor, texnikalar qay tarzda kirib kelganligi, temir yo‘l, ko‘priklar qurilishi, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida xorazmliklarning kecha-yu kunduz fidokorona mehnat qilib, frontga oziq-ovqat, kiyim-kechaklarni muntazam yuborib, dushman ustidan G‘alaba qozonishga qo‘shgan hissasi va urushdan keyingi yillarda sanoat korxonalarining barpo etilishi, ilm-fan, madaniyat, adabiyot, san’at va boshqa jabhalardagi yangiliklar, voqealiklarni muntazam ravishda yoritib kelayotgan, mazkur gazeta – vohaning tarixiy solnomasidir.

Shuningdek, gazeta sahifalarida hayotda gohida uchrayotgan ayrim kamchilik va nuqsonlar, muammolar chuqur tanqid va tahlil qilinib, ularni tezkorlik bilan yechimini topish zarurligi to‘g‘risida hozirjavoblik bilan dolzarb mavzulardagi maqolalar tayyorlash hamisha viloyat gazetasi tahririyati xodimlarining diqqat markazida bo‘lgan.

Ayniqsa, mustaqillik yillarida “Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyati ijodiy xodimlarining ish uslubi, faoliyati yanada takomillashib, tinmay ijodiy izlanish va aholi fikr-mulohazalarini o‘rgangan holda maqolalar tayyorlash, ijod qilish faoliyat asosini tashkil qilmoqda. Gazeta sahifalarida shu kun, davr talabidan kelib chiqqan holda dolzarb mavzular asosiy o‘rinni egallaydi.

“Xorazm haqiqati” gazetasida Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan Farmonlar, qarorlar, dasturlar tezkorlik bilan chop etilmoqda. Shuningdek, mazkur muhim hujjatlarning viloyatimizdagi ijrosi yuzasidan olib borilayotgan keng miqyosdagi amaliy ishlar va ularning samaralari tahririyat xodimlari tomonidan tayyorlanayotgan maqolalarda o‘z ifodasini topmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Beshta muhim tashabbus” va uning samaralari, dasturlarning bajarilishi, obod qishloq va obod mahallalar, chiroy ochayotgan manzillar, chet el investitsiyalarining, istiqbolli loyihalarning ishlab chiqarishga keng joriy etilayotganligi, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, dalalarda, bog‘larda yetishtirilayotgan mo‘l-hosil, shirin-shakar mevalar, poliz mahsulotlari, usta dehqonlarning g‘ayrat-shijoati, bir so‘z bilan aytganda barcha sohalar gazetada rang-barang janrlarda chiroyli suratlar orqali eldoshlarimizga yetkazilmoqda.

Uchrashuv davomida faxriylar “Xorazm haqiqati” gazetasi ijodiy jamoasi o‘tgan 100 yil davomida viloyatimiz, Respublikamiz ommaviy axborot vositalari uchun malakali, tajribali, yuksak mahoratga ega bo‘lgan professional mutaxassislarni yetkazib berishda hayot va tajriba maktabi bo‘lib kelayotganligini mamnunlik bilan qayd etishdi.

Haqiqatan ham ushbu nufuzli otaxon gazeta tahririyatida faoliyat yuritgan juda ko‘plagan yoshlar bugungi kunda boshqa ommaviy axborot vositalarida ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar qutlug‘ to‘yini nishonlayotgan “Xorazm haqiqati” gazetasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan ustoz jurnalistlardan Egam Rahimov, Erkin Samandarov, Otamurod Avazmurodov, Karim Qurbonov, Rustam Iskandarov, Arslon Otajonov, Sulton Nodirmatov, Ne’mat Solayev, Amin Niyozmetov, Ullibibi Otayeva, Soliyajon Rahimberganova, Ollabergan Rajabov, Feruza Tangriberganova va boshqa juda ko‘plab o‘z sohasining yetuk ustalarini, fidoyi insonlar nomini hurmat bilan tilga olishdi. Bugungi kunda tahririyat ijodiy xodimlari ustozlari boshlagan an’anani munosib davom ettirib, o‘z vazifasini sadoqat bilan bajarayotganligini ayni kunda chop etilayotgan gazetaning tahlamlarini qo‘lga olib misollar orqali ko‘rsatib berishdi.

Gazetachilikdek qiyin, sermashaqqat, ammo sharafli, mas’uliyatli kasbni e’zozlab kelayotgan jamoa safiga keyingi yillarda iqtidorli yosh jurnalistlar kirib kelayotganligi quvonarlidir. Jumladan, ayni paytda O‘g‘iljon Rahimova, Sevara Ro‘zmetova, Otaxon Nafullayev singari yoshlar o‘zlarining dolzarb mavzudagi maqolalari bilan mushtariylar e’tiborini qozonmoqda.

Viloyat hokimligi o‘z nashri bo‘lgan “Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyati ijodiy jamoasini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab, hamkorlikda samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ayni paytda ayrim bosma nashrlarda, gazetalar hayotida qiyin, murakkab davr davom etayotgan bir paytda, “Xorazm haqiqati” gazetasi 8000 ming nusxada chop qilinmoqda.

– Ijodiy jamoa bundan keyin ham o‘z gazetxonlariga yanada o‘qimishli, ta’sirchan, turli mavzularda maqolalarni tayyorlab, havola etishni o‘zining burchi va vazifasi deb hisoblaydi. Yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida olib borilayotgan ulkan islohotlarni, o‘zgarishlarni, zamondoshlarimizning fidoyiliklarini yanada keng yoritishda jamoa g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilaveradi, – deya qayd etdi o‘z so‘zida S.Rahimberganova.

Uchrashuv davomida “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da tahririyat ijodiy jamoasining rejalari, tahririyat huzuridagi mahorat maktabining faoliyati hamda yosh jurnalistlarning tajriba va malakasini oshirish borasida tashkil etilayotgan amaliy ishlarga to‘xtalindi.

Tadbirda “Xorazm haqiqati” gazetasida 50-70 yildan buyon o‘zining maqolalari bilan faol qatnashib kelayotgan keksa jamoatchi muxbirlardan bir guruhi tahriyatning faxriy yorlig‘i hamda sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, “Xorazm haqiqati” gazetasining ilk soni chop etilganligining 100 yilligi munosabati bilan “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat Kengashi tahririyatda uzoq yillar faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh ijodiy xodimlarga faxriy yorliq va sovg‘alar topshirdi.

“Xorazm haqiqati” gazetasining ilk soni chop etilganligining 100 yilligi munosabati bilan gazetxonlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari viloyatimiz ta’lim muassasalarida, mehnat jamoalarida, fermer xo‘jaliklarida va aholi istiqomat joylarida davom etmoqda.

Otaxon RAHIM.