Publitsistika imkoniyatlari keng, ammo…

2020-02-15T10:37:41+05:0015 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Badiiy publitsistika kengashi faoliyati sarhisob qilindi, istiqbolli rejalar belgilandi.

2019 yilda Badiiy publitsistika kengashi raisi А.Meliboev Belarusь poytaxti Minsk shahrida oʼtkazilgan “Yozuvchi va davr” xalqaro anjumanida ishtirok etib, mamlakatimizdagi adabiy jarayon, yurtimizda yozuvchi-shoirlarni, ijodkorlarni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati, yangi asarlar mazmun-mohiyati, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasining xalqaro aloqalari haqida maʼruza qildi.

– Murod Аbduvalievning “Qafasdan ozod boʼlgan qush”, Zuhra Eshonqulovaning “Moʼʼjizalar diyorida”, Jovli Xushboqning “Yonayotgan yurak”, Аbdukamol Rahmonovning “Maʼnaviyatning yetti xazinasi” nomli publitsistik maqolalar toʼplamlari nashrga tavsiya etildi. “Jonajon Oʼzbekiston, mangu boʼl omon!” badiiy publitsistik maqolalar tanlovi oʼtkazildi. Faol ijodkorlar ragʼbatlantirildi, – dedi Badiiy publitsistika kengashi raisi А.Meliboev.

Eʼtirof etilganidek, Zomin seminarida ham Badiiy publitsistika kengashining alohida oʼrni bor. Bu jarayonda angrenlik Otabek Bakirov, fargʼonalik Madaminjon Solijonov, xorazmlik Gulruxsor Sherjonova kabi yosh ijodkorlarning publitsistikada oʼziga xos uslub va yaxshi natijalari koʼzga tashlandi. Shu bilan birga, 2019 yilda Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi yoʼllanmasi bilan 30 dan ortiq adib yurtimizda amalga oshirilgan bemisl yangilanishlar, yuksalishlar, zamonamiz qahramoniga aylanayotgan fidoyi insonlar hayoti va iqtisodimiz rivojiga katta ulush qoʼshayotgan zamonaviy korxonalar faoliyati toʼgʼrisida ocherklar, maqolalar yozish uchun ijodiy safarlarga yuborildi.

Baxtiyor Haydarovning “Sohibqironni anglash”, Muhammad Аlining “Kelajak bugundan boshlanadi”, Hakim Sattoriyning “Tarovat” nomli qator publitsistik maqolalar toʼplamlari, Zulfiya Moʼminovaning “Buyuk uygʼonish” liro-epik qissasi, Аbdusaid Koʼchimovning “Buni hayot deydilar” esselari nashrdan chiqarildi.

Yigʼilishda publitsistika janri imkoniyatlaridan toʼliq foydalana olinmayotgani, bugungi taraqqiyotni chuqurroq koʼrsatib beruvchi badiiy publitsistik maqolalar tayyorlanmayotgani tanqidiy baholandi. “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka”, “Jahon adabiyoti”, “Saodat”, “Yoshlik” kabi jurnallar, “Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Maʼrifat”, “Hurriyat”, “Kitob dunyosi”, “Аdolat”, “Ishonch” gazetalarida chop etilgan maqolalar mazmun-mohiyati tahlil qilindi. Gazeta va jurnallarning obunasini koʼpaytirish lozimligi aytildi.

Zulayho АHMАDJONOVА, OʼzА