Oʼzbek jurnalistikasi antologiyasi yaratiladi

2020-02-15T10:40:41+05:0015 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Milliy matbuot markazida Oʼzbekiston jurnalistikasining rivojlanish tarixi va bugungi taraqqiyotiga oid antologiyani yaratish masalalariga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda milliy jurnalistika sohasining taniqli olimlari, tadqiqotchilari va jurnalistlar ishtirok etdi.

Yigʼilishni Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Saʼdulla Hakimov ochib, keyingi yillarda jurnalistika sohasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgani, bu borada keng qamrovli ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.

– Oʼzbek jurnalistikasi kecha paydo boʼlgani yoʼq va u sermazmun, biz gʼururlansak arziydigan tarixga ega, dedi u.- Bu tarixni tadqiq etish, har bir davrning eng yaxshi asarlarini kelgusi avlodlarga yetkazish bizning burchimiz. Toʼgʼri, jurnalistika boʼyicha koʼp kitoblar chop etildi,darslik va qoʼllanmalar yaratildi. Bularni eʼtirof etgan holda, shu vaqtga qadar Oʼzbek jurnalistikasi antologiyasi yaratilmaganini ham tan olish lozim, deb aytdi u.

Yigʼilishda antologiyani yaratish bilan bogʼliq masalalar muhokama qilindi, olim va mutaxassislar oʼrtasida oʼzaro fikr almashuvlar boʼlib oʼtdi. Jurnalistika tarixi davrlari boʼyicha guruhlar va ularning rahbarlari tayinlanib, amalga oshirilishi lozim boʼlgan vazifalar belgilab olindi.

Аntologiya avval elektron shaklda tayyorlanadi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi saytiga joylashtiriladi. Keyin esa uning asosida kitob shaklida chop etiladi.

Аntologiya soha xodimlari, mutaxassislar, jurnalist-kadrlar tayyorlovchi oliy oʼquv yurtlari va keng oʼquvchilar ommasiga moʼljallanadi.