Boburga ehtirom

2020-02-18T06:34:41+05:0018 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yillik sanasi Andijonda har qachongidan keng va ko‘tarinki ruhda nishonlandi.

Buyuk bobomiz nomi bilan ataluvchi bayramona bezatilgan maydonga nafaqat olim va ziyolilar, adabiyot ixlosmandlari, balki har bir soha vakillaridan iborat minglab andijonliklar to‘plandi. Uzoq va yaqin mamlakatlardan tashrif buyurgan boburshunoslar, davlat va siyosat namoyandalari qadam ranjida qildilar.

Viloyatimiz san’at ustalari ijrosidagi mumtoz qo‘shiqlar va Bobur siymosini gavdalantirgan sahna ko‘rinishi bayram debochasi bo‘ldi.

Anjumanni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tabrik so‘zi bilan ochdi. Jahon tamaddunida o‘chmas iz qoldirgan buyuk siymo bugungi kunda ham millatlarni, davlatlarni birlashtirib kelayotgani alohida e’tirof etildi. Bu nafaqat ilm-ma’rifat bobida, balki Andijon va Gujarat shtati hamkorligida ham o‘z aksini topayotgani e’tirof etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Ozarbayjonlik olim Ramiz Asker, qozog‘istonlik boburshunos Islom Jemeney, afg‘onistonlik olim Azizullo Arrol o‘z chiqishlarida Mirzo Boburning tarixda tutgan o‘rni va ahamiyatiga to‘xtaldilar. Bobur ijodidan keltirilgan namunalar ommaviylik kasb etib, andijonliklar ehtiromining ifodasi bo‘ldi.

Shundan so‘ng Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondida xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Fond raisi Zokirjon Mashrabov 2019 yilda amalga oshirilgan faoliyat va joriy yil rejalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Shoir va tarjimon Mirzo Kenjabek Boburning to‘la asarlari to‘plamini nashrga tayyorlash xususida so‘z yuritdi. Taniqli olim Vahob Rahmonov Bobur ensiklopediyasining uchinchi, shuningdek, ingliz va rus tillaridagi nusxalarini chop etishga oid tayyorgarlik haqida gapirdi. Bir qator olim va adabiyotshunoslarning ma’ruzalari tinglandi. Ma’ruzalar yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi, taklif va mulohazalar biolirildi.

AQSh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Hindistondan tashrif buyurgan boburshunoslar tomonidan nashr etilgan Bobur va boburiylarga oid kitoblar fond muzeyi uchun taqdim etildi.

Afg‘onistonlik boburshunos Abdulla Runiy, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Omina Tojiboyeva hamda professor Ibrohimjon Asqarovga

fond tomonidan ta’sis etgan xalqaro mukofot topshirildi. Shuningdek, professor Hamidulla Boltaboyev, professor Mahmud Hasaniy, taniqli adib Nurali Qobul, olima Dilorom Yormatovalarga fondning taqdirlov yorliqlari taqdim etildi.

“-Bobur o‘ta noyob shaxs bo‘lgan. Aytish mumkinki, u zotga Amir Temurdan sarkardalik san’ati, Mirzo Ulug‘bekdan olimlik xislati, Navoiydan shoirlik fazilati ilohiy yo‘l bilan o‘tgan. Bunday shaxslar ming yilda bir marta dunyoga keladi. Mana besh asrki Bobur dunyo ahlini lol qoldirib kelmoqda” –dedi Ozarbayjondan kelgan adib Ramiz Asker

-Afg‘onistondan kelgan Azizulla Arrol esa “-O‘zbekiston avliyolar yurti. Boburdek buyuk shaxning shu zamindan yetishib chiqqani bejiz emas. Qobul Bobur bog‘i ila nom qozongan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ulkan zakovat sohibini nafaqat bugun, balki har onda yod etishimiz zarur” deya ta’kidladi.

Said Naqi Abbos, Bobur fondining Hindistondagi bo‘limi rahbari:

-O‘tgan bir yil davomida Rampur Razo kutubxonasidan O‘zbekistonga oid mingta qo‘lyozma asar va kitoblarni topishga muvaffaq bo‘ldim. Ularning ro‘yxatini tuzib, bugun o‘zim bilan olib keldim. Bu faqat fors tilidagi manbalardir. Kutubxonamizda xali arab, urdu va boshqa tillardagi adabiyotlar borki, ulardan, albatta, sizning diyoringiz, buyuk allomalaringizga oid ma’lumotlarni izlab topish mumkin.

Ilmiy anjuman g‘azalxonlik kechasiga ulanib ketdi.